ENTSEFALOPATIYa yoki bosh miyadagi nuqsonlarning sabablari

Tibbiyot sohasida “ensefalopatiya” tushunchasi yordamida yallig‘lanish bilan bog‘liq bo‘lmagan, turli xil etiologiya (kasallikning kelib chiqish sabablari va rivojlanish xususiyatlari)ga ega va ayni vaqtda bosh miyaning faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan xastaliklar guruhini ifodalashadi.

Mutaxassislar tug‘ma va orttirilgan ensefalopatiyani farqlashadi. Kasallikning tug‘ma shakli homiladorlikning perinatal davridan (28 haftadan) boshlab go‘dak tug‘ilganidan keyingi birinchi haftagacha aniqlanishi mumkin. Bu davrda kasallik rivojlanishidan darak beruvchi patologik alomatlar homiladorlik vaqtida kislorod yetishmasligi, tug‘ruq vaqtida yuz beradigan turli xil jarohatlar oqibatida paydo bo‘ladi.

Ensefalopatiyaning rivojlanishi ehtimolini yuzaga keltirishi mumkin bo‘lgan omillar orasida asosan quyidagilar e’tirof etiladi:

· homiladorlik davrida onaning kasallikka chalinishi;

· turli asoratlar bilan kechgan tug‘ruq jarayoni;

· vaqtidan ilgari tug‘ish;

· homila vaznining haddan tashqari kattaligi;

· homila bo‘yniga kindikning o‘ralib qolishi;

· qandaydir sabablarga ko‘ra og‘ir kechadigan tug‘ruq jarayoni;

· neyroinfeksiya;

· ota-onaning giyohvand bo‘lishi;

· jigar va buyraklarning og‘ir kasalliklari;

· ishemiya (bosh miyaning surunkali ravishda kislorodga to‘yinmasligi);

· diabet (qandli diabet);

· qon tomirlar tizimlari faoliyatining izdan chiqishi (bosh miya ichki bosimining oshib ketishi, vegetativ — tomir tizimlarining distoniyasi);

· nurlanish;

· ateroskleroz, gipertoniya, dissirkulyasiya, xafaqon (gipertoniya) sababli, qon tizimlari faoliyatidagi salbiy o‘zgarishlar).

Ensefalopatiyaning rivojlanishiga e’tiborsizlik qilinsa, eng avvalo, bosh miya faoliyatining buzilishi yuz beradi. Noxush oqibatlar nihoyatda avj oladigan bo‘lsa epilepsiya (tutqanoq), serebral falajlik va boshqa shu kabi og‘ir kasalliklar paydo bo‘lishi ehtimoli kuchayadi.

Yaxshi mutaxassis bo‘lgan shifokor yuqorida aytib o‘tilgan shart-sharoitlar aniqlangan vaqtda “ensefalopatiya” degan tashxisni juda erta qo‘yishi va shunga muvofiq tegishli davo muolajalarini tayinlashi mumkin.

Orttirilgan ensefalopatiya nisbatan kechroq davrlarda katta yoshli odamlarda ham uchraydi. Bu vaziyatda turli xil infeksion kasalliklarning asoratlari, intoksikatsiya (organizmning zaharlanishi), bosh miyaning tuzilmaviy va funksional o‘zgarishlari, shikastlanishlar va xavfli o‘smalarning paydo bo‘lishi kabi shart-sharoitlar muhim rol o‘ynaydi.

Shu narsani ta’kidlab o‘tmoqchimizki, ensefalopatiyaning klinik alomatlari hamisha ham yaqqol ifodalanmaydi. Ba’zi hollarda bu kasallik asta-sekin rivojlanishi mumkin. Har holda kasallikning rivojlanib borayotganligidan darak beruvchi bir qator alomatlar bor. Ya’ni:

Yana o‘qing:  Keksalikdagi parvarish muruvvat va bag‘rikenglikka asoslanadi

· bemor haddan tashqari jizzaki, serjahl bo‘lib qoladi;

· odam juda tez holdan toyadi;

· uni uyqusizlik qiynaydi;

· bemorni bosh og‘rig‘i bezovta qilaveradi;

· xotiraning susayishi alomatlari kuzatiladi;

· shuningdek, bemorda aqliy faoliyatning buzilishi alomatlari ko‘zga tashlanadi;

· kishi o‘zining hissiyotlarini boshqara olmaydi (o‘ta darajada ta’sirchan bo‘lib qoladi);

· kasal odam hech bir asossiz tajovuzkorlik qilishga moyil bo‘ladi;

· asteniya kuzatiladi.

Ensefalopatiyaning bosh sababchisi spirtli ichimliklar yoxud boshqa xildagi zaharli xususiyatga ega moddalar tufayli zaharlanish ekanligi ma’lum bo‘lsa, bu holatlarda kasallik o‘tkir kechishi, bemorda o‘ziga xos psixozlar va surunkali tus olib rivojlanishda davom etuvchi turli xil asoratlar kuzatilishi mumkin.

Taassufki, tibbiyot sohasida “perinatal ensefalopatiya” degan noxush tashxis aksariyat ota-onalarning go‘daklariga qo‘yilishi mumkin. Ko‘nglingizga raxna solmasdan shuni e’tirof etmoqchimizki, bunday vaziyatlarda birdaniga tushkunlikka tushish shart emas. Chunki, birinchidan, ko‘pgina hollarda shifokorlarda bunday og‘ir tashxis qo‘yish uchun yetarlicha asos bo‘lmaydi. Ikkinchidan, yosh bolalarning organizmi nihoyatda moslanuvchan bo‘lgani sababli tez orada kayfiyatingizni buzgan barcha klinik alomatlarni bartaraf etishga imkoniyati mavjud.

Perinatal ensefalopatiyaning rivojlanishiga chek qo‘yish uchun eng avvalo markaziy asab tizimining faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan quyidagi omillarni bartaraf etish kerak:

· toksik ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan alkogolli ichimliklarni va turli xil narkotik moddalarni iste’mol qilmaslik;

· odam psixikasiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan turli xildagi dori moddalarini iste’mol qilmaslik;

· infeksion kasalliklarga chalinishning oldini olish;

· hadeb ruhiy zo‘riqish (stress) holatlariga tushib qolishdan saqlanish;

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, perinatal ensefalopatiyaning rivojlanishida inson irodasiga bo‘ysunmaydigan omillar jumlasiga gipoksiya, ya’ni bosh miyaning kislorod bilan yetarli darajada ta’minlanmasligini kiritish lozim.

Perinatal ensefalopatiyani davolash muvaffaqiyatli kechishi uchun imkon qadar ertaroq shifokorlarga murojaat etish zarur. Profilaktika maqsadlarida yosh ota-onalarga perinatal ensefalopatiyaning kelib chiqish sabablari, klinik alomatlari, noxush oqibatlari haqida kerakli ma’lumotlarni yetkazish tavsiya etiladi. Bolangizda perinatal ensefalopatiyaning rivojlanishidan darak beruvchi quyidagi alomatlarni sezgan zahoti mutaxassis -shifokorga murojaat qilishga oshiqing:

· mushak tarangligining buzilishi;

· tez-tez qusish;

· go‘daklarda bosh liqildog‘ining kattalashib ketishi;

Yana o‘qing:  D darmondorisining ahamiyati

· turli xildagi ta’sirotlarga (masalan, chiroq nuriga, tovushlarga) nisbatan vaziyatga mos tarzda javob reaksiyasini bildirmaslik;

· termoregulyasiyaning buzilishi va hokazo.

Perinatal ensefalopatiyaning noxush oqibatlari orasida ushbu dardga chalingan yosh bolalarning ruhiy, jismoniy rivojlanishida kuzatiladigan kamchiliklar, bosh miya faoliyatida kuzatiladigan ayrim kamchiliklarni (xususan, diqqat-e’tiborning uzoq vaqt davomida bir yerga jamlana olmasligi, haddan ortiq toqatsizlik), ichki a’zolarning funksional faoliyatida kuzatilishi mumkin bo‘ladigan salbiy o‘zgarishlarni, qolaversa, gidrotsefaliya (bosh miya istisqosi)ni, epilepsiyani, serebral falajni aytib o‘tish kerak.

Shu o‘rinda bir narsani alohida ta’kidlab o‘tmoqchimizki, aksariyat hollarda “perinatal ensefalopatiya” degan tashxis qo‘yilishi uchun asoslar yetarli bo‘lmaydi. Shu sababdan turli xildagi dori vositalari bilan davolanish oqibatida kutilmaganda og‘ir oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Bu xastalikni kimyoviy preparatlarsiz, masalan, shifokor-osteopatga murojaat etib davolasa ham bo‘ladi.

Tibbiyotda ensefalopatiyaning quyidagi xillari ma’lum:

· Vernike ensefalopatiyasi (oziqlanishdagi kamchiliklar tufayli yuzaga keladi);

· toksik xususiyatli ensefalopatiya;

· dissirkulyator ensefalopatiya;

· uzluksiz rivojlanishda davom etuvchi, ko‘p o‘choqli leykoensefalopatiya;

· rivojlanishi uzoq davom etuvchi va natijada qon-tomir tizimini shikastlovchi leykoensefalopatiya;

· gipertenziya bilan bog‘liq uzluksiz rivojlanishda davom etuvchi va natijada qon-tomir tizimini shikastlovchi leykoensefalopatiya;

· gipertenziv xususiyatga ega ensefalopatiya;

Orttirilgan ensefalopatiyaning klinik alomatlari turlicha namoyon bo‘lishi mumkin. Ular orasida quyidagilarini alohida aytib o‘tmoqchimiz:

· xotiraning yo‘qotilishi;

· vaqti-vaqti bilan bemor hushini yo‘qotishi;

· jur’atsizlik, loqaydlik, tashabbussizlik, lanjlik;

· bosh og‘riqlari;

· bosh aylanishi;

· depressiya (tushkunlik);

Odatda orttirilgan ensefalopatiyaga chalingan bemorlar juda tez holdan toyishadi, serzarda bo‘lishadi, diqqat — e’tibori tarqoq, yig‘loqi, madorsiz bo‘lishi bilan bir vaqtda yaxshi uxlay olmaydilar. Mutaxassis kuzatuviga kelgan bemorda fikrlarning chalkashib ketishi, haddan ortiq darajada so‘zlash (ezmalik), tashqi olamga nisbatan e’tiborning so‘nishi, uyquchanlik va boshqa shu kabi alomatlar aniqlanadi.

Ensefalopatiyaga tashxis qo‘yish uchun quyidagi usullardan foydalanishadi:

· bo‘yin va bosh miya sohasidagi qon tomirlarining funksional faoliyati va holatini kuzatish;

· umurtqa pog‘onasining bo‘yin qismidan olinadigan funksional sinamalar asosida bajariladigan rengenografiya;

· bosh miya sohasini, shu jumladan, bosh miyadagi qon tomirlarining holatini aniqlash maqsadida magnit-rezonans tomografiyasi;

Yana o‘qing:  Emlash: inson hayotini asrashda uning ahamiyati

· umurtqa pog‘onasining bo‘yin qismini magnit-rezonans tomografiyasi;

Yuqorida aytib o‘tilgan usullar yordamida olingan ma’lumotlar shifokor-nevropatologga topshiriladi. Diagnostikani amalga oshirish jarayonida bemorning nevrologik, psixologik holatlarini tibbiy nuqtai nazardan o‘rganish, qon, peshob, orqa miyadan olingan suyuqliklarni, shuningdek, bosh miyaning magnit-rezonans tomografiyasi natijalarini tahlil qilish katta ahamiyatga ega.

Ensefalopatiyaning davolashda quyidagi usullardan foydalanishadi:

· turli xildagi dori-darmonlar vositasida davolash;

· metabolik, qon-tomir tizimiga ta’sir ko‘rsatuvchi va antioksidant terapiya;

· blokadalar — shamollash (yallig‘lanish) o‘choqlariga in’yeksiya qilish;

· manual terapiya;

· osteopatiya;

· fizioterapiya;

· davolash gimnastikasi;

· igna bilan davolash (refleksoterapiya);

· operativ yo‘l bilan davolash.

Yuqorida aytib o‘tilgan davolash usullari kasallikning sabablariga, uning rivojlanish darajasiga, turli xil asoratlarning bor-yo‘qligiga qarab qo‘llaniladi. Davolovchi shifokor har bir bemorga o‘ziga xos tarzda yondashib davo muolajalarini tayinlashi darkor. Dori-darmonlar bilan davolash uchun, albatta, kasallikni keltirib chiqargan sabablarni, xastalikning rivojlanish darajasini, namoyon bo‘layotgan belgilarini e’tiborga olish lozim.

Ensefalopatiya odatda surunkali tarzda kechishi sababli xastalikni dori-darmonlar bilan davolash vaqtida dori- vositalarini vaqti-vaqti bilan shifobaxsh giyohlar bilan almashtirib turish maqsadga muvofiq.

Tabiiy, ya’ni turli xil o‘simliklar va boshqa tabiiy xususiyatga ega bo‘lgan moddalar asosida tayyorlanadigan dori-darmonlarning qo‘llanilishi ushbu maqsadlarga bo‘ysundirilgan:

· bosh miya sohasidagi qon tomirlarida qon aylanishini yaxshilash;

· asab — mushak tizimlaridagi o‘tkazuvchanlikni yaxshilash;

· asab tuzilmalarining miyelin qoplamalarini tiklash;

· xolesterin almashinuvini me’yorlashtirish;

· bosh miya sohasidagi metabolizm jarayonlarini yaxshilash;

Aytib o‘tilgan maslahatlarga qat’iy amal qilinsa, odamning sihat-salomatligiga putur yetmaydi, ilgari amalga oshirilgan tibbiy davo muolajalarining samarasi yuqori bo‘ladi. Qolaversa, hayotdan zavqlanib yashash uchun hamma shart-sharoitlar mavjud bo‘ladi.

Halima Rustamova tayyorladi.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: