O‘quv qunt beradi, bilim sharaf-shon

Bu yilgi «Bilimlar bellashuvi» ko‘rik-tanlovining yakuniy bosqichini gazetamiz orqali yoritish mening zimmamga yuklatilgani bois, poytaxtimizdagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa va san’at litseyiga yo‘l oldim. Belgilangan manzilga yetib borganimda bayramona bezatilgan o‘quv maskani hovlisida allaqachon yurtimizning barcha hududlaridan kelgan eng sara va bilimdon o‘quvchilar, ularning ustozlari va ota-onalari jam bo‘lishgan edi. Bellashuv ishtirokchilarining yuz-ko‘zlaridagi hadik va hayajon yaqqol sezilib turibdi. Tadbir boshlanishga biroz vaqt bor. Men fursatdan foydalanib, bellashuvda ishtirok etayotgan ayrim o‘quvchilarni suhbatga chorladim:

– Tabiat va hayvonot dunyosiga qiziqqanim bois, biologiya fanini chuqur o‘rganmoqdaman. Ustozim Kenjaboy Atageldiyev har bir darsni noan’anaviy uslubda o‘tishi qalbimda ushbu fanga mehr uyg‘otgan. Erishgan barcha muvaffaqiyatlarim sababchisi – ustozim va ota-onam deb bilaman, – deydi qoraqalpog‘istonlik 6-sinf o‘quvchisi Qunduz Avezova.

Darhaqiqat, o‘qituvchilik nihoyatda murakkab, mashaqqatli, shu bilan birga sharafli kasb­dir. Bu kasb insondan yuksak salohiyat, aql-zakovat va sabr-toqat talab etadi. Kenjaboy Atageldiyev yosh avlodni komil inson qilib tarbiyalash yo‘lida samarali mehnat qilayotgan ana shunday fidoyi ustozlardan biri, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumani «Tinchlik» ovulida voyaga yetgan Kenjaboy Atageldiyev 1992 yil Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining biologiya fakultetini tamomladi. Endi u o‘quvchilarga biologiya fanidan dars berishdek yuksak baxtga muyassar bo‘ldi. U 1992 yildan hozirgi kunga qadar, Beruniy tumanidagi 60-umumta’lim maktabida yosh avlodga ta’lim-tarbiya berib kelmokda.

Hozirgi paytda o‘qituvchi zimmasiga darsni o‘quvchilarga yangi tamoyillar asosida tushuntirish, pedagogik jarayonning nazariy mezonlarini yaratish va uni tayyorlash kabi mas’uliyat yuklangan. Buni chuqur anglagan ustoz o‘zi faoliyat olib borayotgan ta’lim maskanida davlat ta’lim standartlari asosida o‘quvchilarga ta’lim berib, jamoa o‘rtasida hurmat qozondi. Qilgan mehnatlari sabab Kenjaboy Atageldiyev 2008 yili «Xalq ta’limi a’lochisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Kenjaboy Atageldiyevning o‘quvchilari har yili fan olimpiadalarida, «Bilimlar bellashuvi»da muvaffaqiyatli ishtirok etishadi. Bu albatta, muallimning o‘z kasbiga sadoqati, bilimi va yuksak mahoratidan desak, aslo yanglishmaymiz. Jumladan, 2009-2010-o‘quv yilida Sirojiddin Abdiyev biologiya fanidan o‘tkazilgan fan olimpiadasida ishtirok etib, respublika bosqichida faxrli o‘rinni egalladi. 2012-2013 o‘quv yilida esa 9-sinf o‘quvchisi Lolaxon Baxtiyorova Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida III o‘rinni egalladi. Iroda Abdiyeva respublika bosqichida ishtirok etdi. 6-sinf o‘quvchisi Qunduz Avezova 2012-2013-o‘quv yilida «Bilimlar bellashuvi»ning respublika bosqichida qatnashib, faxrli o‘rinni egalladi. 7-sinf o‘quvchisi Shahodat Abdiyeva biologiya fan olimpiadasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida III o‘rinni egallab, diplom bilan taqdirlandi.

Yana o‘qing:  QUYOSH OLMISH HARORATIN YUZINGIZDAN, USTOZLAR!

Qaysiki, oilada ilm qadrlansa, shu xonadonda obod turmush bunyod bo‘ladi. Bu haqiqatni bugun Kenjaboy Atageldiyevning oilasi misolida ham ko‘rishimiz mumkin.

– Oilamizni «muallimlar oilasi» desam, aslo yanglishmayman. Turmush o‘rtog‘im – Ayimgul Tolipova maktabda o‘qituvchi. O‘g‘lim – Sirojiddin Qoraqalpoq davlat universiteti biologiya fakulteti 4-bosqich talabasi. Qizim – Iroda Urganch davlat universiteti biologiya fakulteti 1-bosqich talabasi. Ular ham kelajak hayotlarini mening kasbim bilan bog‘lashdi. Chunki, farzandlarim ana shu kasbning halol noni bilan ulg‘aydi, – deydi Kenjaboy Atageldiyev.

Ustozning samarali mehnatlari munosib baholanib, Prezidentimiz tomonidan «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlandi.

Tarixdan ayonki, har bir ustoz shogirdini ta’lim olishiga jiddiy e’tibor qaratgan. Natijada bunday tarbiya ko‘rgan shogirdlardan kelgusida jahon ilm-fani rivojiga munosib hissa qo‘shgan buyuk siymolar yetishib chiqqan. Shu bois ajdodlarimiz har bir kasb-hunarning o‘ziga xos odob-axloq, qonun-qoidalari, milliy an’analarini yaratganlar va bularga qat’iy ravishda amal qilish odatga aylangan. Zero,shogirdning kamoliga qarab, ustozga baho berilganligi ham bejiz emas.

Navro‘z NORBOBOYEV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: