RO‘YI ZAMIN SAYQALI SAMARQANDGA SAYOHAT

Azal-azaldan o‘zining bolajonligi bilan ulug‘lanib kelinayotgan o‘zbek xalqining qon-qoniga singib ketgan saxovat, mehr-oqibat, ezgulik, insoniylik kabi fazilatlar hamisha dunyo ahlini lol qoldirib kelgan. O‘zaro hamjihatlik va birlikni qadrlagan elning qadri baland bo‘ladi. Shundanda bu yurtda qut-baraka, ezgulik, ulug‘vorlik hukmron.

Ana shu mehr-oqibat tuyg‘ulari “Mehribonlik” uylari, maxsus maktab-internatlarda, “SOS – bolalar shaharchalari”da tarbiyalanayotgan bolajonlarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikda ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Bugungi kunda mehrga tashna o‘ksik ko‘ngillarning boshini silab, ularning hech kimdan kam bo‘lmasligi yo‘lida amalga oshirilayotgan ezgu ishlarning ko‘lami keng.

Joriy yilning 25 mart kuni Toshkent shahridagi 22, 23,30-sonli “Mehribonlik” uylaridagi 50 nafar tarbiyalanuvchilarning qadimiy va hamisha navqiron Samarqand shahriga sayohati tashkil etildi.

Bolajonlarning bahorgi ta’til vaqtida dam olishlarini mazmunli va qiziqarli tashkil etish maqsadida “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” tomonidan tashkil etilgan mazkur sayohatdan ko‘zlangan maqsad yosh avlod qalbida ona Vatanga bo‘lgan mehr-muhabbat tuyg‘ularini shakllantirish, ularni har tomonlama komil inson bo‘lib voyaga yetishini ta’minlashdan iborat. Milliy qadriyatlarimiz, tarixiy boy merosimiz va urf-odatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalashga beqiyos hissa qo‘shayotgan keksa avlod vakillari bilan shaharning tarixiy qadamjolarida “Keksalar – yosh avlod e’zozida” mavzusida sayohatlar uyushtirish belgilangan.

Sahar sepini yoyib chor-atrof qushlarning ajib sayrog‘iga quloq tutgan mahal azim Toshkentdan go‘zal Samarqand sari yo‘lga tushgan tezyurar poezd bolajonlarning shodligiga monand go‘yo qanot bog‘lab uchardi. Yo‘l bo‘yi ko‘rkam binolar, qir-adirlar, yam-yashil maysalar, ko‘zni quvontiruvchi dala gullari ortda qolib ko‘zlangan manzilga yetib keldik. Dastlab tarbiyalanuvchilarni Samarqand temir yo‘l vokzalida “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi viloyat mintaqaviy filiali direktori Rahima Rahmonova, Samarqand shahar Temiryo‘l hududiy nuroniylar kengashi raisi Georgiy Gazarov, Samarqand shahar “Nuroniy” jamg‘armasi Ayollar qanoti raisi Gulbahor Husainova, jamg‘arma faollari Hanifa Ergasheva, Ismatilla Bahriev, Gulruh Yusupovalar kutib olishdi. So‘ngra bolajonlar temiryo‘l vokzali yonidagi so‘lim bog‘da Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat faxriylarining qiziqarli hikoyalarini tinglashdi. Tarbiyalanuvchilar o‘zlariga ajratilgan maxsus avtoulovlarda Viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari kuzatuvida safarni davom ettirishdi.

Яна ўқинг:  Китоб ўқиган одам

Sayohat dasturiga ko‘ra tarbiyalanuvchilar qadimiy va navqiron Samarqandning diqqatga sazovor joylari, tarixiy obidalari bilan yaqindan tanishdilar.

QUM USTIDAGI ShAHAR

Samarqand “Buyuk ipak yo‘li”dagi tabarruk shahar. Qadimda bu yurtga kelgan savdogarlar uning o‘ziga xos tabiati, sof havosi, zilol suvlari haqida faxr bilan so‘zlashgan. Mazkur shaharda xaridorgir bo‘lgan samarqand qog‘ozi hali-hanuz e’zozlanib kelinadi. Chunki, Xitoy qog‘ozining faqat yuza qismiga yozish mumkin bo‘lgani holda Samarqand qog‘ozining old va orqa tarafiga ham bemalol yozish mumkin bo‘lgan. Nafaqat qog‘oz savdosi, balki hunarmandchilik, qishloq xo‘jaligi, sanoat mahsulotlari bilan ham savdo-sotiq ishlarini amalga oshirgan savdogarlar albatta, bu elning mehmondo‘stligidan mamnun bo‘lishgan, – deya sayohatni qiziqarli bo‘lishiga hissa qo‘shayotgan yo‘lboshlovchi Shomurod Ro‘zimurodovning so‘zlarini tinglayotgan bolajonlar bu qadimiy shahar haqida yanada ko‘proq ma’lumot olishga intiladi.

Cho‘ponota tog‘iga tutash tarixiy obidalar tarbiyalanuvchilarda katta taassurot uyg‘otdi. “Qumlik joy” yoki “Qum ustidagi shahar” ma’nosini anglatuvchi Registon maqbarasini tomosha qilayotgan yosh sayyohlar bu tarixiy obidaning XV-XVII asrlarda bunyod etilganini bilib olishdi. Registon maydonida hukmdorlarning farmonlari o‘qib eshittirilgan, turli tantanali tadbirlar va bayramlar o‘tkazilgan. Shuningdek, bolajonlar 20 yildan ortiqroq vaqt davomida qurilgan “Sherdor”, yulduzlar aksi ko‘chgan “Tillakori” madrasalarining boy tarixi bilan ham yaqindan tanishdilar. Mirzo Ulug‘bek, Abdurahmon Jomiy, Ali Qushchi kabi buyuk allomalarning bu yerdagi madrasalarda tolibi ilmlarga saboq berganlari haqida boy ma’lumotga ega bo‘lishdi.

ZUMRAD KO‘ZLI UZUK

Oq, pushti, to‘q binafsha rangda ochilib yam-yashil maysalarning chiroyiga-chiroy qo‘shib ular orasida xuddi uzukka qo‘yilgan zumrad ko‘z misol yashnab turgan nastarinlar “Ulug‘bek yodgorlik muzeyi” majmuasiga yanada ko‘rk bag‘ishlab turardi. Ayniqsa, o‘ziga xos astronomiya maktabi yaratgan buyuk alloma Mirzo Ulug‘bek Observatoriyasi haqidagi ma’lumotlar tarbiyalanuvchilarni qiziqtirib qo‘ydi. Silindr shaklida qurilib, 11 metr chuqurlikda joylashgan mazkur Observatoriyada Ulug‘bek bobomizning yulduzlar ilmiga oid to‘plagan boy ma’lumoti dunyo xazinasiga qo‘shilgan munosib javohirdir. O‘z zamonasidayoq ushbu noyob ma’lumotlar dehqonchilikda keng foydalanilgan. Qay vaqtda ekin ekilib, qaysi paytda hosil yig‘ib olinishi ilmiy asosda aniq va to‘g‘ri belgilangan. Shuningdek, tunda yo‘lga chiqqan karvonning yulduzlar joylashuviga qarab yo‘l topishi ham osonlashgan.

Яна ўқинг:  Китобхон оилалар беллашуви

Sohibqiron Amir Temurning sevimli nabirasi Mirzo Ulug‘bekning Samarqandga hukmronlik qilgan davrlarida shaharni yuksaltirish yo‘lidagi olib borgan ishlari haqidagi hikoyalarni bolajonlar jon qulog‘i bilan tinglashdi. Ular majmuaning har bir ustun, har bir g‘ishtiga o‘zgacha mehr bilan boqar ekan, buyuk bobolarimizning noyob iste’dodiga, qoldirgan boy tarixiy merosiga lol qolishdi.

MeHROBLI UY

Eramizdan avvalgi VII asrning ikkinchi yarmiga mansub “Mehrobli uy” lavhasi aks etgan Afrosiyob muzeyidagi suratni tomosha qilgan tarbiyalanuvchilar go‘yo ertaklar olamiga kirib qolgandek bo‘lishdi. Muzeyning namxush havosi har bir eksponatning g‘oyat nafislik bilan joylashtirilgani bu yerda o‘z kasbining ustalari mehnat qilishidan dalolat berib turardi. Turli davrlarga mos qurilish ashyolari, dehqonchilik anjomlari, ustachilik asboblari, qadimiy pech va boshqa uy-ro‘zg‘or buyumlarining barcha-barchasi o‘tmishdan so‘zlab turardi.

Qadim ajdodarimizning kulolchilik ishlari, 2500 yildan buyon o‘z ko‘rkini yo‘qotmagan xumcha, kumush, mis idish-tovoqlar, qadimiy tangalar, turli rasmlarni tomosha qilgan bolajonlar muzeydan bir olam taassurotlar bilan qaytishdi.

“QIZ GILAM”

Qalampirnusxa bezaklar bilan ishlov berilgan qadimiy gilam “Qizgilam” deb atalar ekan. Ushbu gilam qancha qalin to‘qilgan bo‘lsa sovchilar uning ijodkoriga shuncha ko‘p qalin puli to‘lab, kelin qilishar ekan. Ana shu noyob hunarmandchilik namunasi saqlanayotgan O‘zbekiston Madaniyati tarixi davlat muzeyi nafaqat Samarqandning kecha va bugunidan balki, yurtimizning boshqa viloyatlari tarixidan ham so‘zlab turardi. Toshkentlik chevarlarning tikkan palagi, qadim Xorazm liboslari, buxorolik zardo‘zlarning qubbali do‘ppilari, Namanganning serjilo atlasi, Qashqadaryo gilamlari barcha-barchasi ajdodlarimizning yuksak didu mahoratidan darak berib turardi. XIX asrga mansub Buxoro dastsho‘yi, jom kosa shuningdek, sopol idishlar, qurol-yarog‘lar, rang-barang matolar bolalarni yana bir bor qadim o‘tmish sayohatiga chorladi.

Ular muzeyda saqlanayotgan qadim qadriyatlarimiz ildizi bo‘lmish kashtachilik, chilangarlik va ustachilikning noyob durdonalari bilan yaqindan tanishdilar.

Yuz yillik so‘zanalardagi anor gullari serfarzandlik , chamandek ochilgan gullar hayot go‘zalligi, g‘unchalar yoshlik ramzi bo‘lib, ipak ip va tabiiy tolali qatimlarga tabiiy bo‘yoqda ishlov berilgani bois so‘zanalar hali– hanuz o‘z husnini yo‘qotmagan. Shuningdek, mashhur sopolsoz ustalar yasagan buyumlar muzeyning faxriga aylangan.

TAASSUROTLAR BIR OLAM

Яна ўқинг:  Меҳру муҳаббат – ҳаётий шиори

Maksim Terentev, Toshkent shahridagi 23-”Mehribonlik” uyi tarbiyalanuvchisi: “Samarqand shahridagi tarixiy obidalarning go‘zalligi va ular haqidagi hikoyalar menda katta taassurot qoldirdi. Ayniqsa, Registon maydoni, “Sherdor”, “Tillakori” madrasalari bezaklari menga juda manzur bo‘ldi”.

Ikror Odilov, 6 sinf o‘quvchisi 23-”Mehribonlik uyi” tarbiyalanuvchisi: “Sayohatdan olgan taassurotlarim haqida sinfdosh do‘stlarimga so‘zlab beraman. Shuning uchun Samarqand shahridagi tarixiy obidalar haqidagi rivoyat va afsonalarni, hikoyalarni, joylarning nomlanish tarixini mukammal yozib oldim. Chunki, bu qadimiy shahar yodgorliklari menda katta qiziqish uyg‘otdi.

– Diana Yaranova, 30 –”Mehribonlik uyi” tarbiyalanuvchisi: “Ushbu sayohat davomida menga Samarqand muzeylarida saqlanayotgan turli-tuman kashtalar, so‘zanalar, zamin do‘zi va zardo‘zi do‘ppilar juda yoqdi. Ularning rasmini chizib oldim. Gullarini dugonalarim bilan hamjihatlikda tikib ko‘rmoqchiman. Chunki, muassasamizdagi “Mohir qo‘llar” to‘garagida bichish-tikish, kashtachilik uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan.

– Damir Yevenkov, 8-sinf o‘quvchisi:”Matematika, geometriya, geografiya fanlariga qiziqaman. “Tillakori” madrasasiga borganimizda u yerda geometrik o‘lchamlar bilan aniq o‘lchamlarda olingan minbar, simmetrik shaklda qurilgan devorlarning serjilo jozibasidan hayratga tushdim. Sayohatdan qaytgach o‘z taassurotlarimni rasmlarda aks ettirmoqchiman.

Sayohat dasturi yakunlanib bir olam taassurotlar bilan Toshkentga qaytgan bolajonlar “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi tomonidan yaratilgan bunday imkoniyatdan cheksiz minnatdor ekanliklarini izhor etishdi.

Darhaqiqat, qadim ajdodlarimizning bizga qoldirgan tarixiy boy merosini ko‘z qorachig‘idek asrab kelgusi avlodlarga bus-butun yetkazish barchamizning muqaddas burchimiz. Bugun qadim va navqiron Samarqandning har bir obidasi qarshisida cheksiz hayratga tushgan bolajon ertaga o‘zi ham xuddi shunday mo‘’jizaviy inshootlar yaratsa ne ajab. Bir so‘z bilan aytganda ona Vatan nafaqat uyimiz ostonasidan balki qalbimizdan yuragimizning tub-tubidan boshlanadi. Bas shunday ekan shu yurtga, shu elga, uning yuksak taraqqiyoti va rivojiga, kelajagimizning munosib vorislari bo‘lmish yoshlarimizga aslo ko‘z tegmasin.

Jamila HAYDAROVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri,

Toshkent-Samarqand-Toshkent

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: