Oftob kabi mangu – ezgulik

1940 yil… Sovuq urush qamchisi butun dunyo bo‘ylab izg‘iydi. Poyezdlarda odam ko‘pligidan eshiklari ochiq holda Toshkentga kirib keladi…

Bu galgi olomon ichida 4 yoshli Olga ham bor edi. U Belarus yurtidan bir o‘zi kelgan. Jajji jussasida mador yo‘q, ma’yus nigohlariga esa sargardonlikning alami singgan. Qizaloq odamlar oqimi bilan oldinga harakatlanarkan, qorin to‘ydirish dardida atrofga alanglaydi. Yerga yiqilsa-da, dast o‘rnidan turib, yo‘lida davom etadi…

Yo‘l nozirlari uni “Mehribonlik” uyiga olib keldi. Bu yerga har kuni bag‘rikeng, saxiy odamlar kelib, qalbi o‘ksik bolalarni o‘zlari bilan birga olib ketishardi.

Ana shunday kunlarning birida muassasaga yuzlari nurli bir ayol kirib keldi. Olgani qattiq quchoqlab, bag‘riga bosdi, qosh-ko‘zlaridan o‘pdi. Boshidagi oq ro‘molini qizaloqqa o‘rab, “Menga qiz bo‘lasanmi?” – dedi tabassum bilan.

O‘shanda dunyoga kelganimdan buyon menga kimdir ilk bor kulib qaragandi. Bu inson Bahri ayam Shomahmudova edi. O‘shanda hayron bo‘ldim. Tabassumining ma’nosini anglamasam-da, ammo bu menga juda yoqqandi. Ayamni mahkam quchib oldim. Ilk uchrashuvdayoq men u kishiga qattiq bog‘lanib qoldim. Mehribonlik uyi darvozasidan chiqayotib, ularning qo‘llarini mahkam tutib oldim. Chunki, bu mehribon insonni yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqardim.

Biz biroz yo‘l yurib, paxsa devorli uyga yetib keldik. Ichgariga kirganimizda bolalar hovlida shovqin-suron bilan quvlashmachoq o‘ynashardi. So‘rida o‘tirgan o‘rta yoshli odam ularning harakatlarini maroq bilan kuzatardi. Meni ko‘rib, bolalar zumda atrofimni o‘rab oldi. So‘ridagi zabardast odam yonimga kelib, meni dast ko‘tarib, aylantirdi. O‘shanda ilk marta”qiqirlab” kuldim!

Bu seni otang, men ayangman, bular esa aka va opalaring”, deb ayam meni hamma bilan tanishtirdi. Bir zumda akalarim va opalarim bilan quvlashmachoq o‘ynashga kirishib ketdim. Keyinchalik menga Xolida deb ism berishgan. Hozirgacha yaqinlarim, mahalladagilar Xolida aya deb chaqirishadi, – deydi suhbatdoshimiz.

Darhaqiqat, o‘zbek xalqi azaldan bolajon. Bunga tarix guvoh. Urushda yetim qolgan bolalarning 200 ming nafari O‘zbekistonga evakuatsiya qilingan. O‘sha og‘ir va sinovli yillarda Shoahmad Shomahmudovlar oilasi 14 nafar, H. Samadovlar oilasi – 12, M. Jo‘rayeva va Ashurxo‘jayevlar oilasi esa 8 nafardan turli millatga mansub ko‘ngli o‘ksik bolani o‘z tarbiyasiga oldi. 1943 yil oxiriga kelib shaharlarda 4 ming 672 nafar bola, qishloqlarda esa 870 nafar bola o‘zbek oilalari tomonidan tarbiyalash uchun olinib, ularga xaqiqiy insonparvarlik va mehr-shafqat namunasi ko‘rsatildi.

Yana o‘qing:  JO‘JALARIM

– Yangi oilamda 14 nafar bola birga yashardik, – deb xotirlaydi Xolida aya Shomahmudova. – Ota-onam bir so‘zni doim takrorlardi: aka-singillar, opa-ukalar bir-birlariga mehrli bo‘lishi lozim. Bu so‘z qalbimizga singgan. Qalbimiz ham, qadriyatlarimiz ham, hatto, ismimiz ham o‘zbekona bo‘lgan.

Otam nonni do‘kondan olishni yoqtirmasdi. Shuning uchun ishlab topgan pullariga bug‘doy sotib olardi. Hokimiyatdan yer so‘rab olgandi. Erta bahorda shu yerga bug‘doy ekardik. Uni yig‘ib olgach, tegirmonda un qildirardik. Ayam tong sahardan issiq non yopardi. Oilaning eng kichkina qizi bo‘lganim uchun menga kulchanon yopib berardi.

Odamlar urush davrini eslab, qayg‘uga botishadi. Men esa urush dahshatini deyarli his qilmaganman. Chunki otam va onam bizlarga bolalik quvonchini bergan, hayotning g‘am-tashvishlaridan asragan. Xonadonimizda doim xursandchilik bo‘lishiga harakat qilgan. Ota-onamning o‘z farzandi yo‘q edi. Men buni 19 yoshga kirganimda bilganman. Ular bizni begona bilishmasdi, hammamizga o‘z farzandidek mehr ko‘rsatishgan. Barcha bolalar ana shu mehrdan ozuqa olib, oqibatli bo‘lib ulg‘aydik.

Bir kuni hovlini supirayotsam, tomda kimningdir mo‘ralab o‘tirganini ko‘rib qoldim. Ayamni chaqirdim. Ular kelgunicha o‘sha odam tomdan sakrab, qochib ketdi. Ayam esa uning ortidan jilmayib qarab qoldi. Kechki mahal otamga bo‘lgan voqeani aytib berdi. Ertasi kuni o‘sha odamni yana tom ustida ko‘rdim. Ahamiyat berib qarasam, u bo‘ylari uzun o‘smir yoshidagi bola ekan. Shu payt qo‘lida issiq non bilan ayam oshxonadan chiqib keldi. “Samad, kel bolam pastga tush. Issiq non yegin”, deb chaqirdi. Bola narvondan tushib, qo‘rqibroq ayamga yaqinlashdi. Nonni olgach, shosha-pisha yeyishni boshladi. Unga qarab turganimni ko‘rgan ayam meni oshxonaga olib kirdi. “Aya, nega begona bolaga non berdik?” – desam, u kishi “Bu bola begona emas, qo‘shnimiz Eson amakingni o‘g‘li. Uning onasi hozir kasal. Bolalariga qaray olmaydi. Pullari ham dori-darmonga ketayotgandir”, dedi achinib.

Hovliga chiqsam, qo‘shni bola allaqachon ketib bo‘lgan edi. Keyinchalik bilsam, u Eson amakining asrab olgan farzandlaridan biri ekan. Mening ayam ana shunday bag‘rikeng inson edi.

Xolida aya o‘zining baxtli bolaligi haqida gapirishdan charchamaydi. U hali ham olam quvonchi mujassam bo‘lgan ota uyida yashab kelmoqda. Onasining ro‘molini boshga o‘rab, “Ayamdek inson bo‘lsam, qani edi!” deydi tabassum bilan.

Yana o‘qing:  Ko‘ngildan boshlangan obodlik

Shomahmudovlar oilasi tomonidan ko‘rsatilgan insonparvarlik namunasi barchaga ibrat. Ularning saxovati, mehr-oqibatini kelgusi avlodga yetkazish maqsadida poytaxtimizdagi “Xalqlar do‘stligi” maydonida yodgorlik o‘rnatilgan edi. Biroz vaqt “Do‘stlik” istirohat bog‘iga ko‘chirilgan ushbu xotira ansambli kuni kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev farmoni bilan yana o‘z joyiga qaytarildi.

“Yer yuzida juda kamdan-kam davlat va millat bunday yuksak insoniy fazilatlar bilan g‘ururlanishi mumkin. Vaqt o‘tgani sari Shomahmudovlar oilasi ko‘rsatgan bu qahramonlikning ahamiyati va qadri tobora oshib bormoqda.

Tarixiy haqiqatni qaror toptirish, xalqimizning ezgu fazilat va qadriyatlarini abadiylashtirish uchun, Shomahmudovlar oilasiga bag‘ishlangan, “Xalqlar do‘stligi” deb nomlangan yodgorlik ansamblini poytaxtimiz markazidagi maydonga qaytarsak, adolatli bo‘ladi”, deya ta’kidladi Prezidentimiz.

Oilam aks etgan yodgorlikni ilk bor ko‘rganimda qanchalik xursand bo‘lgan bo‘lsam, uni asl o‘rniga qaytarganlarini eshitib, o‘zimni yanada baxtli his etyapman, – deydi Xolida aya ko‘zda yosh bilan. – Ota-onamga o‘xshagan insonlar yaxshilikning mangu timsolidir.

 

Dildora FAYZIYEVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: