Poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz”da “SOG‘LIQNI SAQLASH – TIHE 2018” XXIII Toshkent xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda

Ushbu nufuzli tadbirda Belarus, Germaniya, Hindiston, Eron, Latviya, Qozog‘iston, Xitoy, Mo‘g‘iliston, Niderlandiya, Polsha, Koreya Respublikasi, Rossiya, AQSH, Turkiya, Ukraina, O‘zbekiston, Chexiya va Shveysariya kabi dunyoning 18 mamlakatidan 200 dan ziyod tibbiyot va farmatsevtika sohasidagi ilg‘or korxona va firmalar o‘z mahsulot va xizmat turlari bilan ishtirok etmoqda.

E’tiborlisi, ushbu ko‘rgazma uzoq yillar davomida ishlab chiqaruvchilar va amaliyotchi mutaxassislar o‘rtasida aloqalar o‘rnatish va mustahkamlash uchun keng maydon bo‘lib xizmat qilmoqda. Bu yilgi ko‘rgazma 3 ta pavilonda o‘tkazilib, unda kompaniyalar o‘zlarining zamonaviy tibbiyot texnikalari, uskunalar, farmatsevtika sanoati uchun texnologiyalar, dori-darmon vositalari bilan qatnashmoqda. Ko‘rgazmaning doimiy ishtirokchilari orasida jahonning yetakchi firmalarini ham uchratish mumkin.

– Bizning kompaniya farmatsevtika va biotexnologiya sohasida bir necha yillik tajribaga ega bo‘lib, sanoat biotexnologiyasi borasidagi o‘z xizmatlarini ko‘rgazma ishtirokchilariga taqdim etmoqda. Mijozlarimiz Yevropa, Hindiston, Osiyo, Yaqin Sharq va Afrikadagi yirik xalqaro kompaniyalar va kichik mahalliy kompaniyalarni o‘z ichiga oladi, – deydi Hindistonning “Elomatic-pharmalab” kompaniyasi direktori Abhay Ranjan.

Ta’kidlash joizki, xorijiy eksponentlar ko‘rgazma ishtirokchilari umumiy sonining 66 foizini tashkil etmoqda. Shuningdek, tadbirda xalqaro ishlab chiqaruvchilarning hamkorlari bo‘lgan mahalliy distribyutorlar ham qatnashmoqda. Aytish kerakki, ko‘rgazma o‘zining mazmunga boy ilmiy dasturlari bilan O‘zbekistonning tibbiyot sohasi mutaxassislari malakasini oshirishga ham ko‘mak beradi.

– Kompaniyamiz 2 xil turdagi tabiiy vositalardan tayyorlanadigan kapsulalar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Biz olib kelgan mahsulotlar qatnashchilarning katta qiziqishiga sabab bo‘lmoqda, – deydi Xitoyning “Shaoxing Zhongya Capsules Industry Co. Ltd” kompaniyasi menejeri Frank Shi.

Uch kunlik ko‘rgazma hamkorlar o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash, bozorni baholash, istiqbolli shartnomalar imzolash va yurtimizga investitsiyalarni jalb etish uchun ajoyib imkoniyat yaratishi kutilmoqda. Shuningdek, tadbir davomida respublikamizning barcha hududlaridan kelgan amaliyotchi shifokorlar, tish doktorlari va texniklar, farmatsevtlar, feldsher va tez tibbiy yordam shifokorlari va boshqa tibbiyot sohasi xodimlari xorijiy va mahalliy kompaniyalar mahsulotlari bilan shaxsan tanishish va taklif qilinayotgan yangiliklarni baholash imkoniga ega bo‘lmoqda.

 

Xurshida HUSENOVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Yana o‘qing:  Me’da yarasi va saratonini aniqlovchi ajoyib uskuna yaratildi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: