NURLI KELAJAKNING POYDEVORI MUSTAHKAM
Telefon qo‘ng‘irog‘i jiringladi. Norqul Tog‘ayev go‘shakni ko‘tarar ekan asta javob berdi:
– Allo.
– Assalomu alaykum, Ustoz! Yaxshimisiz? Bu menman, Rafael! Ustoz tabriklang, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini tamomlab, Maskva davlat universitetining magistiri bo‘ldim. Bunda, albatta, sizning mehnatingiz katta. Barchasi uchun rahmat…
Mamnun qiyofada Norqul Tog‘ayev go‘shakni qo‘yar ekan biroz o‘yga toldi. Rafael Sattorov Norqul aka boshchiligidagi Jizzax viloyat xalq ta’limi boshqarmasiga qarashli 29-”Mehribonlik” uyiga kelganida biroz tortinchoq, kayfiyati tushkun edi. Mana yillar o‘tib, bolada ilgarigi horg‘inlik butkun yo‘qolib, aksincha, qat’iyatli, harakatchan, bilimdon yigitga aylandi.
Ha, ko‘p yildan buyon muassasaga rahbarlik qilib kelayotgan Norqul aka xodimlari bilan birgalikda qilgan mehnati-yu, mashaqqatining mahsulini har gal uchirma qilgan qaldirg‘ochlarining mustaqil hayotda erishgan yutuqlarida ko‘radi. Har safar bolalari biror bir muvaffaqiyatga erishsa suyunchining birinchisini Norqul akaning o‘zlaridan olishadi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmadi hamki, bolalaridan biri O‘zbekiston milliy universitetini tamomlagan Eduard Afonin shu kunlarda xorijliklar bilan samarali loyiha ustida shartnoma tuzib ish boshlagani haqida xushxabarni eshitib quvondi.
Sir emas har bir yutuq va muvaffaqiyatlar zamirida g‘amxo‘rlik va e’tibor mujassam. 29-”Mehribonlik” uyida tarbiyalanuvchilar ham yurtimizdagi barcha bolalarlardan qolishmaydigan qulay shart-sharoitda ta’lim-tarbiya olib, o‘z orzu maqsadlari tomon ildamlamoqdalar.
– Bola qalbida hamisha ishtiyoq va intilish gurkirab turadi. Buning uchun esa uni to‘g‘ri yo‘naltirish, uning kuch g‘ayratini ezgu ishlarga sarf ettirishga o‘rgatish lozim, – deydi muassasa rahbari Norqul aka Tog‘ayev. – “Katta xonadonimiz”dagi bolalarning barchasi odobi va qobiliyati bilan bir-biridan qolishmaydi. Qaysi biridan so‘ramang olamga tatigulik orzular bilan yashayotganiga va buning uchun barcha iqtidorini namoyon etishga urinayotganiga guvoh bo‘lasiz. Axir, bu ham bejiz emas-da. Zero, o‘z orzularini amalga oshirishi uchun Vatanimiz barcha imkoniyatlar eshigini keng ochgan, oq yo‘l bergan.
1994-yil tashkil topgan, 140 o‘ringa mo‘ljallangan mazkur muassasa 2006 – 2007-yillarda qayta ta’mirlanib, sport zal, shinam yotoqxonalar, 110 o‘ringa mo‘ljallangan oshxona, kompyuter jamlanmalari bilan jihozlangan sinf xonasi, kutubxona, tibbiyot va shu kabi bir qator xonalar zamonaviy qiyofa kasb etdi.
Bu yerda 24 nafar pedagog, to‘garak rahbarlari o‘quvchilarni ham ruhiy, ham ma’naviy qo‘llab-quvvatlab turishadi. Bu yerda bolalarning har bir vaqt-soati maqsadli, aniq belgilab qo‘yilgan. 29-”Mehribonlik” uyidagi bolalarning 97 nafari maktab o‘quvchisi hisoblanib, ular Jizzax shahridagi 4-5-umumta’lim maktablarining o‘zbek, rus guruhlarida hamda 32-maxsus maktab internatida ta’lim olmoqdalar. “Mehribonlik” uyida ta’lim – tarbiya jarayoniga yangi axborot kommunikatsiya va pedagogik texnologiyalar, elektron darsliklarni kiritish orqali ta’lim-tarbiya sifati tubdan yaxshilandi. Muassasada videoproekt o‘rnatildi, tarbiyalanuvchilarni zamonaviy o‘quv resurslari bilan tubdan tanishtirish maqsadida “Mehribonlik” uyi “Ziyonet” tarmog‘iga ulanib, barcha pedagog xodimlar va tarbiyalanuvchilar undan maqsadli foydalanmoqdalar.
– Sir emaski, o‘tish, ulg‘ayish yoshi ruhiy o‘zgarishlar pallasi ham sanaladi, – deydi muassasaning ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Gavhar Xudoyqulova – Bunday paytlarda muassasa ruhshunosi tarbiyalanuvchilarning ruhiy holatidan kelib chiqib ularga psixoprofilaktik, korreksion rivojlantiruvchi ishlar olib borib, ular bilan suhbatlar, psixologik-pedagogik harakatli va trening o‘yinlar, tadbirlar o‘tkazib boradi. Ammo birgina psixolog bilan ish bitmaydi. Shuning uchun “Mehribonlik” uyimizda sakkiz xildagi zardo‘zlik, yumshoq o‘yinchoqlar, tikuvchilik, tasviriy san’at, musiqa, sport, kompyuter sabog‘i kabi to‘garaklarga alohida e’tibor qaratamiz.
Bu bolaning ma’lum qobiliyatini shakllantirishga, ularning bo‘sh vaqtini foydali va maqsadli sarf etishga ko‘mak beradi. Sportning stol tennisi, shaxmat-shashka, futbol, volleybol, basketbol, boks turlari bo‘yicha muassasada tez-tez musobaqalar o‘tkazilib turiladi. Natijada bola sinovlarda toblanib musobaqalarda “suyagi qotadi”. 1998-yilda tug‘ilgan Stepan Partnov sportning boks turi buyicha 2013-yilda Qozog‘iston Respublikasida o‘tkazilgan Xalqaro musoboqada faxrli 1-o‘rinni, 1997-yilda tug‘ilgan Ozodbek To‘xtayev faxrli 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Anvar Ergashev, Niyat Sherbo‘tayevlar ham jahon chempionlarga izdosh sanaladi.
6 yoshli Doston Berdiyevning rasm chizishga ishtiyoqi baland. U “Mehribonlik” uyining “Tasviriy san’at” to‘garagi a’zosi. 2013-yilda Doston “Kamalak ranglar jilosi” Respublika ko‘rik tanlovida faxrli 1-o‘rinni egalladi. Ajab emas kelajakda bolakay rang-tasvir yo‘nalishida katta yutuqlarni qo‘lga kiritsa. 8-sinf o‘quvchisi Muhiddin Normatov ham mazkur tanlovda rag‘batlantiruvchi o‘rin bilan taqdirlandi. O‘tgan yili 5-sinf o‘quvchisi Behruz Jumaboyev 1-o‘rinni, 2-sinf o‘quvchisi O‘rol Tilovov esa 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Xoreografiya, doira yo‘nalishiga qiziquvchan bolalar yilda ikki marotaba o‘tkaziladigan “Mehrjon” Respublika festivalida faol ishtirok etib kelishmoqda.
Sir emas bola kuzatuvlar orqali tarbiyalanib boradi. Dars soatlaridagi amaliy mashg‘ulotlar ular uchun tom ma’nodagi sinov maktabi sanaladi. “Mehribonlik” uyida tarbiyalanuvchi bolalarni Vatanga sadoqat, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, harbiylik sohasiga qiziqishni uyg‘otish, mamlakatimiz Qurolli kuchlari salohiyatini yaqindan tanishtirish maqsadida Viloyat Harbiy prokuraturasi va Markaziy Harbiy okrug garnizoni tomonidan yuqori sinf o‘quvchilari uchun harbiy-huquqiy sinf ochildi va har oyda mashg‘ulotlar o‘tkazilib, gornizonlarga sayohat uyushtirilmoqda. Bu esa kamolot pilapoyasiga qadam qo‘yayotgan yoshlarga haqiqiy mahorat soatlari hisoblanadi. Bolalarga “Mehribonlik” uylarining o‘quvchilari o‘rtasida sog‘lom raqobatni rivojlantirish maqsadida turli bellashuvlarda ishtirok etib turishadi. “Sen Yolg‘iz Emassan” Respublika jamoatchilik bolalar jamg‘armasi va O‘zbekiston teleradiokompaniyasi tomonidan tashkil etilgan Toshkent shahrida har oyda o‘tkaziladigan “Bilimlar kamalagi” intellektual televiktorinasida respublikamizning barcha viloyatlari qatorida mazkur muassasaning olti nafar tarbiyalanuvchisidan iborat jamoa ham ishtirok etib, sovrinli o‘rinni egalladi.
“Mehribonlik” uyidagi bolalar faoliyati bilan tanishar ekanmiz, ularning faolligi kishiga zavq bag‘ishlaydi. Bu maskanda har bir bola orzular og‘ushida ta’lim olmoqda. Ular birgalikda yorqin istiqbol sari dadil odimlamoqda. Bir-birining yutuqlaridan aka-ukadek quvonib, dardli damlarda tirgak bo‘lishmoqda.
Aytishadiki, zamin bola kulgisi-yu, keksalarning duolaridan o‘z maromida sokin aylanadi. Shuni ham alohida ta’kidlash lozimki, ko‘ngli yarim bolalar diliga yaxshilik urug‘ini qadab, uning baxtli hayotiga oq fotiha tilagan yurtning kelajagi hamisha nurli va ravon bo‘lishi muqarrar.
Ma’rifat TOLIPOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri