Sport: nafosat va joziba

Nafis, go‘zal harakatlar uyg‘unligini mujassam qiluvchi, qizlarning nafaqat yurish-turishi, qomatining chiroyli bo‘lishiga, qolaversa, estetik didi shakllanishiga yordam beruvchi sport turlaridan biri badiiy gimnastikadir. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, sog‘lom avlod – sog‘lom nasl deganidir. Sportni o‘ziga do‘st bilgan yoshlarimiz muntazam ravishda mashg‘ulotlarga qatnashni kanda qilmaydi. Ayniqsa, yozgi ta’tilda bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida gimnastika to‘garaklariga borayotgan qizaloqlarning safi tobora kengaymoqda.

Yurtimizda sportning qizlarga mos badiiy gimnastika, sinxron suzish, tennis, stol tennisi, yengil atletika kabi turlarini jadal rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Mamlakatimizning turli hududlarida faoliyat ko‘rsatayotgan 600 dan ortiq sport to‘garaklarining o‘zida 10 ming nafardan ziyod qiz malakali murabbiylar qo‘l ostida badiiy gimnastika bilan muntazam shug‘ullanmoqda.

Poytaxtimizning Mirobod tumanida joylashgan 14-sonli gimnastika maktabida, malakali murabbiya Anna SERGEYEVNA murabbiyligida yigirma nafardan ziyod qizaloq badiiy gimanastika sir-asrorlarini o‘rganmoqda.

– Ushbu sport turi bilan qizlar uch-besh yoshidan boshlab shug‘ullanishlari mumkin, – deydi murabbiya. – Chunki bu yoshda bolalar gimnastika uchun zarur hatti-harakatlarni oson o‘zlashtiradi. Badiiy gimnastikaning boshqa sport yo‘nalishlaridan ajralib turadigan jihati ham shunda. Bu sport turi bilan shug‘ullangan qizlarda kuchli iroda, epchillik, harakatchanlik sezilib turadi.

Darhaqiqat, sportning bu turi o‘sib kelayotgan avlodning garmonik rivojlanishiga hissa qo‘shadi, ular qaddi-qomatining tekis, to‘g‘ri o‘sishiga, muskullarining rivojlanishiga katta yordam beradi. Qizlarni qat’iy kun tartibini buzmaslikka, vaqtida to‘g‘ri ovqatlanishga o‘rgatadi. Go‘zallik, nafislik, sog‘liqni tiklash, musiqiylik, didni tarbiyalash, ijodiy barkamollikni kamol toptirish, ana shularning hammasi badiiy gimnastikada jamlangan.

Mashg‘ulotlar zalini kuzatar ekansiz, shug‘ullanayotgan bolalar uchun barcha qulayliklar yaratilganiga guvoh bo‘lasiz. Gimnastika gilami, tasma, halqa, arg‘amchi, to‘p va yana shu kabi zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan. Qizlarning epchilligi, harakatlarni mahorat bilan ijro etayotgani, yuz-ko‘zlarida o‘ziga bo‘lgan ishonch va qat’iyatni ko‘rib “ofarin” deysiz. Endigina to‘qqiz yoshni qarshi olgan Sevara Rizayeva tengdoshlaridan ancha ildamlagan. Yosh bo‘lishiga qaramay, mamlakatimizda o‘tkazilgan ko‘plab musobaqalarda faxrli o‘rinlarni egallagan. Ustozining aytishicha, Sevara ilk bor mashg‘ulotlar zaliga kelganida ko‘zlarida qo‘rquv bo‘lgan. Sekin-astalik bilan irodasi toblanib, qunt bilan mashq qilishga odatlangan. Musobaqalarda qatnashish orqali qat’iyatlik, maqsad sari dadil intilish kabi xususiyatlari shakllangan.

Яна ўқинг:  Устоз – келажак ижодкори

– Televizor orqali gimnastikachi qizlarni ko‘rib sportga qiziqishim ortdi, – deydi Sevara. – Buni dadamga aytganimda, ular hursand bo‘lib meni gimnastika maktabiga olib keldi. Mashqlar biroz qiyin bo‘lsa-da, qiziqishim va orzularim hayoli bilan bu mushkulotni yengganman. Ko‘plab musobaqalarda ishtirok etyapman, faxrli o‘rinlarni egallab, do‘stlarim, ota-onam yonida o‘zimga bo‘lgan ishonchim ortmoqda.

Badiiy gimnastika katta sport. Uning cho‘qissini zabt etish mening orzuim. Buning o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bor, ammo hech bir narsaga osonlik bilan erishilmaydi. Men va mening tengdoshlarim yurt istiqbolimiz. Prezidentimizning, xalqimizning nigohi bizga qaratilgan. Shuni his qilgan holda bildirilayotgan ishonchni oqlashimiz lozim.

Yurtboshimizning 2002-yil 24-oktabrda “O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasini tuzish to‘g‘risida”gi hamda 2004-yil 29-avgustda “O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonlarining qabul qilinishi ertangi kun egalarini chinakam sog‘lom etib tarbiyalash borasidagi yuksak e’tibor namunasi bo‘ldi. Barcha viloyatlarda sport majmualari barpo etildi, ular eng zamonaviy sport inventarlari bilan jihozlandi.

O‘zbekiston Milliy axborot agentligining xabar berishicha, bugungi kunda badiiy gimnastika qizlar o‘rtasida eng jadal ommalashayotgan sport turiga aylandi. O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, badiiy gimnastika bilan shug‘ullanuvchi o‘quvchilar soni 2003-yilda 1646 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, ayni paytda 6 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan qizlarning 35 ming nafardan ortig‘i ushbu sport turi bo‘yicha mashg‘ulotlarga muntazam qatnashmoqda.

2005-yili O‘zbekiston gimnastika federatsiyasining tashkil etilishi ushbu sport turini izchil rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Ayni paytda mamlakatimizning qariyb barcha shahar va tumanlarida federatsiya bo‘limlari, ko‘plab badiiy gimnastika markazlari ishlab turibdi. Bu, albatta, kelajagi buyuk davlatimizning farzandlari sog‘lom, barkamol, teran fikrli bo‘lib voyaga yetishida amalga oshiriladigan ezgu ishlarning uzviy davomidir.

Dildora QARShIBOYeVA

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: