Ko‘rinmas quvvat undan ehtiyot bo‘ling

Zamonaviy hayotni elektr tokisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Ushbu ko‘rinmas quvvatdan shikastlanishlar asosan e’tiborsizlik oqibatida sodir bo‘ladi. Odam organizmi elektr tokini tez o‘tkazuvchi o‘tkazgichdir.

Elektr tokidan kuyish nima? Elektrod teriga jips yopishib olganda tok to‘qimalardan o‘tayotib, issiqlik energiyasiga aylanadi. Fizikadagi Joul Lens qonuni bo‘yicha issiqlik terining tok o‘tayotgan nuqtasida yig‘iladi va o‘sha joyni kuydiradi. Inson organizmi to‘qimalarining tokka qarshiligi turlicha bo‘lib, bu asosan uning tuzilishiga, atrof-muhitning namligiga va tegilgan simning hamda teri sathining o‘lchoviga bog‘liq. Suyak, yog‘, pay to‘qimalari elektr tokiga ko‘p qarshilik ko‘rsatadi. Asab, qon-tomir, mushak to‘qimalarining qarshiligi kam bo‘ladi. Teri eng ko‘p tokka qarshilik ko‘rsatadi. Uning qalinligi va bu sohada qon aylanishi, ho‘lligi ham tok o‘tishiga ta’sir qiladi. Kam kuchlanishdagi elektr toki ham bolalalar terisida chuqur hamda keng jarohat qoldiradi. Ularda kuyish jarohati og‘irroq o‘tadi. Chunki kichkintoylar tanasida suv ko‘p bo‘ladi.

Jarohatlar chuqurligining kengligi to‘rt darajaga bo‘linadi. Birinchi va ikkinchi darajali kuygan to‘qima qizarib, uning atrofi shishadi. Bu xil jarohatlar 3-5 kungi muolajadan so‘ng tuzalib ketadi.

Uchinchi darajali elektrdan kuyish A va B guruhlarga ajratiladi. A kuyish hodisasida terining ustki qavatidagi shish suyuqligi epidermisni ajratib turadi. Uning ostida oppoq ichki qavat ko‘rinib turadi. B hamda to‘rtinchi kuyish darajalarida terining ustki qavati chuqurcha bo‘lib, quruq turadi. Ba’zi hollarda ushbu shikastlangan soha ko‘mirga aylanib qoladi. Past voltli tok urganda kuygan yaralarning atroflari qizarmaydi, shishmaydi, og‘riq u qadar sezilmaydi. Bemor o‘zini yaxshi sezishi mumkin. Ammo bir-ikki soat o‘tgandan so‘ng xastaning ahvoli og‘irlashib, og‘riq kuchayadi. Kuygan to‘qimadagi oq ranglar qoraya boshlaydi, u mumga o‘xshab qoladi.

Yuqori voltli tok urganda bemorning ahvoli og‘ir kechadi. Uchinchi va to‘rtinchi darajali kuyish hodisasi sodir bo‘ladi. Bunda elektr tokidan shikastlanish katta yuzani egallaydi. U organizmning ko‘p qismi – qo‘l, oyoq, bel va son hamda boldirni qamrab oladi. Tok urgan to‘qimaning o‘rni qorayadi va qotadi. Uning atrof­lari esa shishadi hamda kuchli og‘riq beradi. Elektr toki qon-tomir va asab tolalari orqali chuqurroq joylashgan a’zolarga ham o‘tadi. Tomirlarning ichida qon ivib, qotib qoladi. Natijada to‘qimalarning chirishi boshlanadi. Agar tok ikkinchi barmoq uchiga kirsa, uning tashqi ko‘rinishida o‘zgarish bo‘lmaydi. Tirsakda kuchli og‘riq paydo bo‘ladi va asta-sekin chirish (nekroz) boshlanadi.

Yana o‘qing:  Uyqu bilan bog‘liq muammolar buyrak kasalliklari xavfini kuchaytiradi

Yuqori voltli tokdan kuygan oyoq va qo‘llarda mushaklar qisqarib va bukilib, qotib qoladi. U kontraktura holiga keladi. Tomirlar devorining qattiq qisqarishi va kuygan to‘qimalarning siqilib qolishi natijasida organizmda qon aylanishi buziladi. Tok urgan sohadagi teri va to‘qimalar kuchli siqilishi natijasida sanchiqli og‘riq paydo buladi. Katta qon tomirlar devorining jarohatlanishi tufayli kuygan to‘qimalar uzilib, ularning ko‘chishi oqibatida qon oqadi.

Elektr tokidan kuygan jarohatga qarab, uning ichki holatini aytish qiyin. Chunki to‘qimalar orasida tashqi belgiga nisbatan kuygan soha 30-40 marta katta bo‘ladi. Bunga e’tibor berilmasa, kuygan to‘qima tushib ketadi va bo‘g‘imlar ochilib qoladi. Bu esa turli nogironliklarga olib kelishi mumkin.

Elektr tokidan kuyish jarohatlari termik kuyish (issiq suv, olov, qizdirilgan temirdan kuyganlar)ga qaraganda nisbatan og‘ir kechadi. Bunday kuyishda asosan qon tomirlar shikastlanadi. Oqibatda to‘qimalar butunligi buziladi. Natijada yaralarning ustini yangi to‘qimalar qoplashi uzoqqa cho‘ziladi. Shikastlangan kishiga birinchi yordam berishda avvalo, tok manbadan uziladi. Xasta odam simlardan ajratilganidan so‘ng uning a’zoi badani tekshiriladi. Hushidan ketgan, nafasi to‘xtab qolgan va boshi aylanayotgan insonga avvalo, og‘iz bilan uning burniga 8-10 marta ketma-ket puflab yordam berish kerak. Bemorni shifoxonaga zudlik bilan yetkazish zarur. Chunki xasta kishi miokard infarktiga duchor bo‘lishi, unda qon aylanishining buzilishi, shok holatiga tushib, ahvoli yomonlashib qolishi mumkin. Elektr asboblaridan foydalanishda nihoyatda ehtiyot bo‘ling. Chunki u hayotingizni xavf ostida qoldirishi mumkin. Ayniqsa,  elektr toki bor joylarda bolalarni qarovsiz qoldirmaslik kerak.

Bahodir HAMIDOV,

ToshPTI dotsenti,

Ulug‘bek BERDIYEV,

Shavkat NURMATOV,

2-bosqich magistr rezidentlari

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: