TIBBIYOT VA ISLOHOT: huquqiy asoslar mustahkamlanmoqda

Inson va uning manfaatlari ustuvor sanalgan mamlakatimizda el sog‘lig‘ini mustahkamlash, aholining sifatli tibbiy xizmatdan foydalanishini yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bularning barchasi istiqlolning dastlabki kunlaridanoq Prezidentimiz rahnamoligida sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar samarasidir.

Mustaqilligimizning o‘tgan 21 yili mobaynida sog‘liqni saqlash tizimining me’yoriy-huquqiy negizlarini takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining 13ta qonuni qabul qilindi va qator qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Bular qatoriga O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”, “Davlat sanitariya nazorati to‘g‘risida”, “Surunkali alkogolizm yoki giyohvandlikka mubtalo bo‘lgan bemorlarni majburiy davolash to‘g‘risida”gi, “Odamning immunitet tanqisligi virusi bilan kasallanishining oldini olish to‘g‘risida”, “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida”, “Psixiatriya yordami to‘g‘risida”, “Aholini sil kasalligidan muhofaza qilish to‘g‘risida”, “Qon va uning tarkibiy qismlari donorligi to‘g‘risida”gi, “Yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi to‘g‘risida”, “Aholi o‘rtasida mikronutriyent yetishmasligi profilaktikasi to‘g‘risida”, “Bola huquqlari kafolatlari to‘g‘risida”, “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risda”gi qonunlar kiradi.

“Ma’rifat markazi” majmuidagi Simpoziumlar saroyida 2011 yil 26 noyabr kuni “O‘zbekistonda ona va bola salomatligini muhofaza qilishning milliy modeli: “Sog‘lom ona — sog‘lom bola” mavzuidagi xalqaro simpoziumning o‘tkazilganligi bu boradagi islohotlarning jahonda e’tirof etilishidir.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan “Sog‘lom ona-sog‘lom bola” dasturi bugungi kunga kelib umummilliy harakatga aylandi. Ayni paytda ushbu muhim dasturning ijrosini ta’minlash maqsadida hududlarda zamonaviy tibbiyot muassasalari tarmog‘i, shu jumladan, respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya, akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy markazlari, tug‘ruqxona majmualari hududiy ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazlari, qariyib 3200 dan ziyod qishloq vrachlik punktlari tashkil etildi.

Bugungi kunda ona va bola salomatligini muhofaza qilish milliy modeliga muvofiq, onalar va bolalar sog‘lig‘ini saqlash tizimini takomillashtirish, perinatal, skrining markazlari, tug‘ruqqa ko‘maklashish hamda pediatriya muassasalarining moddiy texnika bazasini yanada rivojlantirish va mustahkamlash kabi vazifalar bizning oldimizda turibdi.

O‘zbekiston Respublikasi qo‘shilgan ilk xalqaro hujjatlardan biri BMTning 1992 yil 9 dekabrda parlamentimiz tomonidan ratifikatsiya qilingan “Bola huquqlari to‘g‘risida”gi Konvensiyasidir. 2008 yil 8 yanvarda esa “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni kuchga kirdi. Shuningdek, mamlakatimizda ilk davlat mukofotlaridan biri “Sog‘lom avlod uchun” ordenining ta’sis etilishi ham ramziy ma’noga ega.

Yana o‘qing:  KAMRONBEK FALABA QOZONDI

Davlatimiz rahbarining 2009 yil 13 apreldagi “Ona va bola salomatligini muhofaza qilish, sog‘lom avlodni shakllantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi, 2009 yil 1 iyuldagi “2009-2013 yillarda aholining reproduktiv salomatligini mutahkamlash, sog‘lom bola tug‘ilishi, jismoniy va ma’naviy barkamol avlodni voyaga yetkazish borasidagi ishlarini yanada kuchaytirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari Dasturi to‘g‘risida”gi qarorlariga muvofiq sog‘lom bola tug‘ilishi, jismoniy va ma’naviy barkamol avlodni voyaga yetkazish borasidagi ishlarni yanada kuchaytirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari dasturi hayotga izchil tadbiq etib kelinmoqda.

Ayniqsa, sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishni yanada chuqurlashtirish, tibbiyot muassasalari faoliyati samaradorligini oshirish, zamonaviy talablar va standartlarga muvofiq aholiga yuqori sifatli tibbiy yordam ko‘rsatishni ta’minlash, Respublika sog‘liqni saqlash tizimida boshqarish va mehnatni tashkil etishning ilg‘or shakl hamda uslublarini joriy etish maqsadida 2011 yil 28 noyabr kuni davlatimiz rahbarining “Sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishni yanada chuqurlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilindi. Unda 2012-2015 yillarda aholiga, ayniqsa, qishloq joylarda, yuqori sifatli birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatilishida keng imkoniyatlar yaratilishini ta’minlash, fuqarolarga profilaktika va sog‘liqni muhofaza qilish bo‘yicha keng ma’lumot berish, diagnostika hamda ambulatoriya-profilaktika muassasalarining ish samaradorligini tubdan oshirish ko‘zda tutilgan.

Zamonaviy, xalqaro tajribadan o‘tkazilgan tashkiliy va moliyaviy menejment usullarini tatbiq etib Respublika Ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish, ularning moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash, eng zamonaviy tibbiyot uskunlari bilan jihozlash va doimiy ravishda qayta jihozlashga hukumatimiz tomonidan katta e’tibor qaratilmoqda. Xulosa qilib aytganda, o‘tgan yillar ichida sog‘liqni saqlash sohasida islohotlarni amalga oshirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 4ta farmoni, 20dan ortiq qarori, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 100ga yaqin qarori, tizimga oid 300ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.

Bu amalga oshirilgan ishlar sog‘liqni saqlash tizimini yanada rivojlantirishga, shu bilan birgalikda bu borada qonunchilikni takomillashtirishga samarali xizmat qiladi.

Ibodatxon YULDASHEVA,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar Qo‘mitasi a’zosi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: