TA’RIFINGGA TASHBIH TOPILMAS

Avgustning quyoshli tongida “Toshkent” temiryo‘l vokzalidan “Afrosiyob” tezyurar poyezdida bir guruh yosh ijodkorlar Samarqandga qarab yo‘lga tushdik. Xuddi o‘zim singari ilk kitob­lari “Birinchi kitobim” loyihasida chop etilgan Rustam Mirvohid, Shavkat Odiljon, Dinara Rahimova, Dildorxon Imomaliyeva kabi yoshlarga Yozuvchilar uyushmasi mas’ul kotibi Sirojiddin Rauf rahbarlik qildi.

Oldindagi uchrashuvlar, ziyoratlar hayajoni yuraklarimizga intiqlik solgani har birimizning yuz-ko‘zimizdan ko‘rinib turardi. Darvoqe, bu dovruqli poyezdga ham ilk bor chiqishim edi. “Afrosiyob” soatiga ikki yuz kilometr tezlikda harakatlansa-da, yurgani sezilmaydi. Shundoq yonginangizdan qishloqlar, dalalar lip-lip o‘tadi. Yo‘l bo‘yida saf tortgan uylar bir zamonlar hordiq chiqargani to‘xtaganu keyin shu yerda qolib ketgan karvonni eslatadi. Tonggi quyosh nurlariga cho‘mib yotgan yam-yashil dalalar so‘lim yurtimizning fusunkor tabiatini ko‘z-ko‘zlayotganga o‘xshaydi.

Bir-biriga o‘xshash qishloqlar yonidan o‘tarkanmiz, xayolimda o‘z qishlog‘im gavdalandi. Dalayu tomorqalarda mehnat bilan band odamlarni ko‘rib, yaqinlarimni, hamqishloqlarimni esladim. Safardosh tengqurlarim ijodida ona-yurt manzaralari, mehnatkash va samimiy xalqimiz obrazi turli shakllarda o‘z ifodasini topgan. Har bir ijodkorning o‘z qarashi va uslubi bor, bundan tashqari, har kim o‘zi tug‘ilib o‘sgan joy, o‘zi ko‘rgan-bilgan odamlar haqida yozadi. Biroq tavsirlangan manzaralar, odamlar bir-biriga yaqin. Chunki qayerga bormang, go‘zal tabiatni, samimiy, bag‘rikeng va mehnatkash insonlarni uchratasiz. Masalan, Shavkat Odiljonning yurt haqidagi she’rlarini o‘qib, o‘zim tug‘ilib o‘sgan qishloqni kezganday, ona haqidagi bitiklarini o‘qib, o‘zimning onam bilan diydorlashganday bo‘laman.

Mana shunday safarlar davomida Vatan tushunchasi geografik atama ma’nosidan keng ekanini, yurtingni, yurtdoshlaringni taniganing sari, bu tushunchaning ma’nosi kattarib borishini anglaysan…

Shu kabi o‘y-xayollar, orada qisqa taassurot almashinishlar bilan Samarqandga yetib kelganimizni ham sezmay qoldik. Bizni O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Orif Hojiyev kutib oldi. Ulovlarga o‘tirib, Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limiga yo‘l oldik. Yo‘lma-yo‘l tevarakka nazar tashlab, hayratlanib ketdik. Ravon yo‘llar, muhtasham inshootlar, xiyobonlar katta mehr va e’tibordan darak berib turibdi. Tarixiy manbalardan ma’lum, Samarqand Amir Temur poytaxti bo‘lgach, misli yo‘q darajada gullab-yashnadi, jahonga mashhur bo‘ldi. Sharq xalqlari orasida “G‘arbda Rim, Sharqda Samarqand” degan maqol tarqaldi. Biroq temuriylardan keyin bu ulug‘vor shaharning shuhrati so‘na boshladi, sobiq ittifoq davrida shahardagi asori atiqalar, yodgorliklar xaroba holga kelib qoldi. Istiqlol yillaridagina Samarqand qadimiy shon-shuhratini tikladi. Bu yerga dunyoning turli burchaklaridan keladigan sayyohlar soni yil sayin ortib boryapti. AQSHning “Huffington post” nashri Samarqandni dunyoning albatta borib ko‘rish kerak bo‘lgan ellikta shahri qatoriga qo‘shdi. E’tiborlisi, bu ro‘yxatda Samarqand MDH mamlakatlari orasida yagonaligi bilan ajralib turadi.

Yana o‘qing:  Kichkintoylar maskani

Safarning ilk tadbiri Navoiy haykali poyidagi mushoira bo‘ldi.

– Tadbirimizni bejiz bu bog‘dan boshlamadik, – deya so‘zga kirishdi Orif Hojiyev. – Xalqimizning buyuk farzandi, ulug‘ shoiriga har qancha hurmat-ehtirom ko‘rsatsak oz. Navoiy bobo, bilasizlar, Samarqandda, Fazlulloh Abu Lays madrasasida ta’lim olgan. Bu yerda juda ko‘plab shoirlar bilan tanishgan, do‘stlashgan. Shahar hokimi Ahmad Hojibek u kishiga homiylik qilgan. Agar Samarqand, uning ustoz olimu fozillari bo‘lmaganida, Navoiy bobo bu darajaga yetmagan bo‘lishi mumkin edi. Shu bois ulug‘ shoirimizni samarqandliklarga ham ustoz, ham shogird deyishga haqlimiz. Mana shu sizlar ko‘rib turgan bog‘ mus­taqillik yillarida tubdan obod qilindi, yoshlarning sevimli maskaniga aylandi. Bu yerda Navoiy boboga haykal tiklangani ham katta ramziy ma’noga ega.

Kattalaru yoshlar galma-gal dil so‘zlarimizni aytib, she’rlar o‘qidik. Safimizga samarqandlik yosh shoirlar, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati faollari ham qo‘shildi. So‘ng yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limiga yo‘l oldik. Bu yerda yosh shoir Shavkat Odiljonning “Birinchi kitobim” loyihasida chop etilgan “Baxt bekati” kitobi taqdimoti bo‘ldi.

Taqdimotdan so‘ng “Go‘ri Amir” maqbarasiga bordik. U yerda buyuk Sohibqiron ruhiga fotiha o‘qilgach, Orif Hojiyev maqbaraning olis va yaqin o‘tmishi, obod qilinishi haqida so‘zlab berdi. Maqbarani ziyorat qilarkanman, shonli tarixning salobatini tuydim. Go‘yo Amir Temir ruhi qarshimda turganday, o‘ychan va o‘tkir nigohlarini qadayotganday bo‘ldi. Bunday damlarda odam yelkasidagi mas’uliyat yukini, ajdodlarga munosib avlod bo‘lish burchini aniq-teran his etadi.

Ziyoratdan so‘ng Jomboy tumaniga yo‘l oldik. Haydovchimiz keta-ketguncha yo‘lda uchragan muqaddas qadamjolaru yangi inshootlarni ta’riflab bordi. Haqiqatan, Samarqandning har qadami hayrat, har qadami hikmat.

Har qanday ijodkor o‘zi yozadigan mavzuni puxta bilishi kerak. To‘g‘ri, tasavvur bilan ham yozish mumkin. Lekin ko‘rib-bilganga hech narsa yetmaydi. Shuning uchun qaynoq hayot ichida bo‘lish, uni ichdan bilish adabiyotda o‘ta muhim sanaladi. Deylik, asaringizda kulolning ish jarayoni tasvirlangan o‘rin bor. Bu holatni o‘z bilganingizcha, tasavvuringizga asoslanib qog‘ozga tushirishingiz mumkin. Ammo hayotdagidan farqli o‘rinni o‘quvchi baribir anglaydi. Chunki o‘quvchilar orasida kulollar yoki bu kasbni yaxshi biladigan, hech qursa, kulolning ish jarayonini kuzatgan odamlar albatta bo‘ladi. Asarning yasamaligi sezilgan zahoti ta’sir kuchi ham, jozibasi ham keskin kamayadi. Shu bois yozgan narsangni bilish shart. Bu haqda bekorga eslamadim. Chunki safarimizning keyingi bosqichi “Zarafshon” qo‘riqxonasida davom etdi. U yerda ohularning ajoyib turi – xongullarni tomosha qildik. “Buxoro bug‘usi” deb ham ataladigan bu jonivor O‘zbekiston qizil kitobiga kiritilgan. Xongullar ilgari Amudaryo, Sirdaryo va Orol dengizi sohillaridagi qamishzor va to‘qaylarda tarqalgan. Hozir faqat qo‘riqxonalarda yashaydi, xolos.

Yana o‘qing:  OZOD VATAN BERGAN BAXT

Bu ohuning g‘ayrioddiy odati bor ekan, boshqa joyga ko‘chirilsa, yashay olmas ekan. Juda zarur bo‘lsa, maxsus dori yordamida uxlatib olib borilar ekan. O‘z vataniga, zaminiga juda qattiq bog‘langan jonzot degan xulosaga keldim.

Xongullarning bir to‘dasi yemga o‘rgatilgan ekan, bizni ko‘rib yugurib keldi. Erkagining boshida bir-bir yarim quloch keladigan butoqli shoxi bor. Shoxi har yili bahorda chiqib, kuzda tushar ekan. Xongullar yuvosh, suzmaydi. Lekin ularga sal-pal hadik bilan yaqinlashdik, begonasirashi mumkin-da. Terisi to‘q kulrang, yungi baquvvat, dag‘al. Ko‘zlari katta-katta, qora.

Bundan yetti yil oldin qish haqida yozgan bir she’rimda: “Bug‘u shoxlariday yaproqsiz daraxt” degan satr bor edi. Bug‘ularni kitoblardagi rasmlarda, televizordagi tas­virlarda ko‘rgandim. O‘sha ko‘rganlarimga asoslanib, yaprog‘i yo‘q og‘ochni bug‘u shoxiga o‘xshatgandim. Bugun o‘zini ko‘rdim. Endi xongul yoki bug‘u haqida biror narsa yozadigan bo‘lsam, qo‘rqmayman – asosim bor.

Qo‘riqxonadan chiqib, Xartang qishlog‘iga – buyuk muhaddis Imom Buxoriy maqbarasiga yo‘l oldik. Bu obod va fayzli maskanga qadam qo‘ygan zahotingiz ko‘ngil bir yengillikni, halovatni his qiladi. Yodgorlikka kirgach, katta chinor yonidagi buloq suvidan qonib-qonib ichdik. Aytishlaricha, bu suv ko‘p dardlarga davo ekan. Oddiy bir buloq o‘z-o‘zidan bunday fazilatga ega bo‘lib qolmaydi, menimcha. Bu shu yerda yotgan, Xudo suygan ulug‘ zotning sharofatidan.

Ziyoratdan so‘ng vokzalga yo‘l oldik. “Afrosiyob”ga o‘tirib, “Qaydasan, Toshkent?” deya yo‘lga tushdik. Shunday qilib, bir kunlik safardan bir olam taassurotlar bilan qaytdik.

Ijodkorning zaxirasi boy bo‘lishi kerak. Idrokning qat-qatlarida yotgan kichik bir xotira vaqti kelib she’rga, hikoyaga, hatto romanga aylanishi mumkin. Yosh ijodkorlarning Samarqandga safari ham ularning asarlarida o‘z aksini topadi deb o‘ylayman.

Orif TOLIB

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: