XAFAQON (GIPERTONIYa) KASALLIGIGA E’TIBORSIZ BO‘LMANG

Poytaxtda dorixonalarning soni doimiy ravishda oshib bormoqda. Ko‘chalarda, poliklinikalar yoki shifoxonalar qoshida, savdo komplekslarida ham dorixonalarni uchratish mumkin. Bu esa aholiga har tamonlama qulaylik tug‘dirmoqda.

Bu dorixonalardagi dori vositalarining xilma xilligi va soni odamni chalg‘itib qo‘yishi tabiiy. Ba’zan ma’lum bir dori vositasi o‘rniga ta’sir doirasi o‘xshash boshqa dori vositasi tavsiya qilinadi. Agar dorixona xodimi, ya’ni farmatsevt yuqori malakali va tajribali bo‘lsa, uning taklifi foydali bo‘ladi. To‘g‘ri kelgan dori vositasini ko‘r-ko‘rona olib, tavakkal ichmasdan, oz bo‘lsa ham dori vositalari to‘g‘risida ma’lumot olish har bir sog‘lom odam yoki bemor uchun foydadan xoli emas.

Hozirda ekologiyaning buzilishi, atrof-muhitdagi turli salbiy o‘zgarishlar ta’siri tufayli ham qon bosimining oshishi – arterial gipertoniya kasalligi eng ko‘p uchraydigan kasalliklar qatoriga qo‘shilib qoldi. Arterial bosimni tushirishda qo‘llanadigan yoki uni me’yorga keltiruvchi dori vositalari gipotenziv preparatlar deyiladi. Zamonaviy gipotenziv dori vositalarini shartli ravishda 5 guruhga bo‘lish mumkin: Bularga

– adrenoblokatorlar, APF ingibitorlari, diuretik(peshob haydovchi)lar, kalsiy kanallarini falajlovchi, angiotenzin II retseptorlariga ta’sir etuvchi moddalar kiradi.

Diuretik moddalar organizmdan tuzni chiqargani uchun saluretik moddalar deb ataladi. Ma’lumki, gipertoniya kasalligida hujayralarda natriy ionlari hajmi oshib ketadi. Shuning uchun bunday bemorlarni davolashda peshob haydovchi moddalar qo‘llaniladi. Bu moddalar natriy, xlor ionlari va suyuqlikning qayta so‘rilishiga to‘sqinlik qiladi. Shu sababli ular organizmdan chiqariladi va qon bosimi pasayadi. Bu kabi dori vositalariga furosemid, indapamid, spironolakton, gipotiazid kiradi.

Bu dori vositalari tanasi shishga moyil bo‘lgan katta yoshdagi, doimiy yuqori ko‘rsatkichli qon bosimi bilan yuradigan bemorlarga, yurak – qon tomir yetishmovchiligi, sistolik gipertoniya kasalliklarida shifokor tomonidan tavsiya etiladi.

Ularni qo‘llash mumkin bo‘lmagan holatlar quyidagilar, ya’ni podagra(bo‘g‘imlar og‘rig‘i), dislipidemiya(organizmda yog‘lar almashinuvi buzilsa), faol jinsiy hayot kechiruvchi erkaklarga tavsiya etilmaydi.

adrenoblokatorlar – adrenoretseptorlarni falajlovchi moddalar albatta miokard infarkti, yurak urishi, yurak ishemik kasalligi bilan og‘rigan bemorlarga tavsiya etiladi.

– adrenoblokatorlarga metoprolol, atenolol, bisoprolol, karvedilol, nebivalol kiradi.

Ushbu dorilar stenokardiya, boshdan kechirilgan miokard infarkti, taxiaritmiya (yurak ritmining buzilishi)da qo‘llaniladi.

Qo‘llash mumkin bo‘lmagan holatlarga bronxial astma(ziqqi nafas), surunkali bronxit(bronxlar yallig‘lanishi), II-III darajali AV blokada, dislipidemiya, sportchilar va jismoniy faol bemorlar, periferik qon tomir kasalliklari kiradi.

Yana o‘qing:  Kuydirgi xastaligi haqida bilasizmi?

APF ingibitorlari ta’sirida angiotenzin konversiyalovchi fermentning hosil bo‘lishi kamayib, angiotenzin I angiotenzin II retseptorlarining faolligi yo‘qolib, ular kengayadi. Buyrak usti bezining faolligi ham susayadi. Chunki, ularda ham angiotenzin II retseptorlari bor. Qonga mineral kortikoid aldesteronning ajralishi, natriyning qayta so‘rilishi kamayadi. Natriy bilan birga suyuqlik organizmdan chiqib ketadi. Bu holat ham qon bosimining pasayishiga olib keladi.

Bularga enalapril (enap, enam), lizinopril, ramipril, perindopril kiradi.

Ular miokard infarktidan so‘ng qo‘llanadi. Yurak o‘lchamining kattalashishida (chap qorincha gipertrofiyasi(kengayishi)da), qandli diabet va buyrak jarohatlanishi (diabetik nefropatiya) bilan og‘rigan bemorlarga juda mos keladi.

Buyrak tomirlarining torayishi (buyrak arteriyasi stenozi), homiladorlik, giperkaliyemiya(qonda kaliy moddasining ko‘payishi) qo‘llanishi mumkin bo‘lmagan holatlar hisoblanadi.

Kalsiy kanallarini falajlovchi II avlod moddalarga nifedipin-retard (korinfar-retard), norvask kiradi. Moddalar kalsiy o‘tadigan sust kanallarni bog‘lab, bu modda ionlarining silliq mushak hujayralariga o‘tishiga to‘sqinlik qiladi. Kalsiy ionlari qon tomirlarining silliq mushaklari tarangligini tutib turadigan asosiy ionlardan biri hisoblanadi. Kalsiy hujayralar ichiga o‘tolmagani tufayli silliq mushaklar tarangligi susayadi. Ular bo‘shashadi, qon tomirlar kengayadi va qon bosimi pasayadi. Ushbu moddalar kalsiy ionlarining yurak mushaklariga o‘tishiga ham to‘sqinlik qiladi. Sa-ATF-azaning faolligi kamayadi, Yurak mushaklari quvvatga boy fosfat birikmalarini o‘zlashtirolmay qoladi. Yurak ishi susayadi. Qon bosimi pasayadi. Moddalar yuqorida keltirilgan antianginal, aritmiyaga qarshi xususiyatlarga ham ega.

Ushbu dori vositalari bemorlarda yurak ishemik kasalligi bilan yuqori bosim qo‘shilib kelganda, yurak ko‘rsatkichli arterial gipertenziyada, stenokardiya, bir kecha-kunduz davomida qon bosimini tushirish, stenokardiya xurujlaridan saqlashi mumkin. Yurak urishining tezligini kamaytirmaydi.

Qo‘llash mumkin bo‘lmagan holatlar: o‘tkir miokard infarkti, yurak yetishmovchiligi, sinus tugunining sustligi sindromida.

Kalsiy kanallarini falajlovchi III avlod moddalarga amlodipin (amlovas), isradipin, felodipin kiradi.

Qo‘llanishi: diabetik nefropatiya, insultlar, ateroskleroz, poliartrit(bo‘g‘imlar yallig‘lanishi), osteoporoz. Bir kunda bir mahal 5-10 mg dan ichiladi. Bu dori vositalari faqatgina arterial bosimni pasaytiribgina qolmay yurak va qon tomirlarini himoyalab – ateroskleroz xastaligining rivojlanishiga to‘sqinlik qiluvchi yagona vositadir.

Qo‘llash mumkin bo‘lmagan holatlar: homiladorlik, laktatsiya (ona suti bilan emizish) davrida.

Xulosa qilganda antigipertenziv moddalar gipertoniya kasalligining sababi, bosqichi va dori moddalarning ta’sir mexanizmiga qarab, ko‘pincha bir necha moddalar birga qo‘llaniladi. Ular bir-birining ta’sirini oshirishi mumkin.

Yana o‘qing:  QANDAY MUTOLAA QILAMIZ

Umida YO’ldosheva,

O‘quv-davolash kompleksi tibbiyot kolleji o‘qituvchisi,

Shayxontohur tumani

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: