“Xo‘rak”ka ilingan bolalar taqdiri

Yoxud yutuqli mahsulotlarning tarbiyaga salbiy ta’siri xususida

Tushlik uchun non olish maqsadida do‘konga kirdim. Maktabdan qaytayotgan o‘quvchilar do‘kondan nimanidir talashib olishardi. Yaqinroq borib nima ekani bilan qiziqdim. So‘ng bolakaylarning birini so‘roqqa tutdim. Uning aytishicha qaysidir “suxarik”ning ichidan yutuqli pul chiqar ekan…

Qadimda onalarimiz qotgan nonlarni to‘g‘rab, quyosh tig‘iga qo‘yishgan. Sababi, suvi qochgan non me’da uchun koni foydadir.

Bugunga kelib tadbirkorlar quritilgan non bo‘lakchalarini maxsus bezakli qadoqlarda sotuvga chiqardi. Mazkur ish daromadli bo‘lgach, quritilgan non bo‘laklari savdosi avjiga chiqdi. Bu esa o‘z navbatida raqobatni yuzaga keltirdi. Endi tadbirkorlar xaridorni jalb etish yo‘llarini izlay boshladi. Raqobat yaxshi, lekin bu o‘sib kelayotgan yoshlar tarbiyasi va kelajagiga raxna solmasligi kerak.

Qadog‘ini ochganingizlarda uning ichidan har xil o‘yinchoqlar chiqadigan bu kabi rang-barang mahsulotlar bolaga zavq bag‘ishlaydi. Ammo 500 va 1000 so‘mli yutuq topish ilinjidagi yoshlar ning me’yoridan ortiq qotirilgan non yeyishi uning salomatligiga salbiy ta’sir etmaydimi? Bu bilan u pulga o‘ch, o‘z sog‘liga e’tiborsiz, bir so‘z bilan aytganda “soqqa” tikiladigan o‘yinlarga mehr qo‘yib ulg‘aymaydimi?

Biz talabga qarab mahsulot olib kelamiz, – deydi poytaxtimizdagi do‘konlardan birining sotuvchisi Qobil Vorisov. – Bugun qotirilgan nonlar, ayniqsa, ichida pul yutug‘i borlari tez sotilmoqda. Bunga bolalar juda qiziqadi. Nafaqat yoshlar, balki kattalar ham bu kabi mahsulotlarni o‘z yaqinlariga sotib olishadi. Nazarimda buning hech qanday yomon tomoni yo‘q.

Sotuvchining “biznesi”ga xalal berdikmi yoki boshqa sababmi, xullas, u kishi bu masalani muammo, deb bilmadi. Demak, mavzuning muammoli jihatiga yanada aniqroq yondoshamiz. 

– 3-sinfda o‘qiydigan qizimning maktabida ota-onalar majlisi o‘tkazildi, – deydi yaqin bir tanishim. – Yig‘ilish o‘qituvchining sumkasidan pul yo‘qolganligiga bag‘ishlandi. “Uddaburon” ham aniqlandi. Kimligi sir tutilgan bo‘lsa-da o‘sha o‘quvchining onasi majlisda mulzam bo‘lib o‘tirgani aniq. Bolaning o‘g‘irlikka qo‘l urishi, uning tarbiyasida bo‘shliq borligidan darak. O‘g‘irlik sababi o‘rganilganida o‘sha o‘quvchi do‘kondan pul yutug‘i bor “suxarik” sotib olmoqchi bo‘lgan va “yutgan” pullarini o‘qituvchining sumkasiga yana qayta solib qo‘yishni maqsad qilgan ekan. “Ishbilarmonlik”ni qarang! Do‘stlarining aytishicha, bola uyidan olib kelgan pulga har kuni shu mahsulotni sotib olgan va pulli o‘yinga mukkasidan ketgan. Natijada bir dona emas, ko‘proq pul “yutib olish”ni ko‘zlagan va nihoyat o‘g‘irlikka qo‘l urgan.

Mana, sizga masalaning salbiy jihati. Endi muammoning boshqa tomoniga e’tibor qaratsak. Ya’ni, bu kabi mahsulotlar bola salomatligi uchun koni zarar hisoblanadi. Chunki yutuqli yeguliklar aslidan tubdan farq qiladi. Ular asosan jo‘xori kukuni va yana shu kabi aralashmalardan tayyorlanadi. Uni iste’mol qilish esa salomatlikka jiddiy xavf tug‘diradi. Qadoq ichidagi pul yelim xaltachaga joylashtirilgan. Bu bilan go‘yoki ishlab chiqaruvchilar gigiyenik talabni saqlashga urinishgan. Ammo, o‘sha yelim idishning o‘zi ham zaharli hid taratadi. Ayniqsa, qadoq ichida turgan paytda uning kimyoviy jihatdan o‘zgarishi tayin.

Organizmi jadal rivojlanayotgan bolaning me’dasi juda nozik bo‘ladi, – deydi pediatr Iroda G‘ulomova. – Uning me’da osti bezi har qanday yegulikni parchalashga kuchi yetmaydi. Ayniqsa, kimyoviy ishlov berilgan mahsulotlar me’da-ichak tizimini zararlaydi va bolada turli kasalliklarni keltirib chiqaradi.

Ibn Sino bobomiz ham sog‘lom hayot asosini to‘g‘ri ovqatlanishda deya ta’kidlagan. E’tiborlisi, bugun ham soha mutaxassislari ushbu masalaga jiddiy e’tibor qaratish lozimligini uqtirmoqda.

Faoliyatim davomida maktabning boshlang‘ich sinf o‘quvchilari bilan ko‘p suhbat olib boraman, – deydi psixolog Durdona Sayfullayeva. – Bu davrda ular o‘ta qiziquvchan bo‘ladi. Shu bois, maktab yoshidagi bolalar taqiqlangan narsalarga intiladi. Ular qiziqishi ortidan ko‘p xatolarga yo‘l qo‘yishi mumkin. Shu sabab kattalar bu paytda hushyorlikni yo‘qotmasligi lozim. Bola xato qildimi, birinchi galda uning ota-onasiga tanbeh berish lozim. Albatta, tadbirkor xaridorlarning qiziqishlarini hisobga olgan holda mahsulot ishlab chiqaradi. Lekin ota-onalar bolasining qo‘liga pul tutqazishdan oldin unga do‘kondan nimalar sotib olishini ham uqtirishi lozim. Shunday qilinsa, muammo o‘z-o‘zidan barham topadi. Iste’mol uchun yaroqsiz mahsulotni sotish uchun ruxsat berilmaydi.

Xulosa o‘rnida shuni aytmoqchimizki, har bir bolani o‘z farzandimizdek asrab-avaylasakkina jamiyatimizda sog‘lom muhit yaratiladi. Aholi o‘rtasida esa sog‘lom turmush tarzi qaror topadi.

Yana o‘qing:  NURLI KELAJAKNING POYDEVORI MUSTAHKAM

 

Dildora FAYZIYEVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: