BOYSUNNING BAXTIYOR FARZANDI

U Boysunda tug‘ilgani bilan faxrlanadi. Zilol buloqlari, sharqiragan shalolalari haqida g‘ururlanib so‘zlaydi. Boysunning purviqor tog‘lariga iftixor bilan boqadi.

– Cho‘lbayr tog‘i bilan Saramas tog‘lari orasidagi Darband darasi orqali Navoiy bobo Hirotdan Samarqandga qatnagan. Darband daryosining o‘ng tomondagi Cho‘lbayr tog‘i bag‘ridagi bayroq qadalgan qabrda avliyo Xo‘jaimayxona halovat topganlar. Bu yerlar Najmiddin Kubro hazratlarining poyqadami tekkan muqaddas dargoh. Darbandning loyqa suvlariga qo‘shilgisi kelmay ko‘pirib, toshdan toshga urilayotgan shaffof buloq ming dardga davo. Buloqda 10-15 kg li baliqlar suzib yuradi. Ular asosan tunda oy yorug‘ida buloq yuzasiga chiqadi. Tilsim aslida bularning hammasi. Boya ko‘rganimiz Yonarbuloqni shu yerlik Saloh bobo kashf qilgan. Bobo 80 yoshdan oshgan bo‘lsa ham juda chayir, uncha-buncha yoshlar jur’at qilaolmaydigan cho‘qqilarga bemalol xassasiz chiqib ketaveradi. Boysunning har qarich yeri mo‘jiza. Kofirun qishlog‘ida Alpomish ko‘targan tosh bor. Bu toshni ko‘ngli oq, iymonli polvongina ko‘tara olar emish. Bobolarning aytishicha, bundan 100 yil avval polvontoshni boysunlik Mamadalipolvon ko‘targan ekan. Boysunning tog‘u daralarida nafaqat ming dardga shifo buloqlar oqadi, balki ming bir darga davo dorivor giyohlar ham o‘sadi. Uning havosi ham shifobaxsh. Qayroq qishlog‘ida Qarshi bekligining zindoni bor. Ana shu joyning havosi har qanday tomoq og‘rig‘iga davo emish…

Men Boysun shahridagi 1-maktabning oliy toifali o‘qituvchisi, iqtidorli jurnalist Ochil aka Toshqulovning hayajonli hikoyalarini tinglar ekanman, shu kichik jussaga vataniga bo‘lgan Boysun tog‘laridek ulkan muhabbatni qanday sig‘dirdi ekan-a, deb o‘ylab qolaman. U bu muhabbatni nafaqat gapiradi, balki tarixini o‘rganib, asoslab maqola, badiiy asar qilib qog‘ozga tushiradi. Yozganlarini butun mamlakat ahli qiziqish bilan o‘qiydi. Ko‘nglida shu joylarga kelish, bu mo‘jizalarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rish niyati tug‘iladi. Asosiysi, bu maqola, lavha, hikoya o‘quvchini ona tabiatga, atrof-muhitga bir boshqacha mehr ko‘zi bilan qaraydigan qiladi. O‘qituvchilikdek mashaqqatli kasbdan vaqt orttirib, bunday qiziqarli narsalar yozish esa oson emas. Unga yurt tabiatiga bo‘lgan mehr kuch-quvvat beradi. “Uzoq umr ko‘rishni istagan inson tabiatni sevishi, uni asrashi kerak. Tabiat bilan do‘stlashgan kishi hech qachon kasalga chalinmaydi. Chunki, tabiatga mehr bergan so‘lim bog‘lar, xush havo tog‘lar qo‘ynida dam olishni istagan odam ana shu yashillikka hissa qo‘shish uchun daraxt ekadi, gul-giyohlarni nes-nobud bo‘lishini oldini oladi. Yer yuzida 4 milliard gektar o‘rmon mavjud. O‘zbekistonda kishi boshiga 0, 1 gektar o‘rmon to‘g‘ri keladi. O‘rmonlarni kengaytirish esa o‘z qo‘limizda. Imkoniyat bor, faqat xohish kerak xolos, – deydi Ochil aka.

Yana o‘qing:  Murabbiylarimdan cheksiz minnatdorman

Domla, umringiz tog‘lar orasida o‘tgani uchun ham tog‘larni yaxshi ko‘rsangiz kerak-da, – deyman suhbatni ulash uchun.

– Juda ham unchalik emas. Biz yashaydigan qishloq tog‘dan bir muncha olis. Ammo bolaligimizda mana shu tog‘larga kelib, qishga o‘tin g‘amlardik. U paytda tog‘ning har bir qarich yeri o‘rmonzor edi. Vaqti kelib o‘rmonlar ham kamayishi mumkin degan o‘y xayolimizga ham kelgan emas. Qishlog‘imizning suruv-suruv qo‘y-qo‘zilari bahordan to kech kuzgacha tog‘larda boqilardi. Tog‘ bizga beminnat rizq-ro‘z bergan.

Asli kasbi o‘qituvchi bo‘lgan Ochil akaning tabiatga bo‘lgan mehri qo‘liga qalam tutqazdi, ilhomlantirdi. U dunyoga Alpomishi bilan mashhur bo‘lgan Boysun mo‘jizalarini kuylashga ahd qildi. Qishloqma qishloq yurib ular tarixini, tabiatini, dov-daraxtlar, giyohlar xosiyatini o‘rganish uchun yuzlab kishilar bilan suhbatlashdi, kechalari uxlamay qalin kitoblarni titdi. Baxshilar dostonlarini o‘rgandi. “Boysun o‘qilmagan tarix. Ulkan tog‘lari bag‘rida nafaqat qazilma boyliklar, balki ma’naviyatimizga, qadriyatimizga guvoh bo‘luvchi ajoyib sir-sinoatlarni ham yashirgan ochiq osmon ostidagi betakror – muzey”, deydi Ochil aka.

Boysun tabiati, tarixi ma’naviy merosi, kamyob va shifobaxsh o‘simliklari haqida yig‘gan manbaalari asosida “Boysun mo‘jizalari” kitobini, “Hislar tug‘yoni”, “Suv tegirmoni”, “Ari qusti korizi”, “Qoq beli”, “Tebranadigan archa” kabi maqolalar o‘quvchilar e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Yuqorida aytganimizdek Ochil aka qishloqma-qishloq kezishdan charchamaydi. Ushbu safarlar chog‘ida tabiat bilan tillashadigan bilimdonlar, o‘simliklarga qarab yer osti suvini, qayerdan quduq qazishni biladigan noyob hislatli kishilarni kashf qildi.

Padang qishlog‘i tog‘ etaklarida ajoyib xislatli joy bor. Biz uni shartli ravishda “magnit maydoni” deb ataymiz. Ana shu yerda suv quysangiz odatdagidan teskari suv tepaga oqadi. Avtomobilingizni o‘chirib yo‘lga qo‘ysangiz, pastlikdan tepalikka shitob bilan yurib ketadi. Gumatak qishlog‘ida dinozavr izlarini topishgan. Ijodkor o‘qituvchining tarixiy va ilmiy ahamiyatga molik “Teshiktosh”, “Gulmatakdagi dinozavr izlari”, “Hikmatli davo toshlari”, “Tog‘dagi sirli hodisa”, “Tosh qotgan ajdarho”, “Amir Temurga boshpana bo‘lgan maskan” kabi maqolalari ana shunday kuzatuvlar va tajribalar mahsuli. Ma’naviy merosimiz, noyob va shifobaxsh o‘simliklar dunyosi, sirli tabiat mo‘jizalarini chiroyli va badiiy ifodalay olgan Ochil Toshqulov “Antik dunyo” xalqaro akademiyasining professor unvoniga sazovor bo‘lgan.

Yana o‘qing:  TARVUZDAN AJOYIB YOZGI TORT

Agar odam oilasidan tinch bo‘lmasa, yonida uni tushunadigan, qo‘llab-quvvatlaydigan do‘stlari bo‘lmasa hech qachon katta ishlar qilaolmaydi. O‘zidagi iste’dod va salohiyatni yuzaga chiqara olmaydi. Ochil akaning bu borada omadi chopgan. Rafiqasi, hamkasb do‘sti Qurbonoy opa turmush o‘rtog‘ining ijod qilishi uchun zarur sharoitlarni yaratadi. Uni ro‘zg‘or tashvishlaridan ozod qiladi. O‘g‘illari Husniddin, Zayniddin, qizlari Zilola va Shohidalar dadalarining birinchi talabchan o‘quvchilari bo‘lishgan. Endilikda bir hovli nabiralar bobolariga ilhom bag‘ishlasa, oyog‘idan o‘t chaqnagan kelinlari Irodaxon, Gulshanoylar qaynotalari xizmatiga hamisha shay. Domlaning birorta hikoya yoki maqolasi yo‘qki, kelinposhshalar o‘qib g‘ururlanmagan bo‘lsa.

– Domla Toshqulov, bizning birinchi o‘qituvchimiz, – deydi Boysun tuman Xalq ta’limi bo‘limi ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari Dilorom Odinayeva, – sinfimizdagi 17 o‘quvchining hammasi maktabni oltin va kumush medallarga bitirishgan. Domlamiz nafaqat tabiatni, o‘z kasbini ham juda sevadi. Har bir bolani har tomonlama bilimli bo‘lishi uchun o‘z mahorat va tajribasini ayamaydi.

– “Omonxona”da ajinalar izlari tushgan xarsang, tish og‘rig‘iga davo bo‘luvchi sirli tosh bor. Ana shular haqida yozishni o‘ylab yuribman. Bular haqida odamlar bilsa, yurtimiz bag‘ridagi mo‘jizalardan xabardor bo‘lsa yaxshi-da, – deydi domla jilmayib.

Tog‘lar juda tepada bo‘lsa, charchab qolmaysizmi? – deyman ataylab.

– Shunday xushhavo, so‘lim vohada yashagan odam charchaydimi? Bu zamindan cheksiz saxovat, muruvvat ko‘rayotgan ekanmiz, bunga loyiq javob berishimiz, Boysunning bilimdon bolalarini kamol toptirishimiz, uning bag‘ridagi g‘aroyibotlarni yechishimiz kerak-ku, – dedi domla sal qizishib.

Biz “Ketmonchopdi”, “Omonxona”, “Sir-sinoatli toshlar”, “Hayot chashmalari” kabi esse, maqolalar turkumi ustida ish olib borayotgan tajribali ustoz, serg‘ayrat ijodkor Ochil aka Toshqulovga xayrli ishlarida omad tiladik.

Muhabbat HAMIDOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: