YASHASHNI O‘RGATGAN SHE’RIYAT

Nafaqat o‘z she’rlari, balki butun hayoti bilan o‘zbek ayolining ma’naviy qiyofasini namoyon etgan atoqli shoiramiz Zulfiyaxonimni ham men fidoyi insonlar qatoriga qo‘shgan bo‘lardim. Uning jahon minbarlaridan yangragan she’rlari Sharq ayolining aqlu zakosi, fazlu kamolining yorqin ifodasi sifatida millionlab she’riyat muxlislarida odamiylik, muhabbat va sadoqatdan saboq bergan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Tog‘dek bardoshi bilan vafo va sadoqat ramziga aylangan Zulfiya opa singari ayollar har qanday yuksak hurmat va ehtiromga munosibdir”.

Islom Karimov

Esimdadir ajib dam hali:

Ko‘z oldimda bo‘lding namoyon,

Pok go‘zallik dahosi kabi,

Bir lahzalik xayol, tushsimon…

Pushkinning ushbu she’rini ilk bora o‘qiganimda hoynaxoy buni shoira Zulfiya tarjima qilgan bo‘lsa kerak, deb o‘yladim. Shoshib kitob mundarijasini ochdim. Adashmagan ekanman. Bu Zulfiyaxonim tarjimasi edi. Zulfiyaning she’rlarida o‘z dasxati bor, degan fikrga yana bir bor iqror bo‘ldim. Aynan shoiraning tarjimalari Pushkin asarlarini men uchun yana-da yuksaltirgandek bo‘ldi. Sababi shoiraning she’rlari ham ko‘ngilning nozik torlarini chertishi, nafisligi, dardchilligi, fikri teranligi bilan farqlanib turadi.

Nogahon rahmatli onajonimning nurli siymosini ko‘rgandek bo‘laman. Chunki onam Zulfiyaxonim she’rlarini sevib o‘qir, biz farzandlariga so‘zlar mag‘zini izohlashdan charchamas edi… Ayniqsa “O‘g‘irlamang qalamim bir kun” she’ri onamning ko‘nglidan shunchalar joy olgandiki, uni bir varaq qog‘ozga ko‘chirib olib yon daftarchasida avaylab saqlar, har kuni takror-takror o‘qib chiqardi:

…O‘g‘irlamang qalamim bir kun!

Qalam-la men to‘qiyman qo‘shiq.

U – insonga, elga xizmatim,

Burchin bekam ado etgan yo‘q.

Qarzim uzar ikki farzandim,

Farzand mehri va qalamimni

Xudo haqqi, qo‘ying o‘zimga.

Usiz qolsam, o‘ldi deb mani

Sekin parda torting yuzimga…

O‘g‘irlamang qalamim bir kun…

Bir kuni onam “Qizim she’rning qog‘ozi eskirib qolibdi, shuni yangi varaqqa chiroyli qilib ko‘chirib bersang”, dedi. Biz uchun bu she’r yod bo‘lib ketgan bo‘lsa-da, shu bir varaq qog‘oz onam uchun suyanch edi. “Qanday katta qalb egasi-ya. She’rlaridan yashashni o‘rgansa bo‘ladi”, derdi. Zulfiyaxonim ana shunday she’riyat sohibasi… Uning benazir she’riyati sevish va sevilishni, e’zozlash va qadrlashni, sadoqat va vafoni, sabr-toqatni, matonat va shijoatni, o‘zgalar dardiga befarq bo‘lmaslik, suyanch va tayanch bo‘lishni – YASHASHni o‘rgatadi.

Yana o‘qing:  Interaktiv o‘yinlar o‘quvchini darsda faol bo‘lishga undaydi

Shoiraning “Hamma bilan bor mening ishim” degan birgina misrasi zamirida inson uchun qayg‘urish, mehr-oqibatni tuyasiz.

Zulfiyaxonim Yaponiyaga qilgan safarlaridan birida Xirosima fojiasining izlarini o‘z ko‘zi bilan ko‘radi. Shoira zo‘r hayajon ila xotiralarida shunday degan edi: “Biz sukutda qoldik. Men yonimda turgan notanish ayolning qo‘lidan ushladim. Tarjimon bizdan uzoqda edi. Biz bir-birimizning qo‘limizni qattiq qisdik:

– Urush bo‘lmaydi. Yo‘l qo‘ymaymiz unga! – taxminan shunday degan edim men yapon ayoliga o‘z ishoram bilan”.

Dunyodagi barcha onalar qalqib oyoqqa tursa urush albatta chekinadi, tinchlik yengadi, degan o‘yda ona qalbi hayqiradi. Shoiraning “O‘g‘lim, sira bo‘lmaydi urush” she’ri safar taassurotlari zamirida tug‘ilgan ekan.

Shoiraning shogirdlaridan uning qanchadan-qancha insonlarga tirgak, mador bo‘lib, yordam qo‘lini cho‘zganini eshitib havasim keladi. Maftunkor ijodi bilan men uchun cho‘qqida turgan bu ayol ulkan insoniyligi ila ko‘z o‘ngimda yana-da yuksalib boraveradi.

Ma’lumot to‘plash maqsadida shoiraning nabirasi Lola opa bilan suhbatlashdim. Nabirasi buvisining turli xil davlatlarda – Hindiston va Yaponiya, Birma va Shri-Lankada, Yugoslaviya, Bolgariya va boshqa mamlakatlarda bo‘lganligi, u yerdagi taniqli adabiyot va san’at namoyondalaridan tortib oddiy kishilarning-da fikr-o‘ylari bilan qiziqqanligi haqida hikoya qilib berdi. Bir dasta suratlarni kuzatar ekanman, dunyo ko‘rgan ayolning yuzidagi ma’sumalik, iymanish, nazokat, ayniqsa kiyinish madaniyati o‘zgarmaganligining guvohi bo‘ldim. Chehradagi biroz ulg‘ayish suratlarni bir-biridan farqlab turardi.

“…Men shodlikni olmayman pudrat,

Yuguraman qalb bilan vaqtdan…”

deydi Zulfiya “Isyon” degan she’rida.

Ha, haqiqatdan ham shoira qalbi ila vaqtdan, ayriliq va sog‘inchdan, iztirob va hijrondan g‘olib bo‘lishga intildi va vaqtning ayovsiz g‘ildiraklarini o‘zining o‘tli satrlari bilan zabt eta oldi. Qalb po‘rtanalaridan otilib chiqqan bu satrlar haroratini hattoki vaqt ham yemira olmaydi. Menimcha, haqiqiy ijodkor uchun umrning asl mazmuni ham shunda.

“Zulfiyaxonim she’rlarida tong timsoli, tong tasviri, buyuk erk, buyuk baxt, buyuk davr, buyuk va yorug‘ dunyo timsoliday jaranglab ketganligi va hanuz o‘shandoq turganligi hech kimga sir emas, hammasi mehnatdan, uzluksiz mehnatdan”, degan edi Mirtemir. Darhaqiqat, Zulfiyaxonim cheksiz mehnati ila katta maktab yaratgan va o‘z maktabida yosh qalamkashlarning butun bir avlodini kamolga yetkaza bilgan shoiradir. Zulfiya she’riyatining eng katta yutug‘i shundaki, o‘quvchiga ko‘tarinki ruh beradi, komillikka, qahramonlikka yetaklaydi.

Yana o‘qing:  Kasbga muhabbati bilan doimo el e’zozida

Zulfiyaxonim uchun qilinayotgan e’zoz va ehtiromni ko‘rib, shoira bejiz shunday misralarni bitmagan ekan, deya o‘ylab qolaman.

“Baxtim shul – O‘zbekning Zulfiyasiman!”

Nilufar JABBOROVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: