ShHT sammiti arafasida xalqaro forumlar tashkil etildi

Ayolni ulug‘lash, uning jamiyatdagi o‘rnini har qachongidan-da yaxshilash butun insoniyat chekidagi mas’uliyat, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ana shunday qadr-qimmatga ega ayollarimiz bugun barcha sohalarda faollik ko‘rsatib, yurtimiz rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgani tahsinga loyiq.

 

Svetlana INAMOVA,
«Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya fondi Boshqaruvi raisi

Ayollik vazifasi bilan bir qatorda jamiyatda o‘z o‘rnini topishga astoydil intiladigan xotin-qizlar endilikda nafaqat mamlakat, balki xalqaro miqyosdagi tashkilotlar tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanmoqda. Buning yorqin isbotini Xitoy Xalq Respublikasida o‘tkazilgan xalqaro forum misolida ham ko‘rish mumkin.

Joriy yilning 15-18 may kunlari Pekin shahrida “Ayollar kuchining birlashishi, umumiy taraqqiyot sari harakat” mavzuida ShHT Birinchi Ayollar forumi bo‘lib o‘tdi. Tadbir ShHT Kotibiyati hamda Butunxitoy ayollar federatsiyasi tomonidan tashkil etildi. Forum ishida ShHTga a’zo davlatlarning xotin-qizlar tashkilotlari, shuningdek, ShHT kuzatuvchi davlatlari delegatsiyalari ishtirok etdi.

Mazkur forumning o‘tkazilishidan ko‘zlangan asosiy maqsad xotin-qizlar tashkilotlarining dolzarb muammolarni hal qilishdagi sa’y-harakatlarini birlashtirish, ShHTga a’zo davlatlar oldida turgan vazifalarni bajarishda xotin-qizlar tashkilotlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda bu borada izchil ishlarni amalga oshirishdan iborat.

Yurtimiz delegatsiyasiga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Narbayeva rahbarlik qildi. Delegatsiya tarkibiga O‘zbekiston Respublikasi Senati raisi o‘rinbosari Svetlana Artikova, Maktabgacha ta’lim vaziri Agrepina Shin, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Boshqaruvi raisi, “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi direktori Dilorom Toshmuhammedova kiritildi.

Tadbir ochilishida O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari Tanzila Narbayeva so‘zga chiqib, forum qatnashchilariga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, shuningdek, gender tengligi, ijtimoiy va oilaviy munosabatlar sohasidagi yutuqlarni amalga oshirishga qaratilgan yirik siyosiy dasturning asosiy qoidalari bilan tanishtirdi.

Butunxitoy Xotin-qizlar federatsiyasi raisining o‘rinbosari va kotibiyati a’zosi Sya Sze moderatorligida o‘tgan konfereniyada Qirg‘iziston, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston, Belorus, Eron, Ozarbayjondan tashrif buyurgan bir qator vakillar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi. Unda yurtimiz delegatsiyasi safida borgan “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi direktori D. Toshmuhammedovaning ham ma’ruzasi tinglandi.

Shuningdek, forum ishtirokchilari “Ayollar kuchini birlashtirish, hamkorlikdagi taraqqiyotni rag‘batlantirish”, “Ayollar va innovatsion rivojlanish”, “Ayollar va go‘zal dunyo”, “Ayollar va o‘zaro manfaatli hamkorlik” kabi mavzularda o‘zaro tajriba almashdi.

Yana o‘qing:  Ezgulik ulashgan karvon Toshkentga qaytdi

Tadbir so‘nggida o‘zaro manfaatli bitimlar imzolanib, galdagi vazifalar belgilab olindi.

 

Shanxay Hamkorlik Tashkiloti o‘tgan yillardagi faoliyati davomida nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar qatoridan munosib o‘rin egalladi.

Uning davlatlararo munosabatlar tizimida xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirishdagi samarali faoliyati butun dunyo e’tiboriga tushdi. Ana shunday xalqaro miqyosdagi navbatdagi sammit oldi forumi Xitoy Xalq Respublikasining Pekin shahrida bo‘lib o‘tdi.

Gumanitar sohadagi aloqalar va amaliy hamkorlikni rag‘batlantirish maqsadida tashkillashtirilgan forum Xitoyning “Do‘stlik” jamiyati hamda “Xitoy do‘stlik, tinchlik va taraqqiyot” fondi tomonidan xorijiy va Markaziy Osiyo davlatlari ishtirokida o‘tkazilib, unda nodavlat va notijorat tashkilotlar o‘rtasida har tomonlama aloqalarni yo‘lga qo‘yish, o‘zaro manfaatli kelishuvlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbirda Xitoyning “Do‘stlik” jamiyati raisi o‘rinbosari Sun Szinu hamda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, O‘zbekiston, Belorus, Shri-Lanka va boshqa davlatlarning nodavlat-notijorat tashkilotlaridan vakillar o‘z mamlakatlari miqyosida sohada olib borilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi. E’tiborlisi, yurtimizdan borgan vakillar ham mamlakatimizda nodavlat-notijorat tashkilotlarini shakllantirish hamda rivojlantirishning mustahkam qonunchilik va me’yoriy-huquqiy asosi yaratilganligi, ular faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida qo‘shimcha mablag‘lar va resurslar jalb qilish imkoniyatlari, imtiyozlar xususida xorijliklarga atroflicha ma’lumot berdi. Shuningdek, tadbir ishtirokchilari “Xayriya va kasb-hunar ta’limi” mavzuida ShHTning madaniyat, san’at, sport, tibbiy xizmat, yoshlar almashinuvi va o‘qitish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro tajriba almashdi.

Bundan tashqari muloqotda 70 dan ortiq do‘stona tashkilot vakillari, xayriya tashkilotlari, Xitoyning diplomatik elchixonalari va OAV xodimlari ishtirok etdi. Quvonarlisi, tadbirda “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi ShHTga a’zo davlatlar bilan hamkorligi” mavzuida taqdimot namoyish etilib, mavzu yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.

Muloqot so‘nggida mezbon tashkilotlar, Markaziy Osiyo mamlakatlarining do‘stlik jamiyatlari va “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolandi.

 

Nozimjon MO‘MINOV,

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Boshqaruvi raisi o‘rinbosari

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: