Rostgo‘ylik tarbiyaning mezoni

Tafakkuri boy, qalbi toza kishi har qanday manzilga to‘g‘rilik yo‘li bilan boradi. Ana shu to‘g‘rilik insonni ulug‘laydi, jamiyat oldida yuzini yorug‘ qiladi. To‘g‘rilik – bugunning gapi emas, juda ko‘hna mavzu.

Yoshligimizdan to‘g‘rilikning insonni bezovchi eng oliy fazilat ekanligi haqida qanchalab ertaklar eshitganmiz, o‘qiganmiz. Ba’zan ota-ona farzandining yolg‘on gapirayotganini sezib qoladi. Bunday holatda qanday chora ko‘rish mumkin?

 

Yolg‘on bilan qanday kurashish kerak?

Bolaning besh yoshgacha bo‘lgan davrida uydirmalari normal hisoblanadi. Agar bola boshqalarning tuyg‘ulariga qattiq tegmasa va uning bezarar yolg‘onlari hech kimga ziyon yetkazmasa, unda hammasini hazilga burish mumkin.

Mabodo bola olti yoshdan kattaroq bo‘lsa va u yolg‘on ishlatishni yaxshi ko‘rsa, unga yordam berish kerak bo‘ladi, – deydi psixolog Zebiniso Ahmedova. – Bolaning ishonchini tiklash, oiladagi munosabatlarini mustahkamlash, qattiqqo‘llik darajasini pasaytirish va ba’zi cheklovlarni bekor qilish darkor. Uni qilmishlari va yolg‘onlari uchun qattiq jazolamaslik, o‘z sirlari bo‘lishiga ruxsat berish, agar gap o‘smir haqida ketayotgan bo‘lsa – uning hayotiga aralashmaslik, xonasiga uning ruxsati bilan kirish, so‘roqlar va tergovlar bilan qiynamaslik, nazoratni susaytirish, uning istaklari va fikrlari bilan qiziqish lozimdir. Agar siz farzandingiz o‘z manfaatlari uchun yolg‘on ishlatayotganini va bu bilan boshqalarning hayotini buzayotganini bilib qolsangiz, albatta, u bilan yolg‘iz va xotirjam sharoitda gaplashib olishingiz kerak. Bu vaziyatda o‘z hayotingizdagi shunga o‘xshash voqealar haqida, yolg‘on ochilganidan keyin siz qanchalik uyalganingiz va bu salbiy illat tufayli qayg‘urganingizga urg‘u bergan holda farzandingizga gapirib berishingiz kerak.

Agar bola “nafas olishdek” muntazam ravishda, hatto buning uchun o‘ziga xos sabablar bo‘lmasa ham yolg‘on gapirayotgan bo‘lsa, unda oilaviy ruhshunosga murojaat qilish lozim bo‘ladi. Aynan oilaviy ruhshunosga, chunki ko‘pchilik hollarda bolalarning yolg‘on gapirishiga oiladagi muammolar sababchi bo‘ladi.

Hayotimiz davomida o‘z manfaatimiz yo‘lida juda ko‘p holatlarda yolg‘on ishlatamiz. Go‘yo shunday qilmasak ba’zi “maqsadlarimiz”ga erisholmaymiz. Qiziq, u qanday maqsad o‘zi? Nimaning evaziga keladigan maqsad? Yashash tarzimiz taraqqiy etib borgan sari oshib borayotgan orzu-havaslarimiz, bitmas-tuganmas istaklarimizni ifodalovchi maqsadmi? Yolg‘iz o‘zimizning manfaatlarimizni o‘ylab yashasak jamiyatga nima nafimiz tegadi? Biz yolg‘onimizga ishontira olgan insonning o‘rniga o‘zimizni qo‘yib ko‘rsak qanchalik hunobimiz ortadi. Eng achinarlisi esa, kishining yolg‘on gapi yon-atrofidagilarining unga bo‘lgan ishonchi, hurmatini tushuradi. Bu esa oqil inson uchun katta yo‘qotish va aytish mumkinki ruhiy fojeadir. Fikrlarimiz xotimasidagi tilagimiz har birimiz amallarimizni to‘g‘rilik, so‘zlarimizni rostlik asosiga barpo etaylik.

Yana o‘qing:  “Qiymali sharcha” taomi

 

Mo‘minjon TO‘LQINOV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: