Asab kasalligi – asr xastaligi

Bugungi suhbatdoshimiz umrining deyarli 50 yilini tibbiyot sohasiga bag‘ishlagan nevrolog olim, akademik Maqsud ASADULLAYEV bo‘ldi. Suhbatdoshimiz asab tizimi va uning faoliyatidagi buzilishlarning inson salomatligiga salbiy ta’siri xususidagi savollarimizga quyidagicha javob berdi:

Suhbatimiz avvalida asab kasalliklarining paydo bo‘lish tarixi haqida ma’lumot bersangiz.

Migren(boshni yarmining og‘rishi – shaqiqa), bosh og‘rig‘i va ular bilan bog‘liq asab kasalliklari insoniyat tarixida ilk bor eramizdan avvalgi 5000 yillikda qayd etilgan. O‘sha paytdagi tabiblar ibtidoiy darajada bo‘lsa ham bu xastalikka shifo izlab, baholi qudrat mijozni davolash bilan shug‘ullanganlar. Eramizdan avvalgi XVI asrda esa asab kasalliklaridan shifo topish uchun 900 dan ortiq retsept va tavsiyalar mavjud bo‘lgan.

Bilamizki, asab xastaligiga duchor bo‘lgan bemor birdan depressiya (tushkunlik)ga tushadi. Mutaxassis sifatida bu holatni qanday izohlaysiz?

Tibbiyot ekspertlarining ma’lumotiga ko‘ra shifokorlarga murojaat etuvchi bemorlarning 70 foizi, asosan, bosh og‘rig‘i, doimiy depressiya, ruhiy siqilishlar, qo‘rquv, xavotir, o‘tkir hamda surunkali stress (ruhiy zo‘riqish)ga duchor bo‘lishadi. Hattoki, tibbiyot ilmining tamal toshini qo‘ygan buyuk bobokalonimiz Abu Ali ibn Sino ham “Miya – bu tafakkur markazi. U eshitish, ko‘rish, hid bilish, tatib ko‘rish, quvonchni yetkazuvchi sezgilarni idrok qiluvchi a’zodir. Sezgidan fikr, undan esa bilim paydo bo‘ladi. Inson a’zoi badani boshqa qismlarining faoliyati miyaning holatiga bog‘liq. Miya me’da, jigar va boshqa a’zolar bilan muntazam aloqada bo‘ladi” degan edi.

Qisqasi, bosh miya inson tanasining qo‘mondonidir. Har qanday xastalikning paydo bo‘lishi, uning rivojlanishi va xuruji oqibatida kishining asablarida o‘zgarish seziladi hamda o‘z asoratini qoldiradi.

Keksalarda asab bilan bog‘liq kasalliklar ko‘p uchraydi. Buning sababi nimada?

Odamzotning o‘tgan umri davomidagi yaxshi-yomon davri, musibatli yoki quvonchli paytlari asab tolalarida muhrlanib qoladi. Hattoki, bolalik va o‘smirlik chog‘ida uning boshidan kechirgan meningit(bosh miya pardasining yallig‘lanishi), miya chayqalishi, bosh suyaklarining jarohatlanishi, ayollarning tug‘ruq paytidagi azoblari yoki irsiyat bilan bog‘liq genetik kasalliklarning asoratlari qo‘zg‘alishi tufayli ham yoshi ulug‘ kishilarda asab xastaligi paydo bo‘lishi mumkin. Albatta, bunday paytlarda nevropatolog ko‘rsatmasiga amal qilish zarur.

Yana o‘qing:  Kitob – ulkan mo‘jiza

Hozirgi kunda yosh bolalar ham bosh og‘rig‘idan shikoyat qilishlari quloqqa chalinadi…

Bosh og‘rig‘i alohida kasallik bo‘lmay (og‘riqning sababini tahlil qilib o‘rganish lozim), bir yoki undan ortiq jiddiy xastaliklarning ilk alomatlari bo‘lishi mumkin.

Bosh miya o‘z-o‘zidan kasallanmaydi. Chunki, uning to‘qimalarida og‘riq bo‘lmasa hech qanday retsept ham berilmaydi. Miya tomirlaridagi xastaliklar asosan miya osti po‘stloq qobig‘ida, mushaklar, yuz, bo‘yin va bosh qismi lat yeb, shikastlanganda hamda organizmda zaharli moddalar ko‘payganda tez-tez xuruj qiladi.

Stress(ruhiy zo‘riqish), jazavaga tushib asabiylashganda paydo bo‘ladigan illatlardan xalos bo‘lish uchun nimalarga e’tibor berish kerak?

– Inson o‘z a’zoi badanida yuz berishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarni va ojizliklarni oldindan ko‘ra bilishi kerak. O‘z sihati qandayligini aql-idroki bilan muhokama qilishi lozim. Stresslardan iloji boricha uzoqroq yurishga harakat qilishi darkor. Inson o‘z aqli bilan ularni yenga olsagina, yuz yosh bilan yuzlashganda ham o‘zini bardam sezib, navqironlik davridagi kabi aqliy va jismoniy quvvatga ega bo‘lishi mumkin.

Uyquning inson hayotidagi o‘rni va hordiq chiqarishning muhimligi to‘g‘risida ham so‘z yuritsangiz.

– Uyqu – bu inson organizmi uchun eng zarur fiziologik jarayon bo‘lib, toliqqan miya dam olish paytida ozuqa oladi. Umrimizning uchdan bir qismi hordiq chiqarishga ajratilgan. Demak, tunda 8 soat davomida tiniqib uxlash lozim. Biroq, hamma ham bu tartibga rioya etavermaydi.

Bemorlarga dam olishdan yarim soat oldin sayr qilib, tanani kislorodga to‘ydirish va asabni tinchlantirishni tavsiya qilaman. Uxlashdan avval bir piyola qatiq ichish ichaklar harakati uchun juda foydali. Miriqib hordiq olish esa organizmga kuch bag‘ishlaydi.

Yaxshi dam olgan kishi esa ikir-chikir tashvishlarga parvo qilmaydi. Uyqusi chala bo‘lgan odam esa ertasi kuni holsizlanib, parishonxotir bo‘ladi. Uning boshi zo‘riqib og‘riydi. Abu Ali ibn Sino “Tungi ikki soatlik bedorlikning hissasini kunduzgi besh soatlik uyqu qoplamaydi”, degan edi.

Ish tartibining buzilishi, shuningdek, kompyuterda ko‘p ishlash hamda uyali aloqa vositalaridan huda-behudaga foydalanish ham bosh miyaga salbiy ta’sir etadi va asab tizimining taranglashishiga olib keladi. Shuning uchun ishda ham me’yorga amal qilish zarur va o‘z vaqtida uxlash maqsadga muvofiqdir.

Yana o‘qing:  Allergiyani davolashning samarali yo‘li bu...

Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur.

 

Turonbeka ShAROFUTDINOVA

suhbatlashdi.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: