Matematiklar bellashuvi yakunlandi

Algebra fani asoschisi Muhammad al-Xorazmiy tavallud topgan zaminda bo‘lajak matematiklar jamlanishdi. Sababi bu yerda ilk bor xalqaro olimpiada tashkil etildi.

Mazkur bellashuvning asosiy sinovlari Urganch shahridagi “Yoshlik” sport majmuasida o‘tkazildi. Intellektual bahslarni yurtimiz va dunyoning taniqli matematiklari, xalqaro ekspertlar, professor-o‘qituvchilardan iborat hakamlar hay’ati kuzatib bordi.

Bu xalqaro olimpiadani tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad buyuk allomaning jahon ilm-fani va sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish, iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning matematika fani bo‘yicha bilimini yanada mustahkamlash, ilm-fan yo‘lida xalqaro hamkorlikni kengaytirishdan iborat.

Bellashuvda mamlakatimiz yosh matematiklari bilan birga 20 dan ortiq mamlakatning 56 oliy ta’lim muassasasi talabalari o‘z bilimini sinovdan o‘tkazdi.

 

Urganch davlat universiteti mahobatli va chiroyli ekan, – deydi Mongoliya universiteti professori Olzibat Munhadava. – Muassasada talabalar uchun yaratilgan sharoitlar a’lo darajada. Yoshlar bilan suhbatlashganimizda ularning bilim darajasi, fikrlashi bizda katta taassurot qoldirdi. Bizning talabalarimiz turli dasturlar bo‘yicha izlanishlar olib borishadi, bu borada yoshlaringiz bilan hamkorlik foydadan xoli bo‘lmaydi.

 

– Biz 5 ta matematik masalani 5 soat davomida ishladik, – deydi Xitoyning Pekin universiteti talabasi Minghui Ouyang. – Savollar algebra, matematik analiz, geometriya, kombinatorika yo‘nalishlarini o‘z ichiga oldi. Har bir masala yengil, o‘rta, og‘ir daraja asosidagi ball tizimida baholandi. Musobaqaning yaxshi tashkil etilgani bizga ma’qul bo‘ldi. Eng muhimi, unda ishtirok etib, do‘stlar orttirganimizdan mamnunmiz.

 

Xalqaro olimpiadada eng yaxshi natijani Xitoyning Pekin universiteti, Eronning Sharif texnologiya universiteti, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti talabalari qayd etdi.

Olimpiada ishtirokchilari Urganch va Xiva shaharlarini ziyorat qildi. Qadimiy Xorazmning tarixi va bir necha asrlardan buyon saqlanib kelayotgan osori-atiqalari bilan tanishdi. Urganch shahri markazidagi buyuk mutafakkir alloma nomi bilan ataluvchi bog‘da bo‘lishdi. Al – Xorazmiy siymosiga hurmat bajo keltirilib, uning poyiga gulchambarlar qo‘yildi.

 

Vasila PO‘LATOVA

Yana o‘qing:  Oq avtobus

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: