ONA VA BOLA hamisha e’tiborda, e’zozda

Har bir mamlakatning ertasi uning nafaqat turli sohadagi salohiyati bilan belgilanadi, balki sog‘lom, barkamol va intelluktual jihatdan yetuk kadrlari hamda jismonan va ma’nan kamol topgan yoshlariga ham bog‘liq. Yurtimizda azaldan ajdodlarimiz ona va bola salomatligiga katta e’tibor qaratgan. Ayniqsa, bu masalaga istiqlol yillarida davlat siyosati darajasidagi muhim vazifalar qatorida e’tibor qaratilib, bu sohadagi muammolar o‘z yechimini topmoqda.

Quyida biz O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Onalik va bolalikni muhofaza qilish Bosh boshqarmasi boshlig‘i, tibbiyot fanlari doktori Saidmurod Ismoilovga o‘zimizni qiziqtirgan bir necha savollar bilan murojaat etdik.

– Hurmatli Saidmurod Ibragimovich, mamlakatimizda istiqlolning ilk yillaridan onalik va bolalikni muhofaza qilish, sog‘lom va barkamol avlodni kamolga yetkazish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Bu borada amalga oshirilgan tub islohotlar, erishilgan natija va yutuqlarimiz talaygina. Bugun tibbiyot sohasining ushbu yo‘nalishida oldimizda turgan asosiy vazifalar nimalardan iborat?

Mustaqillikning ilk kunlaridan boshlab O‘zbekistonda hayotning barcha jabhalarida tubdan o‘zgarishlar boshlandi. Aholi, jumladan ayollar va bolalar salomatligini muhofaza qilish davlatimiz siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, hukumatimizning diqqat-e’tiboridagi masalaga aylandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1998-yildagi “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish to‘g‘risida”gi farmoni sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishga asos bo‘ldi. Sog‘liqni saqlash tizimining milliy modeli yaratildi. Bu esa o‘z navbatida aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatining yaxshilanishi va xalqimiz hayot darajasining tubdan ko‘tarilishiga olib keldi.

Shuningdek, tug‘ma va irsiy kasalliklarning oldini olish, ayniqsa, qishloq joylarda onalar va bolalar salomatligi patronaj tizimini takomillashtirish, pediatriya va tug‘ruqqa tibbiy yordam ko‘rsatuvchi muassasalarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash talab etilmoqda.

Bugun tibbiyot sohasining ushbu yo‘nalishida oldimizda turgan asosiy vazifalar aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, sog‘liqni saqlash tizimining barcha bosqichlarida onalar, bolalar va o‘smirlar sog‘ligini muhofaza qilish bo‘yicha sifatli tibbiy xizmatlardan keng va aholining barcha qatlami uchun bir xil foydalanishni ta’minlashdan iborat. Shuningdek, rivojlanishi sust bo‘lgan bolalarni tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish sifatini oshirish, nogiron bolalar va o‘smirlarni sog‘lomlashtirish, ularning jamiyat hayotida to‘laqonli qatnashishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, tibbiy yordam ko‘rsatishning barcha bosqichlarida, ayniqsa, birlamchi bo‘g‘in muasasalarida onalik va bolalikni muhofaza qilish sohasidagi tibbiy kadrlar salohiyatini mustahkamlash ham oldimizda turgan asosiy vazifalardan hisoblanadi. Onalar, bolalar va o‘smirlarga malakali, maxsus va yuqori texnologik tibbiy yordam ko‘rsatish borasida zamonaviy infratuzilmani yanada rivojlantirish, sog‘liqni saqlashning axborot tizimini takomillashtirish, aholining reproduktiv salomatligini, onalar, bolalar va o‘smirlar sog‘lig‘ini muhofaza qilish chora-tadbirlarini amalga oshirishda idoralararo hamkorlik va faoliyatni muvofiqlashtirish, monitoring qilish va baholashga ham katta e’tibor qaratamiz. Ixtisoslashtirilgan markazlar, klinikalar va shifoxonalarda faoliyat ko‘rsatayotgan tibbiyot xodimlarini zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lish, eng ilg‘or tibbiy texnologiyalardan malakali foydalanishlarini ta’minlash maqsadida xorijiy institutlarning ko‘magida bolalarni davolash bo‘yicha klinik qo‘llanma va protokollar ishlab chiqish hamda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan tavsiya etilgan zamonaviy perinatal texnologiyalar bo‘yicha mutaxassislarni o‘qitish tadbirlari tashkil etish va o‘tkazish ham hamisha diqqat markazimizda turadi.

Yana o‘qing:  ONA VA BOLA SKRININGI: SOG‘LOM AVLOD KAFOLATI

– Mustaqillik yillarida O‘zbekiston xalqaro ekspertlar tomonidan bolalar salomatligiga e’tibor qaratayotgan eng ilg‘or va nufuzi baland rivojlangan davlatlar reytingidan munosib joy olganligi e’tirof etildi. Bu e’tirofga munosib ravishda mutaxassis-shifokorlarning malakasini oshirish va ularning chet eldagi ko‘zga ko‘ringan klinikalarda tajriba orttirib qaytishlari uchun qanday xalqaro loyihalar amalga oshirilmoqda?

Hukumat tomonidan onalar va bolalar salomatligini mustahkamlash bo‘yicha o‘tkazilayotgan chora-tadbirlar xalqaro tashkilotlar JSST, YUNFPA, YUNISEF va boshqa tashkilotlar tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Yaqin va uzoq xorij mamlakatlarining yetakchi tibbiyot markazlari va klinikalarida 500 nafar mutaxassis, shu jumladan 230 ga yaqin pediatr, akusher-ginekologlar va tibbiyot hamshiralarining o‘qitilishi rejalashtirildi. Joriy yildagi hisobot davrida qabul qiluvchi tomon va homiylar hisobidan jami 50 nafar mutaxassis malaka oshirishga yuborildi.

Hozirgi kunda mutaxassis-shifokorlarning malakacini oshirish va ularning chet eldagi ko‘zga ko‘ringan klinikalarda tajriba orttirib qaytishlari uchun Turkiya, Yaponiya, Koreya, Germaniya, AQSH kabi davlatlarning xalqaro hamkorlik agentliklari loyihalari amalga oshirilmoqda.

– Joriy yilning shu davrigacha “Sog‘lom bola yili” davlat dasturi rejasiga kiritilgan vazifalarning necha foizi amalga oshirildi?

Dasturning sog‘liqni saqlash sohasiga tegishli bandlarida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan jami 538,6 mlrd. so‘m, 40,3 mln. AQSH doll. va 10,2 mln.evro miqdoridagi mablag‘lar o‘zlashtirilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, joriy yilning 7 oyida 318,5 mlrd. so‘m, 1 mln. 779 ming yevro va 15 mln. 228 ming AQSH doll. mablag‘ o‘zlashtirildi.

– Ma’lumki, aholining reproduktiv salomatligini yaxshilish uchun eng avvalo bo‘lajak ota-onalar, ya’ni o‘smir yigit-qizlar salomatligiga katta e’tibor qaratish zarur. Bu borada respublika bo‘yicha “O‘smirlar markazlari” faoliyatiga doir amalga oshiriladigan chora-tadbirlar xususida ham to‘xtalib o‘tsangiz.

O‘smir yigit va qizlarga Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar markazlarida zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan 14 ta dispanserda, tuman va shahar tibbiyot birlashmalarining ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarida joylashgan 386 ta o‘smirlar xonasi va 11 ta o‘smirlar bo‘limida jami 615 nafardan ziyod mutaxassislar tomonidan malakali tibbiy yordam ko‘rsatib kelinmoqda. Sohada faoliyat ko‘rsatayotgan 615 nafar shifokorning 66,1 foizi turli toifadagi malakaga ega.

Yana o‘qing:  Nomi qandli, ammo azobi achchiq

Joriy yilning birinchi yarim yilligida respublika bo‘yicha 1 mln. 847 ming 601 nafar o‘smirdan 1 mln. 750 ming 426 nafari yoki 94,7 foiz o‘smirlar tibbiy– profilaktik ko‘rikdan o‘tkazildi.

Shuningdek, 923 ming 887 nafar 15 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan o‘smir qizlarning 94,8 foizi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ularning 9,3 foizida ginekologik kasalliklar aniqlandi. Kasallik aniqlangan o‘smirlar sog‘lomlashtirildi.

– Xalqimiz genofondini yaxshilashda irsiy kasalliklar profilaktikasi va yaqin qarindosh-urug‘lar orasidagi nikoh hamda voyaga yetmagan yoshlarning erta oila qurishining oldini olish katta ahamiyatga ega. Bu borada Respublika Skrining Markazi va uning hududlardagi markazlari qanday faoliyat olib bormoqda?

– Respublikada bolalarning nasliy va tug‘ma kasalliklarini oldini olish maqsadida zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan Respublika Skrining markazi va uning hududlardagi markazlarining keng qamrovli faoliyati natijasida 2000 yildan 2012 yilga qadar tug‘ma kasalliklar bilan dunyoga keluvchi bolalar soni 40 foizga kamaydi. 2012 yilda 3,5 ming nafarga yaqin tug‘ma nuqsonli bolalar tug‘ilishining oldi olindi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yilda 365-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risida”gi Nizomga asosan har yili 200 mingtaga yaqin nikohlanuvchi shaxslar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda. Ularda ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan kasalliklar aniqlangan holda, tegishli dispanserlarga yo‘llanmalar berilib, statsionar hamda ambulator sharoitlarida sog‘lomlashtirish ishlari olib borilmoqda. Nikohlanuvchi shaxslar o‘rtasida qarindoshlar o‘rtasidagi nikohni va irsiy kasalliklar, tug‘ma nuqsonli bolalar tug‘ilishi va erta turmush qurishning oldini olish borasida tibbiyot xodimlari tomonidan joriy yilning shu davrigacha juda ko‘plab ma’ruza, davra suhbati, suhbat va seminarlar tashkil etildi. Ommaviy axborot vositalari orqali televideniye, radio va gazetalarda mavzuga doir maqolalar chop etildi.

– O‘zbekistonda Milliy emlash dasturi jadvaliga asosan nechta boshqariluvchi infeksiyalarga qarshi emlash ishlari olib boriladi?

– Juda ko‘pgina xorij davlatlarida bachadon bo‘yni rakining oldini olish maqsadida balog‘at yoshidagi qizlar (bo‘lg‘usi onalar) odam papilloma virusiga qarshi emlanar ekan. Kelajakda mamlakatimizda ham ana shunday emlash ishlarini amalga oshirish ko‘zda tutilganmi?

Yuqumli kasalliklarga qarshi emlash bolalar o‘limi xavfini kamaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zbekistonda emlash jarayoni Milliy emlash dasturi va immunizatsiya jadvaliga binoan 10 ta boshqariluvchi yuqumli kasalliklarga qarshi olib boriladi. Emlash jadvaliga asosan emlash JSST va YUNISEFning tavsiyalariga to‘liq amal qilingan holda olib boriladi. Hukumatimiz tomonidan vaksinalar bepul va sifatli tarzda aholini o‘z vaqtida emlash uchun yetkazib berilmoqda. JSST, GAVI bilan xamkorlikda mamlakatimizda balog‘at yoshidagi qizlar (bo‘lg‘usi onalar)ni odam papilloma virusiga qarshi emlash uchun vaksinalarni amaliyotga tadbiq etilishi 2015 yildan rejalashtirilgan.

Yana o‘qing:  Keksalikdagi parvarish muruvvat va bag‘rikenglikka asoslanadi

Gulchehra ShIRINOVA suhbatlashdi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: