Shifobaxsh taomnoma allergik xastaliklardan asraydi

Hozirgi kunda ekologiyaning yomonlashishi, kimyoviy moddalarning ko‘p ishlatilishi, turli dori-darmonlar, tarkibida sun’iy qo‘shimchalari bor oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilish natijasida allergiya bilan kasallangan bolalar soni ortib bormoqda.

Shuningdek, tez-tez gripp va O‘RVI (o‘tkir respirator virusli infeksiyalar) bilan og‘rish ham ushbu xastalikning keng tarqalishiga zamin yaratadi.

Ovqat allergiyasi go‘dakning bir yoshidayoq paydo bo‘lib, 90 foiz hollarda allergiyani sigir suti, tuxum, baliq, dengiz mahsulotlari va yong‘oqlar keltirib chiqaradi. Shuningdek, hayvon va o‘simlik allergenlari ham mavjud.

Aeroallergenlar organizmga havo orqali tushadi. Ular uy kanasi, suvarak qoldiqlari va uning axlati, hayvonlar epiteliysi (mushuk, it, ot, quyon, echki juni) tovuq va qush patlari, o‘simliklar changida bo‘ladi. Kasallikni chaqiruvchi bu omillar havo tarkibida yil davomida uchib yuradi. Bahorda esa aprel va may oylarida daraxtlar gullashi natijasida yuzaga keladi.

Dorilar qo‘zg‘aydigan allergiyani antibiotiklar – penitsillin, sulfanilamid va polivitaminlar chaqiradi. Hasharotlarning zahari va xitin po‘stlog‘i, akvariumdagi baliqlarga beriladigan ozuqa, kimyoviy moddalar va kosmetik vositalar ham uni chaqiradi. Buning natijasida esa allergik xastaliklar yuzaga keladi.

Ko‘p tarqalgan allergik kasalliklarga diatez (chilla yara), atopik dermatit, allergik dermatit, Kvinke shishi, allergik rinit, allergik konyuktivit va bronxial astma (ziqqinafas) kiradi. Ayniqsa, bu xastaliklar ichida atopik dermatit (ovqat bilan bog‘liq bo‘lgan) bolalarda ko‘p uchraydi. Ushbu kasallik natijasida bemor bolalar yuzi, tanasi, oyoqlari qichishadi va toshmalar toshadi. Bola injiq bo‘lib qoladi, tanasi esa quriydi. Ichaklardagi disbakterioz va bakteriyalar allergiyani kuchaytiradi.

Bolalarda eng ko‘p uchraydigan yana bir allergik kasalliklaridan biri eshakemi xastaligi bo‘lib, bu butun tana bo‘yicha qichishish, toshma toshishi bilan namoyon bo‘ladi. Bemorda shishish holati kuzatiladi va bu holat tez yo‘qoladi. Ovqatlanish va dorilardan bo‘ladigan allergiya eshakemi bilan xarakterlanadi. Xastalik eshakemi va Kvinke shishi bilan birga kechadi. Bu paytda bemorning labi, yuzlari, quloqlari shishib ketadi.

Xastalikning davosi allergenni bartaraf etish bilan boshlanadi. Buning uchun gipoallergen muhit yaratish (chang, uy hayvonlari, qushlar patlarini yo‘qotish), parhezga rioya qilish tavsiya etiladi. Shuningdek, uni qo‘zg‘aydigan dori-darmonlarni ishlatmaslik kerak. Shu bilan birga dorilar bilan davolash shifokor maslahati bilan amalga oshiriladi. Aytmoqchimizki, allergiya bilan birga kechadigan kasalliklar, ya’ni me’da-ichak, quloq, burun kasalliklari, infeksiyalar, parazitlarni ham davolash lozim.

Yana o‘qing:  ONALIK VA BOLALIK MUHOFAZADA

 

Bolalarda allergiyaning belgilari qanday namoyon bo‘ladi?

Davomli tumov, aksirish, burundan suv oqishi, ko‘zdan yosh oqishi va uning qizarishi, terida toshma toshishi va qichishish, nafas olishning qiyinlashishi va tomoqda shishning paydo bo‘lishi va hokazo. Ba’zi bolalarda allergik kasallik ularga xos bo‘lmagan tarzda o‘tishi mumkin. Xususan, bolada isitma chiqishi, ba’zida esa allergiya gripp va O‘RVI xastaligi belgilari bilan birga kechishi mumkin.

 

Xastalikning oldini olish uchun nima qilish zarur?

Eng avvalo, homiladorlik paytida ayollar turli dorilar, ayniqsa, antibiotiklardan imkoni boricha foydalanmasliklari zarur. Bolani emizish paytida parhezga amal qilish kerak. Shuningdek, ushbu omilni qo‘zg‘ovchi mahsulotlarni ehtiyotlik bilan iste’mol qilish maqsadga muvofiq. Ya’ni, shokolad, baliq, yong‘oq, sitrus mevalarni emizikli ayollar yemaganlari ma’qul.

Agar ota-onalarning birida allergik kasallik bo‘lsa, 1 yoshgacha bo‘lgan bolani ovqatlantirishga kechroq va ehtiyotlik bilan o‘tkazish lozim.

 

Kerakli tavsiyalar

Birinchi navbatda shifokor bemor bilan iste’mol qilish mumkin va mumkin bo‘lmagan oziq-ovqat mahsulotlari ro‘yxatini tuzib chiqishi lozim. Barcha ovqatlarni uy sharoitida tayyorlash maqsadga muvofiq. Yarim tayyor, konserva mahsulotlari, mayonez, souslarni tanovul qilish esa zararlidir. Shu bilan birga, shifokor onaga farzandining ham qaysi yeguliklarni yeyishi mumkin va mumkin emasligini tushuntirishi lozim. Maktab o‘quvchisiga tushlikni uyda tayyorlab berish kerak.

Ayniqsa, kasallikning o‘tkir (xuruj) davrida parhezga qat’iyan amal qilish zarur. Achchiq, tuzli qovurilgan ovqatlar, dudlangan, ziravor, kolbasa mahsulotlari, jigar, baliq, ikra, dengiz mahsulotlari, tuxum, achchiq va eritilgan pishloq, muzqaymoq, mayonez, ketchup, turp, rediska, pomidor, bulg‘or qalampiri, karam, tuzlangan bodring, qo‘ziqorin, yong‘oq, limon, mandarin, o‘rmon mevalari, o‘rik, shaftoli, anor, uzum, kivi, ananas, qovun, tarvuz, eritilgan yog‘lar, margarin, gazli va mevali ichimliklar, kvas, kofe, kakao, shokolad, asal, zefir, tort, saqich, kekslarni iste’mol qilish bemorlar uchun ta’qiqlanadi.

Unutmang, farzandingizni sog‘lom bo‘lishida parhezga amal qilish alohida o‘rin tutadi.

 

Guli ShAYXOVA,

TTA “Bolalar, o‘smirlar va ovqatlanish gigiyenasi” kafedrasi professori

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: