Onalik baxti ostonasida

Homiladorlikda ayollar organizmida ro‘y beradigan o‘zgarishlar

Uzoq kutilgan onalik baxti ostonasida turgan bo‘lajak ona o‘zining hamda tug‘ilajak farzandining salomatligi haqida qayg‘uradi. Shu sababli homiladorlik davrining kechishi haqidagi barcha tibbiy ma’lumotlar unda o‘zgacha qiziqish uyg‘otadi.

Dastlab urug‘langan tuxum bachadonga joylashgan paytdan boshlab embrion o‘zining rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan hamma moddalarni onaning qonidan oladi. So‘ngra homila tug‘ilgunga qadar ona bilan tug‘ilajak bola o‘rtasidagi moddalar almashinuvi yo‘ldosh (platsenta) orqali davom etadi. Homila to‘g‘ri rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan vitaminlar unga volidasi organizmidan o‘tadi. Embrion kislorodni ham uning qonidan oladi. Homilaga kislorod yetarlicha o‘tmasa, yo‘ldoshda kislorod tanqisligi ro‘y beradi va u nobud bo‘lishi mumkin.

Homiladorlikning ikkinchi yarmidan boshlab ona organizmiga tushgan oqsil asosan homila to‘qimalarining shakllanishiga sarflanadi. Ona to‘qimalarida va yo‘ldoshda yig‘ilgan kalsiy tuzlari esa homila skeletining rivojlanishi uchun sarflanadi. Agar bu tuzlar yetishmasa homiladorlik vaqtidan ilgari to‘xtashi va embrion nobud bo‘lishi mumkin.

Ona organizmida homilaning noto‘g‘ri o‘sishi, uning nosog‘lom bo‘lgan (yallig‘langan) tug‘ish yo‘lidan o‘tishi, avvalgi tug‘ruqlarda bo‘lgan operatsiyalar va boshqalar homila uchun og‘ir hollarning ro‘y berishiga sabab bo‘lishi mumkin. Ona sog‘lom bo‘lsa va tug‘ruq yo‘llarida nuqson bo‘lmasa homila me’yorda rivojlanadi va o‘z vaqtida tug‘iladi.

Homilador ayol ba’zi irsiy kasalliklar, uning o‘zi boshidan kechirgan xastaliklar (ayniqsa, bolalikda boshidan o‘tkazgan raxit, tepki, qizilcha va boshqa yuqumli kasalliklar) homiladorlik va tug‘ish jarayonini murakkablashtirishi mumkin. Bu kasalliklar ta’sirida homilaning ayrim a’zolari o‘smay qolishi va ba’zan u o‘sishdan to‘xtab, nobud bo‘lishi yoki chala tug‘ilishi ham mumkin.

Shunday qilib ona organizmi homila uchun oziqlanish manbaidir. U homilani o‘sishi, rivojlanishi uchun barcha zarur moddalar bilan ta’minlaydi.

Homiladorlikda ko‘krak qafasi (uning pastki qismi) kengayadi. Qovurg‘a aylanasi esa ko‘tariladi. Bu xildagi o‘zgarish homiladorlikning erta muddatlaridayoq kuzatilishi mumkin. Chanoqdagi bo‘g‘imlar sohasida seroz suyuqlik ko‘payishi natijasida ular yumshaydi. Bu bo‘g‘imlarning yumshashi va ularning harakatlanish xususiyatini oshiradi. Natijada bu hol tug‘ruq jarayonida simfiz bo‘g‘imining bir oz ochilishiga va chanoq kirish qismining o‘lchovi kengayishiga imkon beradi. Oqibatda homila boshining oson tug‘ilishini ta’minlaydi.

Yana o‘qing:  Dunyo va salomatlik (2014/1)

Ba’zi hollarda homiladorlikda ayollarda oyoq, qo‘l va pastki jag‘ suyaklari kattalashadi. Homila o‘sgan sari ayol qorin devorining terisi cho‘ziladi. Bu holat ayniqsa, qog‘onoq suvi ko‘p, embrion katta yoki ular egizak bo‘lganda kuzatiladi. Bo‘lajak onaning qorin devori terisining ko‘p cho‘zilishi natijasida unda homiladorlik chiziqlari (striae gravidarum) hosil bo‘ladi. Chiziqlar paydo bo‘lishiga terining elastikligi va biriktiruvchi to‘qimalarning bir-biridan ajralishi sababdir, deb taxmin qilishadi ginekologlar.

Agar chiziqlar ushbu homiladorlikda vujudga kelgan bo‘lsa, yupqalashgan teri ostidan uning biriktiruvchi to‘qimasidagi tomirlar pushti rangda ko‘rinadi. Mabodo chiziqlar oldingi homiladorlikda paydo bo‘lgan bo‘lsa, ular oqish yo‘l-yo‘l bo‘lib qoladi. Chunki, uning yuzasi biriktiruvchi to‘qima bilan qoplanadi. Shuningdek, chiziqlar sut bezlari terisi yuzasida ham paydo bo‘lishi mumkin. Ba’zan homilador bo‘lmagan ayollarda homiladorlik davridagiga o‘xshash chiziqlarni ko‘rish mumkin. Shunga ko‘ra bu holatni ba’zi olimlar endokrin bezlari faoliyatiga bog‘liq, deydilar. Ba’zi ayollarda homiladorlikning oxirgi muddatlarida yuzda, qorin devorining oq chizig‘ida jun o‘sadi. Bu holat endokrin bezlar va shakllanayotgan yo‘ldosh faoliyati sabablidir. Chilla davrining 2-3 haftasida bu junlar yo‘qoladi.

Homiladorlikda qorin devori o‘rtasidagi oq chiziqda, sut bezlari so‘rg‘ichi atrofidagi halqada, tashqi jinsiy a’zolarda, kindik atrofida, ba’zan yuzda (peshona, yuz, yuqori lab ustida) qoramtir dog‘lar ko‘payadi. Bu ham terida ro‘y beradigan o‘ziga xos o‘zgarishlardandir (choalasma gravidarum). Bu holat buyrak usti bezlari faoliyati bilan bog‘liq bo‘ladi.

Ma’lumki, homila o‘sishi tufayli bo‘lajak onaning tana vazni ham ortadi. Chunki, homila o‘sgan sari qog‘onoq suvi ko‘payadi. Bachadon mushaklari gipertrofiyasi ro‘y beradi va qo‘shimcha qon aylanish tizimi takomillashadi. Natijada homilador ayolning og‘irligi har haftada 400-450 gramga oshib, homiladorlik paytida u o‘rtacha 10±1 kg. ga semirib ketadi.

Homilador ayolning kindigida ham o‘zgarish ro‘y beradiAyolning “og‘ir oyoq”lik davrining ikkinchi yarmida kindik tekislashadi. Oxirgi oyda esa u bo‘rtib chiqadi. Bu belgi tug‘ruq muddatining yaqinlashganini bildiradi.

Homiladorlik davrida moddalar almashinuvi

By davrda ayollar organizmida a’zo va tizimlar faoliyati o‘zgarishi bilan birga moddalar almashinuvi ham o‘zgaradi.

Kislorod almashinuvi

Ona bilan homila qoni o‘rtasida yaqin aloqa bog‘lanadi. Ammo, ona qoni bilan homila qoni aralashmaydi. Chunki, ularning har birining o‘ziga xos qon aylanish tizimi mavjud. Havo almashinuvi asosan kislorod almashuvidan iborat. Ona organizmidagi kislorodning bir qismini homila o‘zlashtiradi. Shu tufayli homilador ayol organizmining kislorodga bo‘lgan ehtiyoji juda ortadi.

Yana o‘qing:  Haddidan hadlayotgan to‘y(chi)lar

Oqsil almashinuvi

Homilador ayol organizmidagi oqsil moddalar homiladorlik davrida (ayniqsa, uning birinchi yarmida) bachadonning o‘sishi va sut bezlarining rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan maxsus oqsil moddalarni ishlab chiqarishga, keyinchalik esa homilador organizmida homila to‘qimasi va a’zolarning shakllanishiga sarflanadi.

Bundan tashqari bo‘lajak ona tug‘ish va chaqaloqni emizish vaqtida hamda (tuqqandan keyingi 1-1,5 yil davomida) ona organizmidan sarf bo‘ladigan oqsilni tiklash uchun oqsil moddalarning bir qismi yana sarflanadi.

Mineral tuzlar almashinuvi

Homilador ayol organizmidagi to‘qimalarda, ayniqsa, homiladorlikning ikkinchi yarmida suv va xloridlar ko‘payadi. By ikkala omil to‘qimalarning qayishqoqlik xususiyatini oshiradi va tug‘ruq vaqtida homilaning tug‘ish yo‘llaridan o‘tishi osonlashadi. Homilador va homila uchun kalsiy, natriy, kalsiy, fosfor, magniy va temir tuzlari kerak bo‘ladi. Kalsiy tuzlari homila skeletining suyaklanishiga sarflanadi. Agar ona organizmiga kalsiy tuzi yetarli miqdorda tushmasa homila skeleti turli o‘zgarishlarga uchraydi. Organizmda kalsiy tuzining yetishmasligi homilador ayol tishlarining yemirilishiga, ularning chirishi va shaklining buzilishiga, tirnoqlarining mo‘rt bo‘lib qolishiga olib keladi. Og‘ir holatlarda suyaklar yumshab, mo‘rt bo‘lib qoladi. Homilador ayol organizmidagi fosfor asosan kalsiy tuzi bilan birga homila suyak tizimining rivojlanishida ishtirok etadi. Bundan tashqari fosfor asab tizimining tuzilishi uchun ham sarflanadi. Agar shu har xil tuzlar organizmda yetarli bo‘lmasa, tetaniya, osteomalyasiya kasalliklari vujudga kelishi mumkin. Fosfor va kalsiy tuzlari yetishmasa, chanoq suyagi yumshab, uning shakli o‘zgaradi. Ammo bu patologik holat hozirgi vaqtda deyarli uchramaydi. Sababi hozirda barcha bo‘lajak onalar oilaviy poliklinikada akusher-ginekolog tekshiruvidan o‘tadilar va ularga o‘z vaqtida zarur maslahatlar beriladi.

Temir tuzlari homila organizmida qon elementlari shakllanishi uchun zarur. Bu tuzlar asosan homilaning jigar va talog‘ida yig‘iladi. Ona sutida temir tuzlari kam bo‘lganligi sababli chaqaloq tug‘ilgandan so‘ng dastlabki birinchi oy mobaynida o‘z organizmida yig‘ilgan shu tuzlarni sarflaydi. Homilaning rivojlanishi uchun o‘rta hisobda 1000 mg temir tuzlari sarflanadi. Homilador ayol tarkibida temir tuzlari bo‘ladigan ovqatlardan yeb turmasa, uning organizmida temir moddasi kamayib ketadi. Bu holat ko‘pincha homiladorliknnig 20-28-haftalarida kuzatiladi. Agar homilador ayol organizmida temir moddasi juda ham kamayib ketsa homila chala tug‘ilib, hatto, nobud bo‘lishi ham mumkin.

Temir moddasining yetishmasligi ko‘pincha kamqonlik kasalligi (gipoxrom anemiya)ga olib keladi. Shu sababli bo‘lajak onalar o‘rtasida profilaktika ishlarini olib borish zarur.

Karbonsuv (uglevod) almashinuvi

Yana o‘qing:  O‘zbekistonlik o‘quvchilar Turkiyadagi IX xalqaro bilimlar olimpiadasida 49 medalni qo‘lga kiritdi

Homiladorlik davrida ayol organizmida karbonsuv almashinuvi birmuncha ko‘payadi. Bunda organizm karbonsuvni glikogen sifatida o‘zlashtiradi va u jigarda to‘planadi. Vaqt-vaqti bilan homilador ayolda fiziologik glyukozuriya (peshobda karbonsuv paydo bo‘lishi) kuzatiladi. Bu holatga buyrak epiteliylarining qand o‘tkazish xususiyati oshishi sabab bo‘ladi, deb hisoblanadi. Qonda esa qand miqdori oshmaydi. Homiladorlik davrining so‘nggi bosqichida bu miqdor biroz oshishi mumkin. Ammo, bu ko‘rsatgich me’yoriy chegaradan chiqmaydi. Bu holat vegetativ asab tizimi faoliyati bilan bog‘liq. Karbonsuv organizmga quvvat beruvchi modda hisoblanadi.

Suv almashinuvi

Homiladorlik davomida ayol organizmida, ayniqsa, to‘qimalar ichida suv yig‘iladi. Bu ba’zan bo‘lajak onaning oyoqlarida shish paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi.

Homiladorlik davrida ona organizmi va o‘sayotgan homilaning suvga bo‘lgan talabi ortadi. Shunga ko‘ra ayol ilgaridan ko‘ra ko‘proq suv ichishga majbur bo‘ladi. Ammo, agar ayolda shish paydo bo‘la boshlagan bo‘lsa, u shifokorga murojaat qilishi kerak. Shish homiladorlikning ikkinchi yarmida uchraydigan asorat-preeklampsiyaning boshlang‘ich bosqichidir.

(Davomi keyingi sonda)

Yulduz JABBOROVA,

tibbiyot fanlari doktori, professor

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: