Har bir kuni quvonchga to‘la

– Nazokatxonni siz kutyapsizmi? – so‘radi uchinchi qavat derazasidan mo‘ralagan hamshira qiz. Ha, degandek bosh irg‘adi pastda turgan yigit unga javoban va xavotiromuz so‘radi:

– Nima bo‘ldi?

– E-e ukajon, suyunchi! Suyunchini ko‘proq berasiz endi. Ham o‘g‘il, ham qiz – egizaklar tug‘ildi! – dedi hamshira.

Yosh otaning chehrasida quvonch barq urdi va farzand bergani uchun Yaratganga shukrona aytdi.

Bunday quvonchli voqealar ginekolog-shifokor Darmonjon opa Xo‘jayevaning ish faoliyatida juda ko‘p bo‘lgan.

– Ona bo‘lish ayol uchun oliy baxt. Bu ishga ozmi, ko‘pmi, o‘z hissamizni qo‘shish esa taqdirning ulkan inoyatidir, – deya o‘z kasbidan faxrlanadi Darmonjon opa. – Ona har jihatdan sog‘lom farzandni dunyoga keltirishi uchun o‘z vaqtida dam olishi, vitaminlarga boy taomlar iste’mol qilishi, sog‘lom turmush tarziga rioya etishi, shu bilan birga, oila a’zolarining e’tiborida bo‘lmog‘i lozim. Bunday paytda turmush o‘rtog‘i hamda qaynonalarning o‘rni muhim. Ana shundagina tug‘ilajak farzand to‘rt muchasi salomat dunyoga keladi.

U faoliyati davomida barvaqt homiladorlikning oldini olish borasida ham ayollardan kerakli maslahatlarini ayamaydi. Ayniqsa, skrining tekshiruvlarining ahamiyati muhim ekanligini alohida ta’kidlaydi.

– Bunday tekshiruvlar natijasida chaqaloqlarda uchraydigan tug‘ma nogironlik, onalarda kamqonlikning oldini olishga erishmoqdamiz. Tez-tez tibbiy ko‘rikka kelib, shifokorlar bilan maslahatlashadigan fuqarolarning safi yildan-yilga kengayib borayotgani aholi o‘rtasida tibbiy madaniyatning yuksalayotganligidan dalolatdir, – deydi qahramonimiz.

Afsuski, Darmonjon opa Xo‘jayevaning ish-faoliyatida ba’zida ko‘ngilsiz voqealar ham uchrab turadi. Bunday noxush hodisalarning asl sabablarini shifokor ba’zi ayollar hali farzandi bir yoshga yetmasidan, organizmi o‘zini to‘liq tiklamasidan homiladorlikni ixtiyor etayotgani bilan izohlaydi. Ikkinchi bor ona bo‘lish uchun ayol organizmi to‘liq kuchga to‘lishi, birinchi farzandi ona sutidan bahramand bo‘lib, sog‘lom voyaga yetishi lozim. Buning uchun tug‘ruq oralig‘i kamida uch yilni tashkil etishi lozim.

Shifokor opamiz ayollar salomatligi borasida so‘z yuritar ekan, undagi fidoyilik va bilimga chanqoqlik ota meros ekanligini ta’kidlaydi. Darmonjon opaning padari buzrukvori Xo‘jaboy ota o‘z zamonasining bilimli kishilaridan edi. Onasi Robiyajon ona ham to‘rt nafar o‘g‘il, ikki nafar qiz farzandni oq yuvib, oq tarab, birovdan kam qilmasdan voyaga yetkazdi.

Yana o‘qing:  RO‘YI ZAMIN SAYQALI SAMARQANDGA SAYOHAT

U 1967 yili Andijon davlat tibbiyot institutiga o‘qishga kirdi. Talabalikning oltin davrida o‘zi qiziqqan sohani mukammal egallash uchun barcha imkoniyatlardan unumli foydalandi. Nihoyat Darmonjon Xo‘jayeva 1973 yilda o‘qishni bitirib, Xivadagi hozirgi tibbiyot kollejida ish faoliyatini boshladi. Ustozlaridan olgan bilim va ko‘nikmalari uning malakali shifokor-ginekolog bo‘lib yetishishiga zamin yaratdi.

Talabalik davrida bo‘lajak oftalmolog Shokirjon Rahimov bilan bo‘lgan ilk tanishuv mustahkam nikoh rishtasi bilan bog‘landi. Bir-biridan aqlli to‘rt nafar o‘g‘il-qizning ota-onasi bo‘lishdi. Darmonjon opa farzandlarining go‘dakligida ham tug‘ruqxonada kechki navbatchilikda tunni saharga ulab, mehnat qildi.

Shokirjon aka va Darmonjon opa o‘z kasbi yo‘lida mehnat qilish bilan birga, oiladagi ota-onalik burchini ham munosib ado etishdi. Oqil farzandlar bugungi kunda ularga munosib, yurt koriga yaraydigan insonlar bo‘lib voyaga yetdilar.

 U qirq yildan ziyod vaqt mobaynida Xiva tumanidagi tug‘ruqxonada o‘z mehnati, tajribasi bilan insonlarga quvonch ulashdi. Turmush o‘rtog‘i bilan birgalikda umri davomida qo‘ni-qo‘shni, mahalladoshlaridan o‘z yordamini ayamadi. Doim dardmandlar dardiga malham bo‘lib yashadi. Shu bois, ular barchaning hurmat-e’tiboriga sazovor bo‘ldi.

 Hayotning kutilmagan achchiq qismati inson sabrini sinaydi. Shokirjon akaning kutilmaganda bu yorug‘ dunyoni tark etgani Darmonjon opaga yana bir sinov bo‘ldi. Lekin irodali, mehnatsevar ayol g‘amni yengib o‘tishga, odamlarga yaxshilik qilish, mehr ulashishga o‘zida kuch topa oldi. U bugungi kunda ham o‘zi sevgan kasbida sidqidildan mehnat qilib, sog‘lom farzandlarning dunyoga kelishida kamarbasta bo‘lmoqda.

 

Muhabbat XO‘JAMURODOVA,

Xorazm viloyati

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: