Ona va bola salomatligiga kamarbastalik

Hamma shirin uyquda. Sohiba yarim tunda boshlangan qattiq og‘riqdan uyg‘onib ketdi. Aksiga olib turmush o‘rtog‘i ham xizmat safarida. Kechasi bilan mijja qoqmagan kelinchak qaynonasining uyg‘onishini poylay boshladi. Homiladorlikning yettinchi oyi edi. – Hali vaqt bor edi-ku?-bezovtalanardi u.

Shifokorlar skrining markaziga borib ko‘rikdan o‘ting, – deyishganida qaynanasi ha deb ko‘rikdan o‘taveradimi? Biz ham besh-oltita bolani hech qanday ko‘riksiz tug‘ib qo‘yganmiz. Do‘xtirlar gapiraveradi-da, qizim, deb ko‘rikka jo‘natmagandi. Kelinining dardi tutib qolganini eshitgan qaynana o‘zini yo‘qotib qo‘ydi. Nuqul boshini changallagancha, – endi o‘g‘limga nima deyman, derdi. Tez yordam chaqirishdi. Bir zumda yetib kelgan tez yordam mashinasida Sohibani tug‘ruqxonaga olib ketishdi.

Shu voqeadan keyin kelinchak norasidasidan ayrilib qoldi…

Balki o‘z vaqtida shifokorlarga murojaat etilsa, bolajonning hayoti saqlanib qolinarmidi? Kimningdir o‘jarligi, o‘zbilarmonligi, ba’zi qaynanalarning kelinni o‘z farzandidek yoxud kelinlarning qaynanasini onasidek qabul qila olmasliklari sababmi, hayotimizda bahamjihatlik yo‘qolib borayotgan oilalar ham borligi tashvishli hol, albatta. Bugungi kunda yurtimizda kam bo‘lsa-da hayotda uchrab turadigan bunday holatlarning oldini olish maqsadida ham ma’nan, ham jismonan sog‘lom avlodni voyaga yetkazishga qaratilayotgan ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilning “Sog‘lom bola yili” deb nomlanishi ham bejiz emas, albatta. Chunki kelajak jismonan sog‘lom, ma’naviyati yuksak yoshlar qo‘lida ekan, ularning sog‘lom dunyoga kelishi barchaning zimmasida ekanini unutmasligimiz kerak. Bu borada ayniqsa shifokorlar mas’uldir.

Buxoro viloyati G‘ijduvon tuman tug‘ruq kompleksi faoliyati bunga bir misoldir.

– Joriy yilning Sog‘lom bola yili, deb e’lon qilinishi va shu nomda dastur qabul qilinishi 125 o‘rinli tuman tug‘ruq kompleksi jamoasi zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi, – deydi muassasa bosh shifokori o‘rinbosari, oliy toifali akusher ginekolog Noila Tuqboyeva. – Bu yerda faoliyat olib borayotgan barcha mutaxassislar hududimizga qarashli QVPlarga biriktirilgan. Ular jadval asosida tug‘ish yoshidagi xotin-qizlarni manzilli tibbiy ko‘rikdan o‘tkazadilar. Ayniqsa, “Sog‘lom turmush tarzi”, “Erta nikohning zararlari” “Qarindoshlar o‘rtasidagi va erta nikohning asoratlari” hamda “Sog‘lom onadan – sog‘lom bola” mavzularidagi davra suhbatlarining tashkil etilishi aholi orasida tibbiy madaniyatning shakllanishiga xizmat qilayotir. Bu borada fuqarolar yig‘inlari vakillari bilan hamkorlik yaxshi samara beryapti.

Yana o‘qing:  Bolalar salomatligi e’tiborda

Mazkur tug‘ruq kompleksida tibbiy ko‘rikdan o‘tayotgan homilador ayollar zarur holatlarda skrining markazlariga jo‘natilib, ultratovush (UTT) tashxisi natijasida ularning jismoniy holati tekshiriladi. Bu sa’y-harakatlar orqali esa chaqaloqlarda uchrashi mumkin bo‘lgan nuqsonlar o‘z vaqtida aniqlanib, tug‘ma nogironlikning oldini olishga erishilmoqda.

Homilador ayolga va uning roziligi bilan unga hamkorlik qilayotgan yaqinlariga tug‘ruq jarayonining kechishi haqida tushuntirish ishlari olib boriladi. Bosh vrach, oliy toifali akusher ginekolog Amin Rashidov, shuningdek Gulbahor Nazarova, oliy toifali reanimatolog shifokorlar Ziyodullo Rasulov, Obid Baqoyev, akusher ginekologlardan Shavkat Bozorov hamda Gulbahor Bafoyeva kabi o‘z kasbining fidoyilari bo‘lajak onalarga o‘zlarining va bolasining salomatligi mustahkam bo‘lishi uchun farzand tug‘ilish vaqti oraliqlarining kamida uch yil bo‘lishi borasida ham tushuntirish ishlari olib borishadi.

Jamoadagi oliy toifali neonatologlardan Izzat Abdullayev, Gulmira Nasullayeva, Komila Hakimova, Noila Atabayeva hamda oliy toifali bolalar xamshiralari Mavluda Asadova, Marhabo Rahmatova, oliy toifali doyalardan Laylo Ergasheva, Gulandom Naimova, Zilola Sharipova kabi kasb fidoyilari onalar va chaqaloqlarning o‘z oilalariga sog‘-salomat qaytishlari uchun o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shmoqdalar.

“Chaqaloqlarni ko‘krak suti bilan boqish”, “Ko‘krak sutining afzalliklari” to‘g‘risida shifokorlar muntazam ravishda homilador ayollar orasida tushuntirish ishlarini olib borishmoqda. Ona suti to‘laqonli ozuqa bo‘lgani uchun u yengil hazm bo‘ladi va bolani turli mikroblardan himoya qiladi.

Tug‘ruqxonada biror sababga ko‘ra asorat bilan og‘ir tug‘ilgan chaqaloqlarga birlamchi reanimatsiya yordami ko‘rsatiladi. Buning uchun ushbu maskanda barcha dori-darmon va tibbiy jihozlar mavjud. Tuman tug‘riq kompleksi tarkibida 20 o‘rinli neonatologiya bo‘limi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Parvarishga muhtoj chaqaloqlar to‘liq sog‘lomlashtirilib, uyiga, uchastka vrachi nazoratiga yuboriladi.

Mana shunday o‘z ishini va insonlarni jon-dilidan sevadigan, ularning kelajagi haqida qayg‘uradigan fidoyi jamoa mehnat qilayotgan G‘ijduvon tuman tug‘ruq kompleksida joriy yilning birinchi choragida 798 ta tug‘ruq bo‘lib, perinatal o‘lim qayd etilmagani quvonarli holdir. Boisi muassasa onalar va bolalar sog‘lig‘ini mustahkamlash loyihasini amalga oshirish borasida Osiyo taraqqiyot banki krediti bilan 126 million 218 ming so‘mlikdan ziyod apparatura, tibbiy jihozlar bilan ta’minlangan. Shuning hisobiga tug‘ruq kompleksida tibbiy xizmat yaxshilangani sababli uch yil davomida onalar o‘limi kayd etilmagan, shuningdek, chaqaloqlar o‘limining ham ancha kamayganini ta’kidlash mumkin.

Yana o‘qing:  Oshxonada tandir?!

Tug‘ruqxonada o‘tkaziladigan konferensiyalar orqali xodimlarni tibbiyot sohasidagi yangiliklar bilan tanishtirib borilishi ham ularning ma’naviyatini yanada rivojlantirishda qo‘l kelmoqda. Bosh shifokor Amin Rashidovning ko‘p yillik xizmatlari inobatga olinib davlat tomonidan “Shuhrat medali” va mustaqillikning 10 yilligi va 20 yilligi ko‘krak nishonlari bilan taqdirlangan. Bosh vrach muovini, oliy toifali akusher ginekolog Noila Tuqboyeva ham mustaqillikning 10 yilligi ko‘krak nishoni bilan takdirlangan.

Ana shunday fidoyi insonlarning sa’y-harakati bois biz yuqorida guvohi bo‘lgan voqealarga o‘xshash ko‘ngilsizliklar barham topmoqda.

Muhabbat XO‘JAMURODOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: