Zamonaga mos milliy hunarmandchilik ayollar tadbirkorligining qismidir

Ma’lumki, pazandachilik, tikuvchilik, gilamdo‘zlik, to‘quvchilik ko‘proq ayollarga xos hunarlar sirasiga kiradi. Bugun ushbu yo‘nalishlarda tayyorlanayotgan sifatli mahsulotlar, bejirim hunarmandchilik buyumlari anchagina xaridorgir.

Talabning ortishi, o‘z-o‘zidan xotin-qizlar tadbirkorligi rivojiga zamin hozirlayapti.

Qolaversa, hukumatimiz tomonidan ayollar, uy bekalarida ishbilarmonlik ko‘nikmalarini shakllantirish, ularning ilg‘or tashabbuslari, biznes-rejalarini ro‘yobga chiqarish, moddiy manfaatdorligini oshirish, buning uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga katta e’tibor qaratilmoqda. Buning natijasida daromadli faoliyatni yo‘lga qo‘yayotgan tadbirkor xotin-qizlar safi kengaymoqda.

O‘tgan yili Qashqadaryo viloyatidagi tijorat banklari tomonidan 2 ming 592 nafar tadbirkor ayolga qariyb 60 milliard so‘m miqdorida kreditlar taqdim etilgani ham mamlakatimizda xotin-qizlar tadbirkorligi har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotganining amaldagi tasdig‘idir. Buning evaziga joylarda ko‘plab ishlab chiqarish sexlari va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari faoliyat boshladi, mavjudlarida mahsuldorlik oshdi, qamrov kengaydi. Shuningdek, tegishli loyihalarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi 2 ming 500 dan ziyod kishini ish bilan ta’minlash imkonini berdi.

 

Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, 46-modda.

 

Bu borada erishilayotgan yutuqlarda “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi viloyat bo‘limining ham munosib o‘rni bor. Bo‘lim qoshida tashkil etilgan ustoz-shogird maktabi faoliyati bunda alohida o‘rin tutadi. Bu yerda tahsil olgan xotin-qizlarning aksariyati bugun o‘z mustaqil biznesiga ega.

– Maktabimizda yosh qizlarga tikuvchilik va kashtachilik kabi milliy hunarmandchilik sirlarini o‘rgatayapmiz, – deydi bo‘lim raisi Oynisa Ochilova. – Mo‘jazgina seximizda zamonaviy tikuv dastgohlari o‘rnatilgan. Bu yerda asosan milliyligimizga xos, davrga mos liboslar tikilmoqda. Bundan tashqari, maktabimizda yoshlar tadbirkorlik asoslari, mamlakatimizda ishbilarmonlarga berilayotgan imtiyozlar, soliq siyosati, kichik biznes sub’yektini tashkil etish, faoliyatini yurgizish, tijorat bankidan kredit olish haqida bilim egallashadi. Hududiy tashkilotlarimizda ham xuddi shunday maktablar faoliyat ko‘rsatmoqda. Jumladan, Shahrisabz va Qarshi tumanlarida qizlarga pazandachilikdan saboq berilayotgan bo‘lsa, G‘uzor tumanidagi ayollar oilaviy tadbirkorlik, jumladan, uy sharoitida parrandachilik bilan kengroq shug‘ullanish bo‘yicha tajriba orttirishmoqda. Kasbilik xotin-qizlar tikuvchilik, milliy quroqchilik an’analarini o‘zlashtirish imkoniga ega bo‘lmoqdalar.

Hunarli inson kam bo‘lmaydi. Ayol kishining hunari mustaqil tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishga asos bo‘layotgani esa yanada quvonarli. Chunki, bunday tadbirkor xotin-qizlarning ko‘payishi, iste’mol bozorining raqobatbardosh mahsulotlar bilan ta’minlanishiga, yangi ish o‘rinlari yaratilishiga xizmat qiladi. Shu orqali oilalar farovonligi ta’minlanadi, ayollarning jamiyatdagi mavqei yuksalib boraveradi.

Yana o‘qing:  Olam va odam: barqaror uyg‘unlik sari

 

Mirzohid JO‘RAYEV,

Qashqadaryo viloyati

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: