Atrofimizdagi mikrodunyo

Mikroblar haqida so‘z ketganda biz asosan salbiy narsani ko‘z oldimizga keltiramiz. Ammo, mikroblar olamini o‘rgangan olimlar unda nafaqat og‘ir kasalliklarga olib keladigan xavfli “dushman”larni, balki, bizga noma’lum bo‘lgan “do‘st”larni ham aniqlashdi.

Mikroblar sabab paydo bo‘ladigan kasalliklar azaldan odamlar izidan keladi. Masalan, 3500 yil oldin qadimgi Misrda qurilgan ehromning bir bo‘lagida chizilgan Misr imperatori yordamchisining rasmida poliomiyelitning belgilari yaqqol namoyon bo‘lgan. Bizgacha yetib kelgan o‘rta asr manbalarida infeksiyalarning odamlar orasida yoppasiga tarqalishi haqida ma’lumotlar keltirilgan.

Albatta, o‘sha davrlarda ko‘p kasalliklarni zarrachaday mikroblar keltirib chiqarishini hech kim bilmagan. Masalan, “malyariya” – bezgak so‘zi italyancha “iflos havo” degan ma’noni bildiradi. Odamlar o‘rta asrlarda butun shaharlarni quritadigan o‘lat epidemiyasini jodugarlarning ishi deb bilishgan. Ichak infeksiyasining epidemiyasi ham xuddi shu “sabablar” bilan tushuntirilgan. Aslida ham shundaymikan? Mikroblar o‘zi nima?

Tabobat ilmi sultoni, buyuk olim Abu Ali ibn Sino yuqumli kasalliklarni ko‘zga ko‘rinmaydigan tirik mavjudotlar qo‘zg‘atishi hamda bular suv va havo orqali tarqalishi borasida fikr yuritgan. Shunday qilib birinchi bo‘lib, alloma mikroorganizmlar va ularning dunyosi haqida axborot beradi hamda mikrobiologiyaning rivojlanishida birinchi bosqich hisoblangan mikroorganizmlar bo‘limining vujudga kelishiga asos soladi.

Mikroorganizmlar 3,5-3,8 mlrd. yil avval sayyoramizda paydo bo‘lgan tirik mavjudotlarning dastlabki vakillaridir. Mikroorganizmlarning paydo bo‘lishi va evolyusiya muammosi juda murakkab. Ayrimlar ularni birlamchi tirik mavjudotlar deb atasalar, boshqalar ulardan avvalgi organizmlarning nohujayraviy shakllari (arxeobiont, fotobiont, probiont va boshqalar) bo‘lganligini tasdiqlaydilar.

VII asrda A.Levenguk tomonidan juda mayda tirik mavjudotlar kashf qilinganidan keyin o‘tgan ikki asr davomida ularni hayvon va o‘simliklardan ajratuvchi ko‘plab ma’lumotlar to‘plandi. Bu esa 1866 yilda E.Kekkelga suv o‘simliklarini, zamburug‘lar, sodda hayvon va bakteriyalarni mustaqil birlamchi mavjudotlar olamiga ajratish imkonini berdi.

Mikroblar barcha joyda mavjud. Misol uchun, 1 gramm tuproqda 1 milliondan ko‘p har xil mikroorganizmlar bor. Inson og‘iz hujayralarida esa 40 ming bakteriyalar mavjud ekan.

Mikroorganizmlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar qancha ko‘p bo‘lsa, ularni ma’lum taksonga kiritish shuncha aniq bo‘ladi. Bakteriyalarning morfologiyasi, biokimyosini zamonaviy usullar yordamida o‘rganish yangi ma’lumotlar beradi va ularga asoslanib yanada mukammalashtirish mumkin bo‘ladi.

Yana o‘qing:  Qadriga yetgan quvvatga to‘lar

Hozirgi ma’lumotlar bo‘yicha bakteriyalar turi quyidagi xossalari bo‘yicha aniqlanadi:

– kelib chiqishi umumiy;

– muayyan yashash muhitiga moslashgan;

– moddalar almashinuvi va tur orasidagi munosabatlari o‘xshash;

– irsiy apparati va fiziologik belgilari o‘zaro yaqin bo‘lgan populyasiyalar yig‘indisi.

Mikroorganizmlar genetikasi va seleksiyasining rivojlanishi bilan ma’lum tur guruhining elementar evolyusiya birligi – populyasiya tushunchasi joriy qilingan. Klon – bir mikrob hujayrasining ko‘payishidan hosil bo‘ladigan hujayralar yig‘indisi. Shtamm – odam va hayvon organizmi hamda tashqi muhitdan ajratib olingan bir turdagi bakteriyalar.

Bakteriyalar, asosan, bir hujayrali, xlorofilsiz mikroorganizmlar bo‘lib, biologik hususiyatlariga ko‘ra prokaroitlarga mansub, ular tabiatda keng tarqalgan va atroflicha o‘rganilgan. Bakteriyalar kattaligi mikrometr (mkm) bilan o‘lchanadi, o‘rtacha 0,1-0,15 mkm.dan (mikoplazma) 3-500 mkm gacha (spiroxetalar) bo‘lishi mumkin. Bakteriyalarning patogen turlari juda ko‘p va ular kattaligi 0,2-20 mkm atrofida.

Bakteriyalarning kattaligi, shakli va hususiyatlari atrof-muhit sharoitiga qarab o‘zgaradi. Ammo ma’lum sharoitda, mikroblar evolyusiyasi natijasida orttirgan xossalari, morfologiyasi uzoq vaqt saqlanib qolishi mumkin.

Bakteriyalar shakliga ko‘ra ular uchta asosiy guruhga bo‘linadi:

– sharsimon (kokklar);

– tayoqchasimon (bakteriyalar, batsillalar, klostridiyalar);

– egilgan, spiralsimon (vibrionlar, spiroxetalar).

Kokklar: yumaloq, sharsimon yoki ellips va loviyaga o‘xshash bo‘lishi ham mumkin. Kokklar joylashishiga, ko‘payishiga va biologik xususiyatlariga ko‘ra bir necha xilga mikrokkok, diplokokk, streptokokk, tetrakokk, sarsinalar va stafilokkoklarga bo‘linadi.

Mikrokokklar yakka-yakka, tartibsiz joylashadi, juft-juft joylashgan kokklar diplokokklar deb ataladi.

Kokklar bo‘linganidan keyin bir-biridan ajralib ketmay, zanjircha hosil qilsa, streptokokklar deyiladi. Biri-biriga tik ikki tekislikda bo‘linib to‘rtta kokk hosil qilganlari tetrakokk deb ataladi.

Kokklarning tabiatimizda juda ko‘p uchraydigani stafilokokklardir. Ular bir necha tekislikda bo‘linish xususiyatiga ega. Diplokokk, streptokokk va stafilokokklar orasida odam va hayvonlar uchun patogen, ya’ni kasallik paydo qiladigan turlari mavjud.

Tayoqchasimon bakteriyalar silindr shaklida, yakka-yakka (monobakteriyalar), juft-juft (diplobakteriyalar) yoki zanjirsimon (streptobakteriyalar) ko‘rinishda bo‘ladi.

Bakteriyalarga spora hosil qilmaydigan tayoqchasimon mikroorganizmlar (ichak, bo‘g‘ma va sil tayoqchalari) va spora hosil qiluvchi tayoqchasimonlar – batsilla (kuydirgi qo‘zg‘atuvchisi) va klostridiyalar (qoqshol, botulizm, gazli gangrena (qorason) qo‘zg‘atuvchilari kiradi.

Yana o‘qing:  Limon mevasining ajoyib xususiyatlari

Shakli va kattaligiga qarab tayoqchasimon bakteriyalar kalta (tulyaremiya tayoqchasi) yoki o‘tkir bo‘lishi mumkin. Bakteriyalarning burama shakllilari ham bor. Bular bitta o‘ramli vibrionlar va 2-3 o‘ramli spirillalarga ajratiladi.

Vibrionlar yarim oysimon yoki vergulga o‘xshash bo‘ladi. Patogen vibrionlarga vabo qo‘zg‘atuvchisi misol bo‘la oladi. Vibrionlar ariq, ko‘lmak suvlarida ko‘p uchraydi. Hujayra uchida bitta xivchini joylashganligi tufayli ular juda harakatchan hisoblanadi. Spirillalar buramali bakteriyalar bo‘lib, iflos va tashlandiq suvlarda yashaydi. Ularning aksariyati zararsiz, lekin bir turi – Spirillum minus odamda kalamush tishlaganda yuqadigan sodoku kasalligini qo‘zg‘atadi.

Ma’lum bir tur bakteriyalar atrof-muhit sharoiti ta’sirida nafaqat ichki xususiyatlarini, balki shakli va kattaligini ham o‘zgartirishi mumkin. Shuning uchun mikroblar polimorf, ya’ni ko‘p shaklli bo‘ladi. Bir mikrob kulturasidagi hujayralar issiqlik, kislotalar, tuzlar, dezinfeksiyalovchi moddalar ta’sirida o‘z shaklini o‘zgartirishi mumkin.

Uylarimizdagi televizor pultlari va eshik tutqichlari shuningdek avtobusning ichidagi maxsus ushlagichlar ham mikroblarning o‘chog‘i hisoblanadi. Vaziyatni nazoratga olishning yagona va eng zo‘r usuli – shaxsiy gigiyena qoidalariga har doim rioya qilishda!

Huseyn KOMILOV,

Olesya MAQSUDXONOVA,

Fuqaro muhofazasi institutining o‘qituvchilari

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: