YURT NOMINI ShARAFLAGANLAR

Joriy yilning may oyi o‘zbek sporti uchun unutilmas voqealarga boy bo‘ldi. Buning boisi, ko‘plab sportchilarimiz qator nufuzli xalqaro musobaqalarda, qit’a va jahon birinchiliklarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, Vatanimizga medallar bilan qaytib kelishdi.

Mustaqillik yillarida yurtdoshlarimiz hayotida, turmush-tarzida, ongu shuurida bemisl o‘zgarishlar ro‘y berdi. Xalqimiz tinch-totuv hayotni qadrlovchi, yon-atrofidagilarga ezgulik va yaxshilikni ilinuvchi, bunyodkorligu obodonchilikka kamarbasta el sifatida o‘z qaddini tikladi. Ayniqsa, Prezidentimiz rahnamoligida istiqlolning dastlabki yillaridan boshlab yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga alohida e’tibor qaratila boshlandi. Farzandlarimizni har jihatdan yetuk, shu yurt, shu millat taqdiri bilan yashaydigan vatanparvar, mard, ruhi, fikri tetik, iymon-e’tiqodi mustahkam insonlar etib voyaga yetkazish yurtdoshlarimizning muqaddas burchiga aylandi. Buni o‘tgan yillar mobaynida hayotga izchil tatbiq etilgan keng qamrovli chora-tadbirlar, qilingan ezgu sa’y-harakatlar hamda ularning samaralarida yaqqol ko‘rish mumkin.

O‘tgan yillar davomida O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan yurtimizda 1 ming 700dan ziyod zamonaviy sport inshootlari qurilib, foydalanishga topshirildi. Birgina o‘tgan yilning o‘zida 115ta bolalar sport ob’yektlari, 48 ta bolalar musiqa va san’at maktabining barpo etilgani, ushbu sohaga davlatimiz tomonidan nechog‘lik ahamiyat berilayotganining amaliy tasdig‘idir. O‘z navbatida bunday g‘amxo‘rlikka javoban yoshlarimiz ham jahon arenalarida o‘zlarining bor mahorat va iqtidorini namoyon etib, ona Vatanimiz nomini dunyoga tanitishda o‘z hissalarini qo‘shib kelmoqda.

JAVOHIR – JAHON CHEMPIONI

Bugun shaxmat olamida o‘zbek “aql gimnastikachi”lari alohida mavqega ega. Yurtdoshlarimiz xoh qit’a birinchiligi, xoh jahon chempionati yoki Olimpiya o‘yinlari bo‘lsin, doimo g‘oliblar safida e’tirof etiladi. Yaqinda Tailandning Pattayya shahrida maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan shaxmat bo‘yicha jahon chempionatida ham bu yana bir bor o‘z isbotini topdi. Chempionatning blits – tezkor shaxmat yo‘nalishi bo‘yicha o‘n bir yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi bahslarda Vatanimiz sharafini himoya qilgan Javohir Sindorov yakunda jahon chempioni degan sharafli nomga sazovor bo‘ldi. U turnir davomida mezbon yurt vakili Amorn Jiarattanacharoyen, gongkonglik Pang Xo Xuang, filippinlik Jastin Mordido, mo‘g‘ulistonlik Tengis Sog-Ochir, xitoylik Bokay Yang, malayziyalik Xoye Kax Cheaxni mag‘lubiyatga uchratib, ozarbayjonlik tengdoshi Mirmuso Fayziyev bilan durang o‘ynadi. Yakunda esa iste’dodli aql gimnastikachimiz 6,5 ochko jamg‘arib, musobaqa g‘olibligini qo‘lga kiritdi.

Yana o‘qing:  Turmush obod – oila farovon

Shuningdek, ushbu yo‘nalishda yetti yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar bahsida yana bir umidli shaxmatchimiz Akobirxon Saydaliyev yetti imkoniyatdan 5 ochko jamg‘arib, jahon chempionatining bronza medalini qo‘lga kiritdi.

– Musobaqaning har bir bellashuvi finalga teng bo‘ldi. Ayniqsa, tailandlik tengdoshim bilan bo‘lgan ilk bahs juda murosasiz kechdi. Yakunda baribir raqibimni taslim etishga erishdim va bu g‘alaba meni jahon chempioni bo‘lishimga katta turtki berdi, – deydi Javohir Sindorov.

Aslida bunday iste’dodlar o‘z-o‘zidan kamolga yetmaydi. Qayerdaki, iqtidor egalariga e’tibor va g‘amho‘rlik ko‘rsatilsa, u albatta o‘zining ijobiy mevasini beradi. Ayni paytda yurtimizda Javohirga o‘xshagan yoshlar talaygina. Ularning yuz-ko‘zidagi kelajakka bo‘lgan ishonchni, maqsadlariga erishish yo‘lidagi qat’iyatni ko‘rib, beixtiyor qalbingiz faxr-iftixorga to‘ladi. Vatanimiz ertasi ishonchli qo‘llarda ekaniga yana bir bor amin bo‘lasiz.

– Bolaligimdan Rustam Qosimjonovga o‘xshagan mohir shaxmatchi bo‘lishni orzu qilaman, – deydi Javohir so‘zini davom ettirib. – Kelajakdagi eng katta maqsadim ham xuddi ular kabi kattalar o‘rtasida jahon chempioni bo‘lishdir.

TAEKVONDOCHILARIMIZ KUCHLILAR SAFIDA

Esingizda bo‘lsa, o‘tgan yili Janubiy Koreyaning Incheon shahrida bo‘lib o‘tgan XVII yozgi Osiyo o‘yinlarida taekvondo ustalarimiz ushbu sport turining Olimpiada dasturiga kiritilgan (WTF) yo‘nalishi bo‘yicha muvaffaqiyatli ishtirok etib, yakunda Jasur Boyqo‘ziyev oltin, aka-uka Maksim va Nikita Rafalovich hamda Dmitriy Shokinlar kumush medalga sazovor bo‘lishgan edi. Vakillarimiz o‘shanda o‘zlarining ajoyib ishtiroklari bilan dunyo sporti jamoatchiligi e’tiboriga tushgandi.

Rossiyaning Chelyabinsk shahrida taekvondo bo‘yicha o‘tkazilgan jahon chempionatida ham sportchilarimiz o‘zlariga bildirilgan ishonchni oqlab, yakunda bitta oltin, ikkita kumush medalni qo‘lga kiritdilar. E’tiborlisi, taekvondochilarimiz o‘zbek sporti tarixida o‘ziga xos natija qayd etib, ilk bor jahon chempionatida oltin medalga sazovor bo‘lishdi. Dunyoning 140 dan ziyod davlatidan sportchilar qatnashgan mazkur jahon chempionatida ishtirokchilar 2016 yili Braziliyada bo‘lib o‘tadigan XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlariga yo‘llanma beruvchi muhim reyting ochkolari uchun ham kuch sinashdilar.

Chelyabinskda bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida sportchilarimizning ishtiroki muxlisu mutaxassislarda iliq taassurot qoldirdi. Ayniqsa, hamyurtimiz Dmitriy Shokinning jahon chempioni degan sharafli nomni qo‘lga kiritishi, unutilmas voqeliklardan biri bo‘ldi.

Mohir tayekvondochimiz dastlab yamaykalik Jeyson Grantni katta ustunlik bilan 37-1 hisobida taslim etgan bo‘lsa, so‘ngra italiyalik Leonardo Basileni 8-2, chorak finalda germaniyalik Volker Vodzixni 11-2, yarim finalda kubalik Robelis Despeynni 7-6, hal qiluvchi bahsda esa kot-d’Ivuar vakili Firmin Zokouni 11-10 hisobida yengib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy egalladi.

Yana o‘qing:  Ajrashayotgan er-xotinning mulki qanday taqsimlanadi?

Shuningdek, 74 hamda 87 kilogrammgacha bo‘lgan vaznda tatamiga chiqqan sportchilarimiz Nikita Rafalovich va Jasur Boyqo‘ziyevlar kumush medalga sazovor bo‘ldilar.

– Xalqaro musobaqalarda yurt nomini himoya qilar ekansan, ona xalqing mehri, ishonchi senga kuch-quvvat bag‘ishlaydi, – deydi jahon chempioni Dmitriy Shokin. – Shohsupaning yuqori pog‘onasida turib, ona Vatan madhiyasiga jo‘r bo‘lish, senga qadrdon bo‘lgan bayroqning sarbaland xilpirashini ko‘rish inson uchun katta baxtdir. Bu holatni so‘z bilan ta’riflash emas, qalban his etish zarur.

ABDULLA TANGRIYEV – OLTI KARRA OSIYo CHEMPIONI

Yaqinda Kuvayt mamlakatida dzyudo bo‘yicha o‘tkazilgan Osiyo chempionatida ham o‘zbekistonlik polvonlar bitta oltin, ikkitadan kumush va bronza medalni qo‘lga kiritishdi. Qit’aning 30dan ziyod davlatidan 200 nafardan ortiq sportchi ishtirok etgan musobaqaning vazni 100 kilogrammdan yuqori bo‘lgan sportchilar o‘rtasidagi bahslarida Abdulla Tangriyev barcha raqiblarini ortda qoldirgani holda yakunda oltinchi bor Osiyo chempioni degan sharafli nomga sazovor bo‘ldi.

U chempionatda hindistonlik Udayvir Singx, dzyudo mamlakati bo‘lmish Yaponiya vakili Kenta Nishigata, yarim finalda mo‘g‘ilistonlik Temuulen Battulga hamda finalda qirg‘izistonlik Yuriy Krakovetskiyni mag‘lub etib, shohsupaning yuqori pog‘onasidan joy egalladi.

Yana bir polvonimiz Sharofiddin Boltaboyev ham chempionatda muvaffaqiyatli ishtirok etdi. U 73 kilogrammgacha bo‘lgan dzyudochilar bahsida finalga qadar yetib borib, yakunda kumush medal bilan taqdirlandi. Sharofiddin Lutfullayev va Sherali Jo‘rayev esa bronza medalni qo‘lga kiritdi.

Xotin-qizlar o‘rtasidagi vazni 70 kilogrammgacha bo‘lgan dzyudochilar bahsida hamyurtimiz Gulnoza Matniyozovaning ishtiroki ham barchada iliq taassurot qoldirdi va u musobaqaning kumush medaliga sazovor bo‘ldi.

PARALIMPIYACHILARIMIZ G‘ALABASI

Janubiy Koreyaning Seul shahrida o‘tkazilgan ko‘zi ojizlar va zaif ko‘ruvchilar o‘rtasidagi V Butunjahon o‘yinlarida ham vakillarimiz o‘z farzandlik burchlarini chin dildan ado etib, yurtimizga yorug‘ yuz bilan qaytib keldi. Musobaqada vakillarimiz beshta oltin, ikkita kumush, va beshta bronza medalni qo‘lga kiritib, shijoat va matonat bobida hech bir raqibidan kam emasligini amalda isbotladi. Jumladan, suzish bahslarida Dmitriy Xorlin 200 va 400 metr masofaga erkin usulda suzishda oltin, 100 metrga erkin suzishda bronza medalga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, Shahzod Jumaniyozov 200 metr masofaga kompleks usulda suzishda shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarilgan bo‘lsa, 50 metrga brass usulda suzishda esa bronzaga loyiq ko‘rildi. Yana bir hamyurtimiz Muhammad Abduraimov 100 metr masofaga batterflyay usulida suzishda kumush, 200 metr masofaga kompleks usulda suzishda bronza medal bilan taqdirlandi.

Yana o‘qing:  Yil quvonchlari

Shuningdek, dzyudo, bellashuvlarida ham sportchilarimiz ikkita oltin, bitta kumush hamda ikkita bronza medallarini qo‘lga kiritdi.

– Ushbu musobaqada dzyudochilarimizning g‘alabalariga munosib hissa qo‘shganimdan xursandman, – deydi 66 kilogrammgacha bo‘lgan polvonlar bahsida oltin medal sohibi O‘tkir Nig‘matov. – Nasib bo‘lsa, 2016 yili Braziliyada bo‘lib o‘tadigan XV Paralimpiya o‘yinlarida ham ushbu natijamni takrorlashga harakat qilaman.

Sportchilarimizga kelajakdagi musobaqalarda omad va zafarlar tilaymiz.

Sa’dullo TURSINOV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: