Homilador ayol taomnomasi: bunda ko‘proq nimalarga e’tibor berish zarur?

Homiladorlik paytida ayolning sifatli va to‘yimli ovqatlanishi – nafaqat bolaning to‘g‘ri o‘sishi va rivojlanishi, balki bo‘lg‘usi onaning ham sog‘lom bo‘lishi garovidir.

To‘g‘ri tanlangan taomnoma bo‘lajak onaning homiladorlik paytida me’da-ichak tizimi faoliyatini yaxshilaydi. Undagi uyquchanlik va toliqishning oldini oladi, immunitetni mustahkamlaydi.

“Og‘ir oyoq” ayollarning oqilona ovqatlanishi deganda kun davomida taomnomaning to‘g‘ri taqsimlanishi va homiladorlikning muddatlariga mutanosib holda turli xil oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilish demakdir. Bu nozik davrning dastlabki pallalarida organizmda gormonal o‘zgarishlar ro‘y beradi. Ya’ni, ayol organizmidagi barcha jarayonlar tezlashadi, bachadon rivojlanadi va homila o‘sadi. Bo‘lajak ona organizmida moddalar almashinuvi kuchayishi natijasida vitamin va mineral moddalarga bo‘lgan talab yanada ortadi. Shuning uchun ovqatlanish to‘g‘ri va o‘z vaqtida tashkil etilishi maqsadga muvofiqdir.

Yangi va sifatli tayyorlangan mazali taom organizmni doimo kerakli bo‘lgan energiya bilan ta’minlab turadi. To‘g‘ri ovqatlanishning muhim ko‘rsatkichlaridan biri homilador ayol vaznining o‘sib borishidir. Homiladorlik davrida vaznning 8-12 kggacha ortishi me’yor hisoblanadi.

Ayol “og‘ir oyoqligi”ning dastlabki uch oylik davriga alohida e’tibor berish kerak. Bu paytda homilada yangi a’zo va tizimlar rivojlangani sayin oqsil, yog‘, uglevod, vitamin, turli mikroelement kabi moddalarga bo‘lgan ehtiyoj ortib boradi (ayolda vitaminga bo‘lgan talab 2-2,5 marta ortadi). Shuni hisobga olgan holda turli xil foydali mahsulotlarni iste’mol qilish tavsiya etiladi. Shuningdek, bu davrda homilaning sog‘lom va nuqsonsiz tug‘ilishini ta’minlashda foli kislotasi miqdorini oshirish muhim ahamiyatga ega. Foli kislotasi ko‘katlar (petrushka), salat barglari va dukkaklilar (mosh, no‘xat va loviyaga) mansub mahsulotlar tarkibida ko‘p miqdorda bo‘ladi. Bundan tashqari bug‘doydan tayyorlangan qora non, grechkali bo‘tqa, sut va sut mahsulotlari, karam, meva sharbati, sabzavotlar, parranda go‘shti, tuxum va meva-sabzavotlarni iste’mol qilish tavsiya qilinadi.

Ayniqsa, homiladorlikning ikkinchi uch oyligida kaloriyaga boy ozuqalarni ko‘paytirgan ma’qul. Bu davrda homila vaznining ortishi, bachadon, sut bezlarining o‘sib borishi oqsilga bo‘lgan ehtiyojni yanada oshiradi. Homilaning ko‘rish va eshitish a’zolari rivojlanishiga hissa qo‘shadigan A vitamini va beta-karotinga boy bo‘lgan karam, sariq bulg‘ori, sabzi hamda oqsilga boy baliq go‘shtini iste’mol qilish tavsiya etiladi.

Yana o‘qing:  Qandli diabet: bemor parvarishida umumiy tavsiyalar

Uchinchi uch oylik o‘rtalaridan boshlab xamirli taomlar, yog‘li go‘sht, qaymoqni ovqat ratsionida kamaytirish lozim. Chunki, bu pallada homilaning suyaklari o‘sishi jadallashadi. Uning o‘rniga tarkibida ko‘p miqdorda kalsiy saqlovchi mahsulotlarni iste’mol qilish lozim. Baliq, yong‘oq, go‘sht, qatiq, tvorog, meva-sabzavotlar, ayniqsa, organizm uchun foydali hisoblanadi.

Kerakli tavsiyalar:

Ovqatning hajmi emas, aksincha mahsulotlarning turlicha bo‘lgani va organizm tomonidan oson qabul qilinishi o‘ta muhim. Go‘sht, baliq, meva va sabzavotlar, dukkakli, makaron, non va sut mahsulotlaridan imkoni boricha har kuni oz-ozdan iste’mol qilish zarur.

Har bir homilador ayol ko‘ngli tusayotgan mahsulotni yeyishga harakat qilish darkor. Me’yorida suyuqlik iching. Tuzni kamroq iste’mol qiling. Tuzlangan sabzavotlar, dudlangan baliq yoki har xil souslar buyraklarga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ovqatni tez-tez va oz-ozdan yeyishga harakat qiling. Uyquga ketishdan avval ko‘p taom yemang. Allergiya chaqiruvchi mahsulotlarni iste’mol qilmang. Shuningdek, spirtli ichimliklar ichish, tamaki chekish, achchiq taomlar va tarkibida qahva saqlovchi mahsulotlar iste’mol qilish mutlaqo mumkin emas.

Bo‘lajak ona qabziyat (ich qotishi)dan o‘zini asrashi zarur. Buning uchun hazm qilish tizimi faoliyatini kuchaytiruvchi tarkibida klechatka mo‘l qora kepakli non, meva va sabzavotlarni ko‘proq iste’mol qiling. Agar qabziyatga moyillik bo‘lsa, quritilgan olxo‘ri, turshak va qovoq yaxshi samara beradi.

Yuqorida keltirilgan maslahatlar sog‘lom homilador ayollar uchun tavsiya etiladi. Ammo, homiladorlik paytida ma’lum bir kasallik aniqlangan bo‘lsa, albatta shifokor bilan maslahatlashish maqsadga muvofiq.

 

Sahifani Salomatlik va tibbiy statistika instituti uslubchi shifokor-ginekologi Gulnoza TOSHMATOVA tayyorladi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: