Emiliya Vashetko: “Toshbaqa qizil kitobga kiritiladi”

Yaqin kunlarda O‘zbekiston Qizil kitobiga yana bir jonivor turi, oddiy dasht toshbaqasi kiritiladi. Bugungi kunda respublikamizda toshbaqlarning yo‘qolib ketishi xavfi ostida qolayotganligi xususida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining o‘simlik va hayvonot dunyosi genofondi institutining katta ilmiy xodimi, biologiya fanlari nomzodi Emiliya Viktorovna Vashetko bilan suhbatlashdik.

 

Emiliya Viktorovna, dasht toshbaqasi O‘zbekistonning deyarli barcha hududlarida uchrashi hech kimga sir emas. Yurtimizda istiqomat qiladigan toshbaqalar boshqalaridan nimasi bilan farq qiladi?

– O‘rta Osiyo toshbaqasi yoki dasht toshbaqasi quruqlikda yashaydigan turga kiradi. Asosan Rossiyaning janubiy-sharqiy qismi, Ozarbayjon, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Turmaniston, Shimoliy-sharqiy Eron, Afg‘oniston, Shimoliy Pokiston, Shimoliy-g‘arbiy Xitoy hududlarida keng tarqalgan. O‘zbekistonda dasht toshbaqasi asosan yarim cho‘l, dasht, taqir tuproqli hududlar, qir yonbag‘irlarida istiqomat qiladi. Tog‘li hududlarda dengiz sathidan 1150 metr balandlikkacha uchraydi. O‘zbekistonda bir gektar maydonga 1,5 dona toshbaqa to‘g‘ri keladi. Jonivorlarning eng zich yashaydigan hududlari Navoiy viloyatining Tomditog‘ va Yetimtog‘ hududlari bo‘lib, bu yerda 1 gektarda 11 tagacha toshbaqa uchraydi. Ustuyurt platosida toshbaqalar ancha kam. Eng ko‘p toshbaqa Shaxpaxta bulog‘i hududida uchraydi.

Dasht toshbaqasining kosasi uncha katta bo‘lmagan, yumaloq, sariq-jigarrang tusda. Ularning xalqalariga qarab, toshbaqa yovvoyi tabiat qo‘ynida o‘sganmi yoki tutqinlikda, aniqlasa bo‘ladi. Chunki tabiat qo‘ynida yashagan toshbaqalar kosasidagi xalqalarning orasi keng, tutqunlikdagisiniki tor bo‘ladi. Toshbaqaning uzunligi odatda 15-20 sm. bo‘lib, moda toshbaqa nardan ancha kattadir. O‘rta Osiyo toshbaqasining oldingi oyoqlarida 4 ta barmoqlari, orqa oyoqlarida esa o‘simtalar bor. Toshbaqalar umri davomida o‘sadi va jinsiy yetuklikka 10 yilda etishadi. Toshbaqalarning ko‘payishi uchun bir xil yoshdagi jonivorlar zarur. Agarda toshbaqaning dumi uzunroq va kengroq bo‘lsa u erkak, qisqa va yapaloq bo‘lsa urg‘ochi bo‘ladi. Toshbaqalar fevraldan avgust oyigacha ko‘payishadi. Moda toshbaqa 2 tadan 6 tagacha tuxum qo‘yadi. Inkubatsiya 28-30°S haroratda 60-65 kun davom etadi. Havo sovuqroq bo‘lsa tuxumlardan erkak, issiqroq bo‘lsa urg‘ochi toshbaqalar yorib chiqadi.

Toshbaqalar yurtimiz ekotizimida qanday o‘rin tutadi?

– Tabiatda toshbaqalarning o‘ziga xos o‘rni bor. Ular boshqa jonivorlar singari oziq zanjirining muhim bo‘g‘inidan biridir. Uning inson hayotidagi o‘rnini esa qadimdan kuzatish mumkin. Odamlar toshbaqalarning go‘shtini iste’mol qilib, kosasidan uy-ro‘zg‘or buyumlarini yasashgan. Toshbaqalar eng qadimgi jonivorlardan biridir. Ular ikki million yil ilgari paydo bo‘lib, hozirgacha tashqi ko‘rinish deyarli o‘zarmagan. Ilk paydo bo‘lgan davrlarda Yer yuzida 20 dan ortiq turi yashagan bo‘lsa, hozir sayyoramizda toshbaqaning 14 ta turi mavjud. O‘rta Osiyo toshbaqasi tabiatda dasht o‘simliklari, mevalar, sabzavot va poliz ekinlari bilan oziqlanishadi. Ular yakka hoda yashab, faqatgina qo‘shilish uchun o‘zlariga yor izlashadi.

Yana o‘qing:  Texnika doimiy nazoratni talab etadi

Barcha umurtqali hayvonlar ichida toshbaqalar eng ko‘p umr ko‘rishadi. Masalan Ayvata laqabli gigant toshbaqa 150 yil, Kiki esa 146 yil umr ko‘rganligi qayd etilgan. Madagaskar orolida istiqomat qilgan Tui laqabli toshbaqaning yoshi esa 188 yoshga yetgan.

Respublikamiz shaharlarining “qush bozorlari”da qoplarda turli hajmda ko‘plab toshbaqalarning sotilayotganini ko‘rish mumkin. Bu jonivorlar populyasiyasiga ta’sir ko‘rsatmaydimi?

– O‘zbekistonda dasht toshbaqasi eksport qilishga ruxsat etilgan jonivorlardan biri hisoblanadi. Toshbaqalarni AQSH, Yevropa, Yaponiyaning zoodo‘konlari hamda restoranlari xarid qilishadi. Aytish joizki, ma’lum kattalikdagi jonivorlar tutilib eksportga olib chiqiladi, inlaridagi tuxumlar yig‘ib ketiladi. Asosan Navoiy, Jizzax, Samarqand, Buxoro, Qashqadaryo viloyatlari hududlaridagi ko‘plab toshbaqalar terib ketilmoqda. Markaziy Osiyoning boshqa respublikalarida toshbaqalar soni keskin kamaygani sababli Qozog‘iston 2003, Tojikiston 2009–yildan ularning eksportini taqiqlangan. O‘zbekistonda esa bu jarayon hanuz davom etmoqda. Masalan, 2000-yilda 3500 ta toshbaqa tashqariga olib chiqib ketilgan bo‘lsa, 2015-yilda ularning soni 50 mingtaga yetdi. Shuningdek, pitomniklarda o‘stiriladigan toshbaqalar eksporti esa 2003-yilda 5 mingta, 2015-yilda 45 ming donani tashkil etdi. Eng yomoni, yuqorida qayd etilganidek, ma’lum kichikrok hajmdagi toshbaqalar eksportga yo‘naltiriladi. Erkak toshbaqalarning hajmi urg‘ochisinikidan kichikroq bo‘lganligi sababli, qonuniy va noqonuniy savdo to‘riga aynan ular tushadi. Oqibatda faqatgina urg‘ochi toshbaqalarning qolishi ularning keskin kamayiga sabab bo‘ldi. “Qush bozorlari”da tabiat qo‘ynidan noqonuniy terib kelinib sotayotgan “tijoratchi”larga ham keskin choralar ko‘rish vaqti yetdi. Chunki jonivorlarning ko‘pchiligi yosh bolalar ovunchog‘iga aylanib, noto‘g‘ri boqilishi oqibatida halok bo‘ladi.

Ayni paytda O‘rta Osiyo toshbaqasini O‘zbekiston Qizil kitobiga zudlik bilan kiritib, uning eksportini taqiqlash, toshbaqalarni yashash hududlari brakonerlardan muhofaza qilish zarur. Buning uchun hozir harakat qilmoqdamiz. Shuningdek, jonivor Yovvoyi fauna va flora turlari bilan xalqaro savdo to‘g‘risidagi Konvensiyaning ikkinchi ilovasiga va xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqining Qizil ro‘yxatiga yo‘qolib borayotgan hayvon turi sifatida kiritilgan.

 

Nargis QOSIMOVA suhbatlashdi.

 

uznature.uz

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: