ISHBILARMON TALABA

Angrenlik Shohsanam Nuriddinova shu yilning 26 iyulida viloyatimizda bo‘lib o‘tgan “Ishbilarmon talaba — 2012” ko‘rik tanlovida ana shunday nomga sazovor bo‘ldi.

Angren shahar xalq ta‘limi bo‘limiga qarashli 5-umumta‘lim maktabini a`lo baholarga tamomlab, Maishiy xizmat kasb hunar kollejiga bir dunyo orzular og‘ushida odimlagan Shohsanam tikuvchilik, dizaynerlik sirlarini mukammal o‘rganishni oldiga maqsad qilib qo‘ydi. O‘z ustida tinimsiz ishladi. Mehnatsevarligi, qiziquvchanligi, zukkoligi bilan atrofdagilarning hurmatini qozondi. U tengdoshlaridan farqli o‘laroq, ham o‘qishni, ham tikish-bichish sir-asrorlarini qunt bilan o‘rgandi.

Tikuvchilik, milliy liboslar yo‘nalishi, badiiy bezaklar bilan ishlashni dastlab “Shaxliya” nomli o‘quv markazida ilk ustozi Mohira opa Normatovadan o‘rgandi. Asta-sekin o‘zi mustaqil ravishda milliy uslubdagi liboslar eskizlarini yaratib, ularni tika boshladi hamda o‘z tasavvuridagi rango-rang bezaklar bilan bezay boshladi. Bora-bora bir-birini takrorlamaydigan liboslar tikish, ularga mutanosib bezaklar tayyorlash uning sevimli mashg‘ulotiga aylandi. Kollejni tamomlagach, tikuvchilik bo‘yicha malakasini oshirish uchun shahardagi mohir, o‘z mehnati bilan ko‘plab yutuqlarga erishgan Shoxista Madiyarovadan tikish-bichish sirlarini o‘rgana boshladi. Mahoratli ustozdan qisqa vaqt ichida iloji boricha ko‘proq o‘rganishga, yangiliklarni o‘zlashtirishga, o‘z ishlarida qo‘llashga intildi. Tikish texnologiyalari, bichish-tikish, turli fasonlarni, bolalar kiyimlarini tikish ko‘nikmalarini mukammal egallagach, opaning eng yaxshi xodimi bo‘lib ish boshladi. Uning harakatchanligi ustozlariga ma‘qul kelib, tikilishi murakkab bo‘lgan kiyim-kechaklarni ham unga ishonib topshira boshlashdi.

– Tabiatan irodali qizimning kelajagi porloq ekanini beshinchi sinfga borgan chog‘laridayoq sezganman. Chunki, o‘sha paytda ham serharakat, qiziquvchan, kuyunchak qiz edi-da, kimning libosi unga ma`qul kelsa, albatta uning eskizini daftariga tushirib olardi va katta bo‘lsam, ana shunday liboslar tikaman, derdi xavas bilan. – eydi onasi Dildora opa Mirjalilova mamnuniyat bilan. – Hozirda ustozlari bilan bir safda ularning ishonchini oqlab, faoliyat yuritayotganidan xursandman.

Ustozlar ishonchini oqlash, yaqinlari quvonchini ko‘rish inson uchun eng oliy baxt. Shoxsanam ham bugun ana shunday baxtdan masrur holda yana va yana olg‘a intilmoqda.

– Maqsadim o‘zim tanlagan sohaning yetuk mutaxassisi, malakali dizayner bo‘lib, ona yurtimga naf keltirish, shirintoy bolajonlarimiz uchun betakror kiyimlar yaratib, ularni xursand qilmoqlik – deydi qahramonimiz.

Яна ўқинг:  Осиё ва Оврўпани боғлаган кўҳна кент

Ulkan maqsadlar, ezgu istaklar yo‘lida mardonavor odimlayotgan yoshlarimizga, shular qatorida Shoxsanamga ham omad yor bo‘lsin, deymiz.

Muhabbat ABDUQODIROVA,

Angren shahri

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: