QALB KO‘ZGUSI

Respublikamizda “Davalat tili haqida”gi Qonunning qabul qilinishi va O‘zbekistonning mustaqil davlat darajasiga ko‘tarilishi o‘zbek tili tarixida yangi davrni boshlab berdi. O‘tgan davr mobaynida ona tilimizning obro‘cini, qadrini tiklash, uning barcha sohalarda davlat tili sifatida amal qilishi uchun keng imkoniyatlar, sharoitlar yaratildi. Qonun tufayli o‘zbek tilining ijtimoiy vazifalari doirasi nihoyatda kengaydi. Tilimiz lisoniy va nolisoniy omillar asosida taraqqiy etib bordi va bu jarayon hozir ham davom etmoqda.

So‘nggi yillarda o‘zbek tilining lug‘at tarkibi — leksikasi bir qancha manbalar, chunonchi, ichki manba — o‘z imkoniyatlari, qonun-qoidalari asosida hosil qilingan so‘zlarga muzlatgich, sovitgich, uslubchi, islohotchi, o‘yingoh, mulkdor, manzilgoh, hududiy, mintaqaviy, raqobatbardosh, shohbekat, tahlilnoma, ko‘ppartiyaviylik kabilarni misol qilib keltirish mumkin. Ombudsman, senat, sammit, senator, biznes, kollej, birja, monitoring, marketing, tender, broker, investitsiya, menejer, grant, bakalavr, magistr, internet, depozit, konsern, faks, telefaks, taksofon, sertifikat, slayd, skaner, printer, xolding singarilar tashqi manbalar asosida yuzaga kelgan so‘zlardir.

Qonun qabul qilinganidan keyingi o‘tgan davr mobaynida alifbo va imlomizda qator o‘zgarishlar yuz berdi. 1993 yil 2 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasining “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. 1995 yil 6 mayda Oliy Majlis qarori bilan bu qonunga ba’zi o‘zgarishlar kiritildi.

Keyingi paytlarda xalq ta’limi tizimida o‘zbek tilining mavqeini, salohiyatini oshirish borasida qator ishlar amalga oshirildi. Ona tili ta’limini takomillashtirish, mazmunini yangilash bo‘yicha muhim ishlar qilindi. Ona tilidan muqobil dasturlar va darsliklar yaratildi. Umumiy o‘rta ta’lim hamda o‘rta maxsus ta’lim tizimlari uchun yaratilgan darsliklar tanlovida N. Mahmudov boshchiligidagi mualliflar guruhi tomonidan 5, 6, 7, 9-sinflar uchun yozilgan “Ona tili” darsliklari, M. Qodirov rahbarligida yozilgan 8-sinf uchun “Ona tili” darsligi, A. Nurmonov rahbarligida akademik litseylar uchun yozilgan 3 jildlik “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” darsligi, A. Rafiyev yetakchiligidagi kasb-hunar kollejlari uchun yozilgan “O‘zbek adabiy tili va adabiyoti” darsligi g‘olib deb topildi va shu kungacha bir necha marotaba nashr etildi.

Joy nomlarini tartibga solish masalasi ham “Davlat tili haqida”gi qonunni amalga oshirish bilan bevosita bog‘liqdir. Davlat tili asosida ma’muriy-hududiy birliklar nomini qayta ko‘rib chiqish borasida respublikamizda talay ishlar amalga oshirildi. Har yili 21 oktyabr kuni “Ona tili kuni” sifatida nishonlanadi. Maktablar, litseylar, kollejlar, oliy o‘quv yurtlarida, tashkilotlar, muassasalar, mahallalarda bayram oldidan qator tadbirlar uyushtiriladi. “Ona tili kuniga” bag‘ishlab “Tilga e’tibor-elga e’tibor”, “Til ravnaqi-el ravnaqi”, “Til birligi-dil birligi”, “Til ma’naviyat belgisi”, “Til bayrami-dil bayrami” mavzularda suhbatlar, kechalar, munozaralar o‘tkaziladi. Bunday tadbirlar, shubhasiz, yoshlarda ona tiliga hurmat uyg‘otadi, ulardagi vatanparvarlik, milliy g‘urur tuyg‘ularini o‘stiradi.

Yana o‘qing:  E’tiborsizlikmi, iqtidorsizlikmi yoxud shifokor husnixatini kim o‘ylab topgan?

Xullas, til ma’naviyat xazinasi, xalq va elning ziynatidir. Biz ma’naviyat tafakkurining mahsuli bo‘lgan ona tilimizni qadrlashimiz, e’zozlashimiz, uning qudratini, nufuzini oshirish uchun intilishimiz, kurashmog‘imiz darkor.

Nosirjon OXUNOV,

Filologiya fanlari nomzodi, dotsent

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: