Odam ahli bir gavhardan yaralgandir

Yaqinda mamlakatimiz rahbarining qo‘shni Tojikiston Respublikasiga qilgan safari ikki xalq yuragida do‘stlikning so‘nmas mash’alini yoqdi. Ko‘zlarida mehr quyoshi porlagan mezbonlarning Yurtboshimizga bo‘lgan cheksiz ehtiromini so‘z bilan ifodalash qiyin edi.

Tog‘lari tog‘larimiz bilan yelkadosh, daryolari daryolarimiz bilan qo‘shilib oqqan ikki buyuk elning azaldan bir-biriga bo‘lgan do‘stona mehr-muhabbatiga uzoq o‘tmishni tarannum etguvchi ko‘hna tarix guvoh. Shayx Sa’diy Sheroziy o‘z she’riy hikmatlarining birida:

 

Bani Odam a’zoi yakdigarand,

Ki dar ofarinish zi yak gavharand.

Chu uzve ba dard ovarad ro‘zgor,

Digar uzvhoro namonad qaror.

Tuk-az mehnati digaron beg‘ami,

Nashoyad, ki nomat nixad odami.

 

Ya’ni:

Bani Odam yaralgandir

bir gavhardan,

Yashash uchun bo‘lmoq kerak

bir jonu tan.

Zarracha dard zabt aylasa

agar tanni,

Halovatin yo‘qotadi u badanni.

Gar birovlar azobidan

chekmasang g‘am,

Unda noming atalmagay

aslo Odam.

 

Shoirning falsafiy dunyoqarashi odamzodning asl kelib chiqishi Odam atoga borib taqalishi, jismimiz loydan qorilganligiga ishora qilinadi. Xulosa qilib, insoniyatga kishi bir-birining dardi bilan yashashi, agar qay bir a’zosiga og‘riq tushsa, unda butun boshli badan halovatini yo‘qotishini eslatadi.

Davlatimiz rahbari, insoniyatning bir-biriga bo‘lgan mehr-muhabbati va bag‘rikengligining yuksak namunasini ilk bora yer yuziga namoyon etdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Shu o‘rinda bir voqea xayolimdan kechdi. 1993 yil Tojikistonda bo‘lgan xunrezliklar tufayli bizdan bir anhor narida yashaydigan qo‘shni qishloq aholisi jonini olib, biz tomon qochib o‘tgandi. Sahar mardonda darvozamiz taqillab qoldi. Chiqsam, umri dalalar bag‘rida kechgan tojikistonlik keksa tanish suvchi birodarim. Undan hol-ahvol so‘rab, uyga taklif qildim. Tanishimning boshi egilib dedi:

 

Boshimizga qaro kun tushdi. Shaytonning izmiga yurgan birodarlarimiz bir-birlarining qonini to‘kishyapti. Hamma narsamizni tashlab, jonimizni tinchlik bor tomonga olib qochdik. Mening bitta bebaho boyligim bor: uni qo‘yarga joy topolmayapman. Sizni oldindan yaxshi bilganim uchun eshigingizga bosh urib keldim. Menga bitta yaxshilik qilsangiz…

 

Eski qadrdonimning dovdirashidan xijolat chekdim, xayolimdan uning bebaho boyligi nima ekan, degan o‘y kechdi. Unga ko‘ngil berish uchun qo‘limdan kelsa, yordam qilishimni aytdim. Mehmon najot topgandek, bir zumda yuzi yorishdi:

Yana o‘qing:  Diqqat, tanlov!

 

– Yashirishning chorasini topolmagan eng katta boyligim – endi o‘n yetti yoshga qadam qo‘ygan Shahzoda ismli qizimdir. Uni agar yaqin bir kishingiz bor bo‘lsa, qalin-qismatsiz, kelinlikka qabul qilib olsangiz, degandim.

 

Birdan hushyor tortdim. Ota-ona uchun farzand kamolini ko‘rish yuksak baxt ekanligini his etdim. Xayolimda endi yigirma yoshni qarshilagan ukam Ilhomjon gavdalandi. Tojikistonlik birodarimning ko‘nglini ko‘tarish uchun bu masalaning yechimini topishga so‘z berdim. Mehmon qanot chiqargandek quvonib ketdi. Otam bilan maslahatlashib, masalani pishirdik. Ukam uchun biz tanlagan kelin ko‘nglidagi qiz bo‘lib chiqdi. Zudlik bilan to‘yni boshladik…

Oradan yillar o‘tib, kanaldan sakrab o‘tadigan yo‘llarimiz yopildi. Biz endi qo‘shni qishloqqa o‘tolmay qoldik. Kelinimiz uch farzandning onasi bo‘ldi. Fuqaroligi yo‘qligidan qiynalardi. Kutilmaganda kelinimizning otasi olamdan o‘tdi. Oramiz ikki-uch chaqirim yo‘l bo‘lishiga qaramay, kelin otasining so‘nggi manzilga kuzatish marosimiga qatnasholmadi. U bolalari bilan kanalning bu betidagi simto‘r ortidan yuragini hovuchlagancha faryod solardi. Diydor sog‘inchi uni adoyi tamom qilgandi…

Davlatimiz rahbarining sa’y-harakatlari tufayli ikki qadrdon el orasidagi mehr ko‘prigi qayta tiklandi. Barcha muammolar zudlik bilan o‘z yechimini topdi. U kun Surxon vohasiga borganimda vohadoshlarimning ko‘zlaridagi quvonchni ko‘rib, ko‘nglim yorishdi. Ular davlatimiz rahbarining elga qilgan behisob yaxshiliklarini so‘zlashdan tolmasdilar. Navro‘z yurtimizga gullar sochib kelgan bugungi kunda, dunyoda elning xursandchiligini ko‘rishdan ulug‘roq baxt bo‘lmasligiga yana bir bor guvoh bo‘ldim.

 

AXTAMQULI

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: