Qandli diabet: bemor parvarishida umumiy tavsiyalar

Qandli diabet — Jahon Sog‘­liqni Saqlash Tashkiloti mutaxassislarining fikricha bu metabolik moddalar almashinuvining buzilishi hisoblanadi. Uning belgilaridan biri qonda qand miqdorining yuqori bo‘lishidir (giper­glikemiya). Qandli diabet ikki xil bo‘ladi. Ya’ni, insulinga bog‘liq bo‘lgan (1-tur) qandli diabet va insulinga bog‘liq bo‘lmagan (2-tur) qandli diabet. Ushbu xastalikda me’da osti bezida insulin ishlab chiqarish jarayoni keskin buziladi. Qandli diabet hozirgi kunda eng keng tarqalgan surunkali kasallik bo‘lib, bu xastalikka jahonda dolzarb muammo sifatida qaralmoqda.

Kasallikning asoratlarini oldini olish uchun qondagi qand miqdorini doimo nazorat qilish lozim. Qonda qand miqdorining oshishi og‘ir asoratlarga olib kelishi, ular ba’zan bir necha yildan so‘ng yuzaga chiqishi mumkin. Bu asoratlar kechki asoratlar deb ataladi va ko‘z, asab, buyrak, qon tomirlari kabi hayot uchun muhim a’zolar va tizimlarni zararlaydi. Ba’zan birinchi marta aniqlangan qandli diabetda ham kechki asoratlar aniqlanishi mumkin. Faqat qondagi qand miqdorini me’yorlashtirishgina qandli diabetning kechki asoratlari rivojlanishining oldini oladi.

Qandli diabetning asoratlari borligini aniqlash uchun to‘laqonli tekshiruvdan o‘tish lozim: shifokoringiz ko‘zlar va oyoqlaringizni, buyraklar va yurak faoliyatini tekshirishi, arterial qon bosimini o‘lchashi, qondagi xolesterin miqdorini aniqlashi kerak.

Shifokoringiz asab tizimini ham tekshirishi shart. Chunki, u zararlanganda diabetik neyropatiya deb ataluvchi asorat rivojlanadi. Diabetik neyropatiya turli xil belgilar: oyoqlarda og‘riq, muzlash va igna sanchish hissi, mushaklarning bo‘shashishi, o‘rnidan turishda bosh aylanishi yoki hushidan ketish, zo‘riqish bo‘lmasa ham yurak urib ketishi, ich ketishi, qayt qilish, ov­qatlanish paytida terlash, erkaklarda jinsiy ojizlik kabilar bilan ifodalanadi. O‘z vaqtida davolanish asab tizimi faoliyati va holatini tiklashga yordam beradi. Qondagi qand miqdorini kamaytiruvchi dori vositalarini qabul qilish bilan birga tamaki chekish va spirtli ichimliklar iste’mol qilmaslik zarur. Parhezga rioya qilish, jismoniy faollik darajasini oshirish, diabetik neyropatiyaning oldini olish va davolash uchun qo‘llaniladigan dori vositalarini qabul qilish lozim.

Tekshiruv o‘tkazishda quyidagi grafikka rioya qilish kerak: arterial qon bosimi va tana vaznini doimo nazorat qilib turish, har yili 1-2 marta ko‘z tubini tekshirish va 3-4 marta peshobda oqsil miqdorini tekshirish hamda 1-2 marta EKG o‘tkazish va kardiolog ko‘rigidan o‘tish, (graduirlangan kamerton, monofilament, tipterma yoki to‘mtoq igna yordamida oyoqlar sezgirligini tekshirish, paylar refleksi va mushaklar kuchini tekshirish), yiliga bir marta elektroneyromiografiya o‘tkazish lozim.

Yana o‘qing:  Go‘dak parvarishi – onalarning shirin tashvishi

Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan tibbiy tekshiruvga oid umumiy tavsiyalar bo‘lib, ularni shifokoringiz bilan muhokama qilishingiz maqsadga muvofiqdir.

PARHEZ

Qandli ­diabet bilan og‘rigan bemorlar kuniga 5-6 marta va aniq bir vaqtda ovqatlanishlari kerak. Ularning taomnomasida vitaminlar, mikro va makroelementlarga boy bo‘lishi lozim. Ortiqcha tana vazniga ega bo‘lgan bemorlar uglevodlarni jiddiy chegaralashlari kerak. Shuni yodda tutingki, agar Sizning davolovchi shifokoringiz tavsiya qilgan parhez yozilgan tavsiyalardan farqli bo‘lsa, uning maslahatiga amal qiling. Faqat shifokorgina sizning kasalingiz tarixini, tahlil natijalari va hozirgi ahvolingizdan kelib chiqib, holatingizni to‘g‘ri baholashi va faqat siz uchun eng mos keluvchi tavsiyalarni berishi mumkin.

TA’QIQLANADI

Oshirma va qat-qat xamirli mahsulotlar, tort, yog‘li sho‘rva, manniy yormali sutli bo‘tqalar, ugra oshi, yog‘li go‘sht, o‘rdak va g‘oz go‘shti, dudlangan mahsulotlar, ko‘pgina kolbasalar, yog‘li baliq konservalari, ikra va tuzlangan baliq, sho‘r pishloq, qaymoq, shirin tvorog mahsulotlari, guruch, manniy yormasi, tuzlamalar, uzum, banan, anjir, murabbo, konfetlar, muz­qaymoq, shirin sharbatlar, gazlangan ichimliklar va limonadlar, hayvon yog‘i, spirtli ichimliklar kabilarni iste’mol qilish ta’qiqlanadi. Makaron mahsulotlari chegaralanadi.

Non kuniga 200 gramm, qora non yoki maxsus diabet xastaligiga chalinganlar uchun tayyorlangan bo‘lishi kerak;

sho‘rva asosan sabzavotli, yog‘siz go‘shtli yoki baliqli sho‘rvalarni haftasiga 2 marta iste’mol qilish mumkin;

yog‘siz mol go‘shti, tovuq go‘shti, (kuniga 100 grammgacha) yoki baliq mahsulotlarini (kuniga 150 grammgacha) qaynatilgan yoki bug‘da dimlangan holatda iste’mol qilish mumkin.

boshoqli, dukkakli, makaronli ovqatlarni kamroq tanovvul qilish va non miqdorini kamaytirish kerak. Boshoqli mahsulotlardan suli va grechka, ba’zida bug‘doy, perlovka, guruchni ham iste’mol qilish mumkin;

kartoshka, lavlagi, sabzini kuniga 200 grammdan qabul qilish tavsiya etiladi.

boshqa sabzavotlarni(karam, salat bargi, rediska, bodring pomidor) va ko‘katlarni istaganicha xom, qaynatilgan holda iste’mol qilish mumkin;

tuxum kuniga bittadan ko‘p emas va uni chala pishgan, omlet ko‘rinishida yoki boshqa taomlarga qo‘shilgan holda iste’mol qilish mumkin;

nordon, shirin-nordon mevalarni(olma, apelsin, limon, olxo‘ri, maymunjon kabilar) kuniga 200-300 grammgacha iste’mol qilish mumkin;

sutni shifokor ruxsat bersagina ichish mumkin hamda qatiq, prostokvasha, shirin bo‘lmagan yogurtni kuniga 2 stakandan; ba’zida pishloq, qaymoq, smetanani iste’mol qilish mumkin;

Yana o‘qing:  “Barselona”ning ertagi tugadi(mi)?

qandli diabetda tvorogni 100-200 grammdan kun ora turli taomlar ko‘rinishida iste’mol qilish tavsiya etiladi;

tvorog, suli va grechkali bo‘tqalar, suli yormasi perlovkalar, na’matak kabi mahsulotlar yog‘ almashinuviga ijobiy ta’sir etib jigar faoliyatini yaxshilaydi. Jigarni yog‘ bosishiga qarshilik qiladi;

qora va ko‘k choy, sutli choy, achchiq va quyuq bo‘lmagan kofe, tomat yoki boshqa nordon meva-sabzavotlar sharbatini ichish mumkin;

XASTALIKDA OYOQLAR PARVARISHI BO‘YICHA TAVSIYALAR

– Oyoqlaringizni har kuni harorati 30-35Ssbo‘lgan suvda yuving;

– teringizga mos keladigan sovundan foydalaning;

– tarkibida spirt bo‘lgan moddalarni ishlatmang;

– oyoqlaringizni yuvgandan so‘ng ularni yaxshilab quriting;

– ayniqsa, barmoqlar orasiga e’tibor bering;

– quruq, qipiqlanuvchi, yorilgan teri ehtiyotkorlikni talab etadi. Sizning tovonlaringiz kasallik sababli judayam quruqdir;

– bunday holatda tovoningizga har kuni maxsus krem surting, lekin kremni barmoqlar orasiga surtmang;

– doimiy ravishda oyoqlaringizning dag‘allashgan terisiga pemza bilan ishlov bering;

– pemzani tez-tez yangilab turing. Chunki, undan uzoq vaqt foydalanganda zamburug‘ paydo bo‘lishi mumkin;

– qadoq plastirlarini ishlatmang;

– oyoqdagi qadoqlarni hech qachon qirqmang;

– oyoqni isitish uchun aslo grelka ishlatmang. Chunki, ular sezgirlik pasayishi sababli kuyib qolishi mumkin;

– har kuni oyoq uchun gimnastika qiling (masalan, oyoq barmoqlarini bukish va yozish). Bajariladigan mashqlar majmuasini shifokordan yoki «Diabet maktabi»dan bilib olishingiz mumkin;

– har kuni kamida 30 daqiqa ochiq havoda sayr qiling;

– oyoqdagi tirnoqlaringizni doimo egovlab yuring;

– tirnoqlaringizni to‘g‘ri qilib egovlang, lekin o‘tkir qirralarini qoldirmang — ular bosh­qa barmoqlarni jarohatlashi mumkin.

POYABZALNI QANDAY TANLASH KERAK

O‘zingizga keng, qulay, oyog‘ingizga mos, birinchi kiyib ko‘rganingizda oyoqlaringizni og‘ritmaydigan poyabzal tanlang. Oyoq kafti siqilib turmasligi lozim. Poyabzalni kunning ikkinchi yarmida tanlang. Shunda siz aniq o‘lchamni bilib olasiz. Chunki, bu vaqtga kelib oyoqlar shishgan bo‘ladi. Oyoq kiyimi ichida yot jism yo‘qligini, uning patagi buklanib qolmaganligini doimo tekshiring. Paypoqlaringizni har kuni almashtiring. Iloji boricha oq rangli, paxtadan tayyorlangan paypoqlar kiying. Chunki ularda jarohat izlari(qon va yiring)ni ko‘rish oson. Hech qachon yalang oyoq va paypoqsiz yurmang. Sayr qilganda oyoqlaringizda qadoq paydo bo‘lishi yoki jarohatlanishidan ehtiyot bo‘ling. Oyoqlaringizni har kuni ko‘zdan kechiring. Buning eng oson yo‘li ko‘zgudan foydalanishdir. Barmoqlar orasida va tirnoqlarda yallig‘lanish va zamburug‘li xastaliklar paydo bo‘lishiga e’tiborli bo‘ling(buni siz qizarish va oq karashlar orqali bilib olishingiz mumkin). Oyoqlaringizda har qanday jarohat aniqlanganning birinchi kunidayoq o‘z shifokoringizga murojaat qiling.

Yana o‘qing:  “Sony”dan Syurpriz

Gulmira HASANOVA,

Toshkent shahridagi 2-Markaziy shifoxonasi Endrokrinologiya bo‘limi mudiri, oliy toifali shifokor

Saodat ShUKUROVA,

oliy toifali shifokor

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: