OYMISIZ Yo QUYOSH?

yoki istarali insonlar ijobiy quvvat manbai

Qishning sovuq kunlarida issiq kunlar harorati va jazirama oftob tafti ko‘z oldimizdan o‘tadi. Bir dam bo‘lsada “charsillab” yonayotgan o‘tin alangasida isingimiz keladi. Chunki, olov hamisha insonning junjikkan tanasiga orom baxsh etadi.

Tabiatning bebaho ne’mati, olamni nurafshon etadigan quyoshni ham har tong sog‘inib kutamiz.Sababi, nur-issiqlik, yorug‘lik qalbimizni yog‘duga to‘ldirib, kayfiyatimizni ko‘taradi. Shuningdek, istarasi issiq, yuzi olovdek o‘ziga rom etuvchi insonlarga beixtiyor botiniy sezgi bilan intilamiz.

Ularning suhbatidan yengil tortib, ko‘nglimiz xotirjam tortadi. Ochiq chehrali odamlardan ijobiy quvvat taraladi. Chunki, quyosh ona Zamindagi mavjudot va nabotot olamiga o‘z nurini beminnat, teng taratgani kabi ijobiy quvvatli insonlar ham o‘zgalarga beg‘araz yordam qo‘lini cho‘zishadi. Tabiatning yana bir yoritqichi oyga quyoshning nuri tushgach u ham o‘zidan nur taratadi. Shuningdek, oyning yuzidagi “dog‘lar” ham ba’zan kishi kayfiyatini tushiradi. Inson organizmining 82 foizi suvdan iborat bo‘lgani uchun oy to‘lgan kunlari uning yorug‘idan himoyalanib yotish kerak. Sababi, oy to‘lganda dengiz va ummon suvlari ko‘tariladi. Odamda esa turli qora o‘y-fikrlar, vasvasa va tushkunlik kuzatiladi. Shuningdek, kayfiyati tushkun, doimo nolib yuradigan, hayotdan norozi, o‘zini omadsiz yoki baxtsiz his etadigan, tinimsiz javrab, o‘z muammolariga sizni ham g‘arq etadigan odamlardan uzoqroq yuring. Ularning “yuki” og‘ir bo‘ladi.

Olimlarning tadqiqotlariga ko‘ra, ba’zi bir odamlardan salbiy quvvat (energiya), kimdandir ijobiy quvvat taralib turadi. Buning belgilari qanday va ular qanday kishilarda qay darajada bo‘ladi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Salbiy quvvat turqi sovuq, xudbin, takabbur, tumshaygan, o‘ziga bino qo‘ygan, birovlarni ayblashga moyil, “tirnoq ostidan kir qidiradigan”, tanbeh berishga intiladigan, birovdagi kamchiliklar va xatolarni kishining yuziga soladigan, o‘z qilgan ishini o‘zi maqtaydigan, qilgan yaxshiligini minnat qiladigan, birovlarga yaxshilikni ravo ko‘rmaydigan, “meni”i kuchli, ichi tor, jizzaki, sabrsiz, tund odamlarda bo‘ladi. Ijobiy quvvatga ega odamning esa yuzida nur bo‘ladi, ya’ni, istarasi issiq, ko‘ngli ochiq, quvnoq, birovga qo‘lidan kelgancha yaxshilikka tayyor, samimiy, ovozi yoqimli, maftunkor, ko‘zlari muloyim, jahli tez chiqmaydigan, sabrli, ichki madaniyati kuchli odamda bo‘ladi. Salbiy quvvatli odam o‘ta savodli, bilimli bo‘lgan taqdirda ham o‘z ishiga to‘g‘ri bo‘lsa-da, baribir, oilada va ishxonada doim muammolarga duch keladi. Uning muammolariga boshqalar imkon qadar yordam berishdan qochishadi. Bu toifadagi odamlarni ko‘rganda kishi o‘zini tortadi. Uning yuziga aytmasa ham, ichida bu odam haqida salbiy fikrlay boshlaydi. Bunday odamlarda omadsizlik ko‘p uchraydi. Ish va oilada u bilan tez-tez kelishmovchilik (konflikt)lar bo‘lib turadi. Ijobiy quvvatli odam har qanday qiyinchiliklarga chidamli, sog‘lom kayfiyatli, odamlarga doimo xayrixoh bo‘lgani uchun uning ham qalb quvvati kuchayib turadi. Qalbi kengayib uncha-muncha salbiy gap-so‘zga, noxush voqealarga parvo qilmaydi. Yaxshi niyatli insonlar ichki bir quvvat sezib turishadi. Ularning ko‘nglida odamlarga taskin bera oladigan yorug‘ so‘zlar mo‘l bo‘ladi. Bunday holat ba’zan salbiy quvvatli odamda ham ro‘y beradi. U bu xususiyatni o‘ziga doimiy singdirib olishga intilsa, o‘zida yengillik, ko‘tarinkilik sezadi. Hatto o‘zidagi siqilish, asabiy va ruhiy qo‘zg‘alishlardan forig‘ bo‘lganligini his qiladi.

Yana o‘qing:  JAMG‘ARMA FAOLIYATIDAN (2012-3)

Salbiy quvvat taratadigan odam o‘zidagi bu illatni seza boshlasa darrov bunday holatning oldini olishga harakat qilishi lozim. Afsuski, ko‘p kishilar o‘zidagi bu xususiyatni sezmaydi. “Tabiatim shunday, Xudo shunday qilib yaratgan bo‘lsa, nima qilay?” deguvchilar ham bor. To‘g‘ri, bunga nasliy xususiyatlar ham sabab bo‘ladi. Ammo ularni o‘zgartirish mumkin ekanligini yunon olimi Suqrot o‘z fe’l-atvorini o‘zgartirish orqali isbotlaganligini bizga yetib kelgan hikoyatlardan bilamiz. Buning uchun qalb sig‘imi ustida ishlash kerak. Qalb kengligi – bu bag‘rikenglik bilan bog‘liq. Arzimagan narsaga janjal ko‘taradigan, norizo bo‘ladigan badbin xulqli odamlar eng avvalo, o‘zlariga jabr qilishadi. Ular hayot sinovlari oldida dovdirab qolishadi. Keyin dilozorlik qilib, boshqalarning qalb ko‘zgusini sindirishadi. Ba’zi odamlar ko‘p kitob o‘qishadi, aqlli bo‘lishadi, ammo salbiy quvvatli bo‘lib qolaveradilar. Buning asl sababi ularning fe’l-atvoridagi salbiy illatlarga bog‘liq. Shuningdek, og‘ir xasta yotgan bemor yoki kasalmand odamlarning ham biomaydoni (aurasi) salbiy quvvatli bo‘ladi. Ba’zan bilib-bilmay salbiy quvvatli insonlarga hamsuhbat bo‘lib qolsangiz o‘zingizni behol his etasiz. Qo‘l-oyog‘ingiz bo‘shashib, o‘zingizga bo‘ysunmay qolayotgandek tuyuladi go‘yo. Shunday holatlarda darrov dush qabul qiling yoki olovning yonida o‘tiring. Sizga o‘tgan “yuk”ni suv va olov poklaydi.

Har bir inson har qanday holatda tovushini muloyim qilib gapira olish quvvatiga ega bo‘lishi kerak. Yoqimli va sokin tovush ulkan omadlar kaliti ekanligini donolar aytib o‘tishgan. Bugungi tibbiy tadqiqotlar ham yoqimli va o‘ktam tovushda sehrli, qudratli ilohiy quvvat borligini tasdiqlamoqda. Ana shunga amal qilish insonga bir kunda emas, doimiy hamroh bo‘lgandagina, katta natijalar beradi. Yana shuni ta’kidlash lozimki, optimist (hayotga jo‘shqin nazar bilan qarovchi) insonlar pessimist (tushkun kayfiyatli, o‘ziga past baho beruvchi) odamlarga nisbatan kasalliklarga chidamli va turmushning har qanday og‘ir zarbalarini yengib o‘tishga o‘zida kuch topa oladigan bo‘lishar ekan. Shuningdek, optimistlarning ruhi tetik bo‘ladi.

O‘zgalarga hamisha yaxshilik tilang. Shunda o‘zingizning orzularingiz ham tezda ijobat bo‘lishiga ishonamiz. Hasad qilmang. Havas qiling. Bu yorug‘ tilak sizni ham ko‘kka ko‘taradi. Sizni o‘rab turgan ijobiy quvvat beixtiyor atrofingizdagi insonlarni o‘ziga albatta rom etishiga ishonamiz.

Yana o‘qing:  KIYIMIM POKIZA BO‘LSIN, DESANGIZ...

Shukur Jabborov

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: