CUVNI ISROF QILMANG!

 Suv bu– hayot demakdir. Suvning har tomchisida 18 ming olamning quvvati yashiringan, deydi nuroniylarimiz.

Inson hayotida suv eng muhim o‘rinni egallaydi. Chunki suv ijtimoiy va maishiy hayotimizda beminnat yordamchisi, qondiruvchi va tozalovchi, insoniyat taraqqiyoti va tirikligining asosi hisoblanadi.

Ammo biz, ya’ni odamlar tabiatning shunday ulug‘ va tansiq  ne’matini hamisha ham qadrlay olyaptimi?

 Menimcha, yo‘q! Unutmaslik kerakki, har qanday ne’matning ham tugash chegarasi, ya’ni oxiri bo‘ladi. Suvning  ham vaqti kelib tugashi yoki  kamayishi turgan gap. Unda nega biz dunyo miqyosida taqchil ne’matga aylanayotgan, ba’zi davlatlarda oltindan-da, qimmat turadigan, yaqin kelajakda neftdan ham qimmatroq baholanishi bashorat qilingan SUVning qadriga yeta olmayapmiz?

Eng taajjublisi, ba’zan qadr-qimmati past ashyolarni «suvtekin ekan» deya atab, suvning qadrini yanada tushirib, uni xafa qilmayapmizmi?

Nima, bir kun ichmasak yashay olmasdan, darrov suv izlab qolishimizni unutib qo‘ydikmi yoki suvni shunchalik qadrsiz, tekin qilib qo‘ydikmi?

To‘g‘ri, bizning betakror mamlakatimizda suv mo‘l. Ariqlaru soylardan, anhoru daryolarimizdan to‘lib, shaldirab, guldirab zilol suvlar oqadi. Amudaryo va Sirdaryo oralig‘ida joylashgan yashil va betakror makonda yashaymiz. Ammo unutmaslik kerakki, bundan 15-20 yillar oldingiga qaraganda suvning biroz bo‘lsada taqchillashib borayotganini, aholini ichimlik suvining, qishloq xo‘jaligida sug‘orish tizimlarining suv bilan ta’minlashi dolzarb masalaga aylanib borayotganini unutib qo‘yyapmiz shekilli.

Chunki, oldingidek soylaru ariqlarning oshib-toshib oqishi, seryog‘ingarlik, Sirdaryo va Amudaryo kabi transchegaraviy daryolarning Orol dengiziga suvni toshqin olib kelmayotganiga ancha yillar bo‘ldi. To‘g‘ri, mamlakatimiz aholisining 65 foizini markazlashtirilgan ichimlik suv ta’minoti bilan qamrab olingan. Chuchuk suvning 33 foizi suv havzalari hisobidan, qolgani yerosti suvlaridan yig‘ib olinadi va suv inshootlarida tozalanganidan so‘ng ko‘psonli aholiga quvurlar orqali yetkazilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, bir sutkada O‘zbekiston aholisiga 6 mln. 226 ming m/kub suv yetkazib beriladi. Respublika bo‘ylab jami 65.8 ming kilometr suv tarmoqlari o‘tkazilgan. 10 mingdan ortiq suv va oqova inshootlari mavjud. Shuningdek, suv quvurlari orqali suvni aholi xonadonlariga yetkazishda umumiy suvning 30-40 foizi yo‘qotiladi. Xorijiy davlatlar tajribasida bu ko‘rsatkich 10 foizni tashkil etadi.

Yana o‘qing:  Ayol siyrati suratlarda

Afsuski, mamlakatimizda suv quvurlarining eskirgani va ko‘p yillardan buyon ularning yangi quvurlarga almashtirilmagani, natijada, joylarda tez-tez suv quvurlarining yorilishi oqibatida toza ichimlik suvining behuda oqib yotgani, aholining bevarqligi yoki tegishli joyga vaqtida murojaat qilmasligi natijasida ham ichimlik suvlarining nes-nobud bo‘lishi holatlari kuzatiladi.

Misol tariqasida keltirsam, o‘tgan yili xizmat safari bilan Farg‘ona viloyatiga borgan edik. Marg‘ilon shahrida bo‘lganimizda ko‘chada suv quvuri yorilib, yozning jaziramasida ham ko‘chani o‘tib bo‘lmas darajada suv bosib yotgan ekan. Shunda biz darhol ushbu holatni suratga olib, Farg‘ona viloyat «Suvoqova» DUKning Marg‘ilon «Suvoqova» filialiga chiqib holatni yetkazganimizdan so‘ng ular muammoni bartarf etishga kirishdilar.

Afsuki, bunday holatlar tez-tez uchrab tursada, o‘sha joydagi tegishli mutasaddilarning loqaydligi, ichimlik suvining ko‘chalarda yoki xonadonlarda behuda oqib ketayotganiga e’tiborsizlik har qanday kishining achintiradi.  

Yoki hovlilarda ichimlik suvi bilan ekinlarni sug‘orish, vodoprovod jumragini ochib qo‘yish, mashinalarni vodoprovod suvini uzoq muddatda  nes-nobud qilib yuvish, ko‘chalarda kranlarning oqib yotishi kabilarni gapirib o‘tirmasa ham bo‘ladi.

Vaholanki, ba’zi mamlakatlarda suvning qanchalik taqchilligi, hatto to‘yib suv ichishni orzu qiladigan, zanglagan yoki ko‘lmak suvlarni ichib, turli kasalliklarga giriftor bo‘layotgan insonlarni ommaviy axborot vositalaridan ko‘rib, eshitib, qanchalik guvohi bo‘lib kelyapmiz.

Uzoqqa bormasdan olis Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq tumaniga, Xorazmning eng chekka qishloqlariga borib aholining yashash tarzini o‘rgandigan bo‘lsak, u yerda ichimlik suvining nechog‘li mashaqqat bilan olib kelinishi, tanqisligi, bir kunlik suvning tejab ishlatili va  qadrlanishining guvohi bo‘lasiz.

Nimani xor qilsang, shunga zor bo‘lasan, deydi donolar. Demak aholining noyob ne’mat – suvga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirish darkor. Buning uchun nima qilish kerak?

Eng avvalo farzandlarimizga kichikligidan, ya’ni «suv» nima ekanligini tushuna boshlaganidanoq suvning qimmatli ne’mat va uni isrof qilish uvol  ekanligini uqtirib borishimiz kerak. Ta’lim sohasida esa suvni e’zozlash bo‘yicha ham darslar o‘tib, suv inshootlariga amaliyot yoki sayohatlar uyushtirilsa, o‘quvchilar ongida jo‘mrakdan oqayotgan suvning qancha mashaqqatlar evaziga olib kelinishi haqida tasavvur uyg‘onadi.

Suvning inson hayotida tutgan o‘rni, uvoli va zavoli haqida Qur’ondagi oyatlarda ham batafsil keltirilgan. Suv boshqa mamlakatlarda arzon emas. Masalan, Braziliyada 3 AQSH dollaridan ziyod tursa, Xitoyning Sian viloyatida 0,5 litr suvni 0.3 AQSH dollaridan 0.76 dollargacha sotib oladilar. Hatto ba’zi davlatlarda ichimlik xarid qilish, unga muz solish 2 soatdan ko‘p vaqtni oladi.

Yana o‘qing:  Xorijlik shifokorlar yurtimizda

Aytish joizki, Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasida ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan ana shunday muammolarga yechim topiladi.

Xususan, ushubu qarorda suv ta’minoti hamda kanalizatsiya sohasidagi xizmatlar sifati, tarmoq korxonalari faoliyatining samaradorligini yanada oshirish, ishonchli moliyalashtirish manbalari, jumladan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, davlat-xususiy sherikligini rivojlantirish maqsadida bir qator ustuvor yo‘nalishlar belgilangan. Shu maqsadda 2020–2024 yillarda O‘zbekiston Respublikasida suv ta’minoti va kanalizatsiya sohasini rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqiladigan bo‘ldi.

O‘z navbatida, ushbu islohotlarga katta mablag‘ jalb etilgan. Jumladan, 2019 yilda suv ta’minoti va kanalizatsiya ob’yektlarini qurish hamda rekonstruksiya qilishga qaratilgan 237 loyiha uchun Davlat byudjeti hisobidan 1,1 trln. so‘m hamda yana 7 ta loyihaga xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari hisobidan 95,6 mln. AQSH dollari miqdorida mablag‘ ajratishni nazarda tutuvchi manzilli dasturlar ishlab chiqilmoqda. Qaror bilan Moliya vazirligi huzuridagi “Toza ichimlik suvi” jamg‘armasi Suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish jamg‘armasi etib o‘zgartirildi. Uning dastlabki kapitaliga qo‘yilayotgan mablag‘ salkam 250 mln. AQSH dollarini tashkil etmoqda. Agar ushbu ishlar to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilsa, suv ta’minoti va kanalizatsiya tarmoqlarini boshqarish tizimini rentabelli sohaga aylantirish imkoniyatlari ochiladi. 2019–2021 yillarda ichimlik suvini hisobga olishning zamonaviy priborlari va tegishli uskunalarni xarid qilish hamda ularni o‘rnatish ishlari faollashtiriladi.

Ha, suv manbalarini toza saqlash xalqimizda qadriyat darajasiga ko‘tarilgan.

Demak “Suvga tupurma”, “Suvga chiqindi tashlama” «Suvni isrof qilma» kabi ibora va naqllar xalqimiz hayotida qonun-qoidaga aylangan.

Maqsad suvni behuda isrov qilmaslik, undan oqilona foydalanish va uning qadr-qimmatini angashdir. Shuni unutmaylikki, sayyoramizning qaysidir joylarida odamlar bir tomchi suvga zor, insonlar sho‘r suvlarni, ariqlarning loyqa suvlarini ichishga majburdirlar!

 

Maryam AHMEDOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: