Ertak eshitib ulg‘aygan bola undan aslo yomonlik chiqmaydi

Bolaligida ertak eshitmagan, uning sirli voqealaridan hayratga tushmagan inson bo‘lmasa kerak. Ayniqsa, “Ur, to‘qmoq!”, “Zumrad va Qimmat”, “Bo‘g‘irsoq” kabi ko‘pgina ertaklar ruhimizga ma’naviy ozuqa bo‘lgani aniq.

Go‘dak ulg‘aya borgani sari uning cho‘pchak­larga bo‘lgan qiziqishi ortib boraveradi. Hikoyat-u rivoyatlar orqali farzandlarning aql-idroki, xotira va nutqi yaxshi rivojlanadi. Bundan tashqari masal yoki rivoyatlar tinglagan bolaning so‘z boyligi ortib, uning fikrlash va tasavvuri kengayadi. Matalchining nutq ohangi esa boladagi his-tuyg‘ularning ijobiy rivojlanishiga ta’sir etadi. Unda oilasi, ota-onasi va atrofdagilarga nisbatan samimiy munosabatda bo‘lish hamda mehr tuyg‘usi shakllanadi.

Ertak nima uchun kerak?

Azal-azaldan ota-bobolarimiz farzandlariga ertaklar aytib, ularni katta qilishgan. Mutolaa esa kichkintoylarni bilimga, kitobga bo‘lgan qiziqishlarini uyg‘otgan.

Ertak aytayotganingizda shirintoyingizga hech e’tibor qilganmisiz? Ular yaxshilik bilan tugaydigan hikoyatlarni tinglashni xush ko‘radilar. Farzandingiz ertakni xotirjam eshitadi va uni yodlab olishga harakat qiladi. Shuning uchun matalni bola tilida gapirishga harakat qiling.

Ertaklar tasavvurni shakllantiradi

Bola qahramonlar timsolida o‘zini ko‘radi. Shuningdek, u go‘yoki voqealarda bevosita qatnashadi. O‘zida esa ijobiy qahramonni shakllantira boshlaydi. Natijada kichkintoylardagi tasavvur qilish qobiliyati rivojlanadi. Bu esa muhim fazilat – ijodiy fikrlashning asosi hisoblanadi. Farzandingizda his-tuyg‘ularning ortib borayotganini anglaysiz. Ular har doim o‘zi sevgan ertakni aytib berishingizni xohlaydi va undan bir olam zavq oladi.

Diqqatni oshiradi

Kichkintoyning xotirasini tekshirish uchun siz yaxshi ko‘rgan ertakni bir gal boshqacha tarzda ayting. U voqealar rivojini to‘g‘rilashga harakat qiladi. Qolaversa, farzandingiz ertakning davomini sizga aytib berishi ham mumkin. Shu orqali ularda o‘zidan matal to‘qish san’ati ham rivojlanadi. O‘g‘il-qizlaringizning fikrlash qobiliyatini ko‘rib, mehnatingiz samarasi zoye ketmaganini his etasiz. Ularga ertak aytib, aslo xato qilmabsiz. Bu esa sizning yutug‘ingiz!

Kitobning foydali xususiyatlari

Kichik yoshidan farzandingizda o‘qishga bo‘lgan mehrni uyg‘oting. Endi unga ko‘proq qiziqarli ertak kitoblar olib berishga harakat qiling. Ular kitobni o‘qiganida qahramonlarning hayoti,  voqea-hodisalarni yodda saqlashga harakat qiladi. Mutolaa paytida bolaning butun fikr-u xayoli ertak qahramoniga yo‘naltiriladi va uning so‘z boyligini oshiradi. Bir kunda yigirma daqiqa kitob o‘qish yoki eshitish fikrni jamlashga foyda beradi. Shunday ekan har doim bolangizga vaqt ajratishga harakat qiling. Kitob orqali uning bilimini oshirishga yordamlashing. Shuni unutmangki, foydali va qiziqarli hikoya va rivoyatlarni o‘qish bola ruhiyati va aqliy faoliyatini rivojlantiradi. 

Yana o‘qing:  TIL O‘RGANISHNING SODDA USULLARI

Ayrim onalar farzandlarini dakki berib uxlatishadi. Siz hech qachon bunday qilmang. Chunki farzandingiz hayotda tarbiyali va komil inson bo‘lib yetishi uchun uning kichik yoshidanoq harakat qilishingiz kerakligini his eting. Ularni jizzaki va qo‘rqoq bo‘lib voyaga yetishidan asrang. Kichkintoylarda bolaligi haqida beg‘ubor taassurotlar qoldirishga harakat qiling. Kelajakda esa uning natijasini sizga qilgan chiroyli muomalasi va  ko‘rsatgan mehridan anglab yetasiz. Shunday ekan aziz ota-onalar, doimo bolajoningizga ertak aytib uxlatishni  o‘zingizga odat qiling.

Gulmira IMOMOVA,

Navoiy viloyati

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: