Sotuvi taqiqlangan o‘yinchoqlar hamon bozor rastalarida

Yaqinda farzandimga o‘yinchoq sotib olish maqsadida poytaxtimizdagi “O‘rikzor” bozoriga bordim. Bir-biridan bejirim qo‘g‘irchoqlar, ko‘zni quvnatuvchi o‘yinchoqlar kishi havasini keltiradi.

Lekin ularni sotib olishga har kimning ham cho‘ntagi ko‘taravermaydi. Ahamiyatli jihati, bir xil ko‘rinishga ega qo‘g‘irchoqlarning narxi ikki xil. Sotuvchilardan buning sababini so‘rasam, “Mana bu qimmatroq qo‘g‘irchoq Xitoyda, arzonrog‘i esa O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan”, deya javob berdi.

Internetdagi aniq manbalarning xabariga ko‘ra, AQSHning sifat bo‘yicha nazorat tashkilotlari shu paytga qadar Xitoyda ishlab chiqarilgan o‘yinchoqlar bilan bog‘liq 29 ta ishni ko‘rib chiqqan. Ulardan biri o‘tgan yilning iyulida Xitoyning janubida tayyorlangan o‘yinchoqlar partiyasining rangi haddan ziyod orttirilganligi bois, qaytarib yuborilishi bilan bog‘liq edi.

2009 yilning avgustida Amerika Qo‘shma Shtatlarining taniqli “Fisher Price” kompaniyasi tarkibida yaroqsiz materiallar bo‘lgan, noma’lum bo‘yoq bilan bo‘yalgan 1 milliondan ortiq o‘yinchoqni ortiga qaytarib yuborgan. Qarangki, bu kabi sifatsiz o‘yinchoqlar endi bizning yurtimizga ham kirib kelmoqda. Narxining balandligini aytmaysizmi?!

Shunday o‘y-xayollar bilan xaridda davom etarkanman rastalarda polimerdan yasalgan tipratikanlarni ko‘rib, ajablandim. Boisi, bu o‘yinchoqlar yaqinda “O‘zstandart” agentligi, O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan tekshiruvda bolalar sog‘lig‘i uchun xavfli deb topilgan edi. Nahot, bu o‘yinchoqlar hali ham sotuvda bo‘lsa? Yoki tartib boshqa, amal boshqami?

Shaxsiy kuzatuvim davomida ma’lum bo‘ldiki, saraton kasalligini keltirib chiqaruvchi o‘yinchoqlarning barchasi bozor rastalarida sotilmoqda. Bu mahsulotlarni nafaqat “O‘rikzor”, balki poytaxtdagi boshqa bozorlarda ham uchratish mumkin. Sotuvchilardan buning sababini so‘raganimizda “Bu boshqa o‘yinchoqlar” deb o‘zlarini chetga tortishdi.

Eslatib o‘tamiz, “O‘zstandart” agentligi tomonidan o‘rganilgan bolalar shiqildog‘i, chiyildoq koptok, qo‘g‘irchoqlar, yonib turuvchi polimerdan yasalgan tipratikan kabi o‘yinchoqlar sifati va xavfsizligini tasdiqlovchi muvofiqlik sertifikati hamda sanitar-epidemiologik xulosalarsiz sotilayotgani aniqlangan. Ushbu mahsulotlar belgilangan talablarga nomuvofiq deb topilgan. Shunday ekan, sog‘liq uchun xavfli o‘yinchoqlar nega rastalarni tark etmayapti?

 

– Bunga sabab chetdan aylanma yo‘llar orqali yurtimizga kiritilgan mahsulotlar noqonuniy ravishda, tegishli nazoratsiz bozor rastalariga chiqayotganidadir, – deydi “O‘zstandart” agentligi Sinov va sertifikatlashtirish markazi davlat korxonasi bosh mutaxassisi Dilfuza Abdullayeva. – O‘zimizda ishlab chiqarilayotgan o‘yinchoqlar albatta, sifat tekshiruvidan o‘tkaziladi. Nomuvofiq mahsulotlar bo‘lsa, darhol ishlab chiqaruvchini ogohlantiramiz va ular nomuvofiqlikni bartaraf etishgandan keyingina mahsulotlariga ijobiy xulosa beramiz. Chetdan kirib kelayotgan mahsulotlarni esa buyurtmachi tomonidan buyurtma berilgandagina tekshira olamiz. Mana shu holat tufayli ko‘plab sifatsiz mahsulotlar sotuvga chiqarilyapti. Bu o‘yinchoqlarni olib kirgan, ishlab chiqargan yoki uni sotayotganlarga nisbatan huquqiy chora ko‘rish vakolatiga ega emasmiz. Ularni bozor rastalaridan olib tashlash bo‘yicha huquqimiz yo‘q. Biz mas’ul tashkilotlarga bunday sifatsiz mahsulotlar haqida eslatma beramiz.

 

Yana o‘qing:  Sidqidildan mehnat qilgan kam bo‘lmaydi

Mutaxassisning so‘zlaridan xulosa qilish mumkinki, “bong” urib ogohlantirilayotgan sifatsiz o‘yinchoqning bolalar sog‘lig‘iga yetkazishi mumkin bo‘lgan xavfini mensimaslik xunuk oqibatlarga olib keladi. Bola uchun ovunchoq xarid qilishda ularning kimyoviy tarkibiga e’tibor berish lozim. Masalan, o‘yinchoqdan o‘tkir kimyoviy hid taralmasligi kerak. Bu esa ishlab chiqarishda sifatsiz plastmassa va rezinalardan foydalanilganini anglatadi. Yumshoq o‘yinchoqlar esa asosan kimyoviy-sintetik tolalardan tayyorlanadi. Bu tolalarni bolalar qiynalmasdan ajratib oladi. Hatto, ta’mini ham totib ko‘rishadi. Oqibatda zaharli moddalar jigar, me’da-ichak, buyrak yo‘llariga tushadi va hali to‘la rivojlanmagan bola organizmiga asta-sekin salbiy ta’sir eta boshlaydi. Jumladan, turli toshmalar, shishlar kabi allergik xurujlar kuzatiladi. Bu turdagi mahsulotlar, eng avvalo, bola ruhiyatiga va ko‘rish qobiliyatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Yaroqsiz o‘yinchoqlar bilan o‘ynash oqibatida bolada ko‘ngil aynishi, ko‘z ostining ko‘karishi, lanjlik va bexalovatlik kuzatilishi mumkin.

 

Xulosa o‘rnida mutaxassislarning quyidagi eslatmasini taqdim etamiz.

O‘yinchoqlar xarid qilishda, avvalo, ushbu ma’lumotlar bilan tanishish zarur:

  • muvofiqlik va gigiyenik sertifikatlari;
  • o‘yinchoqlarda o‘zbek tilidagi markirovka-etiketkaning bo‘lishi;
  • qaysi davlatga tegishliligi;
  • korxona nomi;
  • qanday materialdan tayyorlanganligi;
  • necha yoshdagilar uchun mo‘ljallanganligi;
  • yo‘riqnoma bo‘yicha foydalanish tartib-qoidalari;
  • narxi.
  • Shuningdek, maxsus elektron savdo-tijorat saytlaridagi “Internet magazin”dan o‘yinchoq tanlashda ehtiyotkorlik talab etiladi.
  • O‘yinchoqlarni tanlashda nimalarga e’tibor qaratish kerak?
  • bolaning yoshi va qiziqishini hisobga olish;
  • matolilarining tikilishiga e’tibor berish;
  • yuvganda qulay, rangi o‘chmaydigan yoki ketmaydigan bo‘yoq bilan qoplanganlarini tanlash;
  • o‘yinchoqlardagi rasmlarning aniqligi;
  • plastmassa o‘yinchoqlar yumshoq va noxush hidga ega bo‘lmasligi;
  • yumshoq o‘yinchoqlarning ichki qismi yuvish uchun qulay sintefondan bo‘lishi lozim.
  • Bolalar hayoti va sog‘lig‘i uchun zararli o‘yinchoqlar:
  • o‘tkir hidga ega;
  • ranglari haddan tashqari yorqin va to‘q tusda bo‘lgan;
  • kimyoviy-sintetik tolalardan tayyorlangan;
  • sifatsiz biriktirib tikilgan yumshoq o‘yinchoqlar.

 

Dildora FAYZIYEVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: