Qalbim ko‘zi sensan, bolajon!

Mehr insonni komillikka yetaklaydi, umrimizga umr qo‘shadi, deganida, donishmandlar qanchalar rost aytishgan. Haqiqatga ko‘z bo‘luvchi bu hayotiy mushohadalarga hamohang ravishda mehr haqida, e’tibor haqida uzoq vaqt to‘lqinlanib gapirish mumkin. Mehrning kuchi, hatto yaratuvchanlik qudratiga minglab misollar keltirsak-da kamdek.

“Mehr” monumental san’at asari”. Surxondaryo viloyati, Termiz shahridagi 12-sonli “Mehribonlik” uyi hovlisini bugun ana shu nomdagi go‘zal monument bezab turibdi. Ikki olam, ikki hayot – ikki farzandini yuksak onalik tafti bilan erkalab o‘tirgan buyuk ona siymosi. Farzandi uchun, kerak bo‘lsa, jonidan-da kechishga tayyor daryoqalb ayol. Bir qaraganda lahzalik tasvir. Aslida esa o‘sha lahzada olam-olam quvonch bor, olam-olam haqiqat yashirin – ummon qo‘ynidek sarhadsiz mehr bulog‘i.

Yaqinda yo‘limiz tutash sabab mazkur monument ochilish marosimida qatnashdik. “Mehribonlik” uyidagi 75 nafar qorako‘zning beg‘ubor orzulari, maqsadlari bilan oshno tutindik. Ularning goh bolalarcha samimiy va dilkash suhbatlaridan zavqlandik, goh hayot, oila va kelajak haqidagi teran qarashlaridan junbushga keldik. Har bir so‘zingizga e’tibor qilib, diqqat-la quloq tutayotganidan, umuman olganda, bu tarbiyalanuvchilarning har biri yetishib kelayotgan katta qalb egalari ekanligidan quvondik, cheksiz faxrga to‘ldik.

Muassasa direktori Dilbar opa Suvonova esa haqiqiy ma’noda bu yerdagi bolajonlarning onasiga aylangan. O‘zi ham boladek beg‘ubor, boladek samimiy, dilkash va soddaqalb bu ayolni ko‘rganimizda “nahotki shu inson rahbar bo‘lsa-ya” deb o‘yladik. Va Dilbar opadan avvalo shu xususda so‘radik.

– Umrim bolalar orasida o‘tmoqda, – deydi Dilbar opa. – Chunki uzoq yillar ta’lim muassasalarida faoliyat yuritishim davomida bu jajji do‘stlarimga mehrim orta borgan. Bugungi kunda esa mendan baxtli inson yo‘q. Sababi atrofimda bolajonlar, qaysidir ma’noda mening bolalarim ko‘p. Ular bilan miriqib suhbatlashish, kulishib, dillashishdan ham ortiq huzur bormikin dunyoda?!

Mehribon ayol, daryoqalb ona qalbidan mavjlanayotgan bu iqrorga shunchaki quloq tutib bo‘lmaydi. Sababi Dilbar opaning o‘zidek kulib turuvchi ko‘zlarida bolaga xos hayrat, jajji qizaloq kulgusidek samimiyat porlab turadi. Ayniqsa, “Mehr” monumental san’at asari” ochilish tadbiri davomida ishtirokchi bolajonlarning ismi-yu, nimaga qiziqishi, hatto qaysi ovqatlarni yaxshi ko‘rishigacha bexato hikoya qilishi bizni hayratda qoldirdi. Tadbir yakunidan so‘ng Dilbar opa bizni bu yerdagi shart-sharoitlar bilan atroflicha tanishtirdi.

Яна ўқинг:  Ҳам савоб, ҳам барака

– “Mehribonlik” uyimizda barcha sharoitlar yaratilgan, – deydi Dilbar opa bizni avvalo bolalar yotoqxonasiga boshlab borar ekan, – Muhtaram Yurtboshimizning bevosita g‘amxo‘rligi va e’tibori natijasida “Mehribonlik” uyimiz qisqa muddatda eng zamonaviy o‘quv xonalari, yotoqxonalar, oshxona va sport zali, dam olish xonalari va eng muhimi, kattagina kutubxona bilan ta’minlandi.

Izohga hojat yo‘q. Ko‘rganlarimiz haqiqatdan kishi havasini keltiradi. Bir payt biz bilan yonma-yon yurgan sochlari silliq taralgan bolakay aytgan xabarga rosti bir muddat ishonqiramay turdik: “mening o‘ttiz uch quti asalarilarim bor. Ularga o‘zim qarayman”.

– Bu Islomjon. U tarbiyalanuvchilar uchun homiylarimiz tomonidan parvarishlanayotgan asalarilarni nazarda tutyapti, – deya asalarisevar Islomjonning gaplariga tushuntirish bera boshladi direktorning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Alisher aka Qilichov. – Bu hali hammasi emas. Boysun tog‘larida bizning 400-500 bosh qo‘yimiz ham bor. U yerga har yili bolajonlarimizni sayrga olib chiqamiz. Issiqxonalarimizda esa limon yetishtiramiz. Kuz va qish fasllarida bu limonlar bolalarni turli yuqumli kasalliklarning yuqishidan asrashda juda qo‘l kelmoqda.

Alisher akaning ma’lum qilishicha, “Mehribonlik” uyi tarbiyalanuvchilari orasidan bugungi kunda ko‘plab sport musobaqalari g‘oliblari ham yetishib chiqmoqda ekan. Masalan, o‘tgan yili O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi hamda O‘zbekiston Karate milliy federatsiyasi tomonidan karate bo‘yicha o‘tkazilgan Respublika chempionatida Ro‘ziboy Dadaboyev, Umid Jo‘rayev hamda Valijon Ravshanovlar yuqori o‘rinlarni qo‘lga kiritishibdi. Shuningdek, Termiz shahrida o‘tkazilgan karate bo‘yicha Respublika ochiq chempionatida ham “Mehribonlik” uyi tarbiyalanuvchilari umumjamoa hisobida faxrli 1-o‘ringa loyiq ko‘rilibdi. Qizlar orasida Shahzoda Shoqambarova esa “Orasta qizlar” ko‘rik-tanlovining Respublika bosqichida o‘zining chuqur bilimga ega ekanligi bilan hay’at a’zolari tomonidan e’tirof etilibdi.

Bu ta’kidlarimiz mazkur bolajonlarimiz yutuqlaridan bir qatra, xolos. Aslida ularning har biri hisobida o‘ziga xos g‘alaba bor. Mazkur g‘alaba va ishtiyoqlar esa kun kelib yurt dovrug‘ini dunyoga tanitadigan, istiqlolimizga qanot bo‘ladigan katta kuchga aylanishi, shubhasiz. Ana o‘shanda Dilbar opa va Alisher akalardek mehribon insonlar sa’y-harakati, mehr-muhabbati beiz ketmaganligiga yana bir bor guvoh bo‘lamiz. Aslidaku shu yurt, shu davlatning o‘zi har bir bolajonning g‘amxo‘ri, suyanchi. Bu tuproq, bu O‘zbekiston hech vaqt farzandlaridan, dilbandlaridan e’tiborini, muruvvatini ayamaydi. Zero, bu bolajon xalqning ertasi ham ana shu kelajakka mag‘rur boquvchi, ko‘ksi istiqlol bergan erkinlikdan yuksalib borayotgan farzandlar yuzidek, ko‘zidek porloqdir.

Яна ўқинг:  Амнистия – инсонпарварлик намунаси

“Mehribonlik” uyidan qayta turib, yuqorida ta’kidlab o‘tganimiz “Mehr” monumental san’at asari” ochilish marosimiga shior qilib tanlangan dil so‘zlariga yana bir bor e’tibor berdik: “Qalbim ko‘zi sensan, bolajon!” Qanday yuksak e’tirof, qanday shirin erkalash. Insonning qalbidek toza olamga o‘z bolasining nur baxsh etuvchi ko‘z qilib timsollanganligi rostdan beqiyos. Bu go‘zal sifatlash faqatgina bolajon o‘zbek xalqidan, bolasini dunyo qadar e’zoz etuvchi davlatdagina baralla aytiluvchi iqrordir.

“Qalbim ko‘zi sensan, bolajon!”

Farhod ESHMO‘MINOV,

Vasila PO‘LATOVA

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: