Mutolaa ma’naviy kamolotga yetaklaydi

Yetti yoshli o‘g‘limning bexosdan aytgan so‘zini yaxshi eshitsam-da, qulog‘imga yoqimli jaranglagani bois, fikrini takror so‘radim. U bo‘lsa, beg‘ubor ko‘nglidagi iqroriga izoh berdi:

– Odamlar nimanidir o‘rgangisi kelsa kitob o‘qishadi-ku. Sardor akam, opajonim, siz, dadam. U barcha narsani to‘g‘ri o‘rgatadi. Demak, u hech ham yolg‘on so‘zlamaydi. Shundaymi, Oyijon!

– Ha, shunday, – deya o‘g‘limning xulosasidan ko‘nglim tog‘day ko‘tarilib, boshini asta siladim. Uning jajji ko‘nglida ilmga, ezgulik va to‘g‘riso‘zllikka, vatanparvarlik va halollikka yetaklovchi yagona kuch – kitobga mehr uyg‘onib borayotganidan sevindim.

Ha, bobolari tunlarni tonglarga ulab kitob bitgan bu yurtning bugungi avlodlari ajdodlar qoldirgan boy merosni mahkam tutgan holda zamon bilan hamnafas odimlamoqda. Davlatimiz tomonidan ilm olishga, yoshlarning bilimini oshirishga qaratilayotgan shart-sharoitlar ham bunga zamin bo‘lmoqda.

Yaqinda poytaxtimizdagi G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida o‘tkazilgan “Kitob bayram”i tom ma’noda ma’naviyat bayramiga aylandi. “Adabiyotga e’tibor – kelajakka, ma’naviyatga e’tibor” shiori ostida o‘tgan mazkur tadbir O‘zbeksiton matbuot va axborot agentligi va bir qator tegishli davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Mamlakatimizda bugungi kunda 100dan ziyod nashriyot, ta’lim muassasalari, korxona va tashkilotlar huzurida 50 ga yaqin noshirlik bo‘limlari, 1700dan ziyod matbaa korxonasi faoliyat yuritmoqda. Ular tomonidan o‘tgan 2015 yilda 50 million nusxada adabiyotlar chop etildi.

 Noshirlik va matbaa ishlarini rivojlantirishga, matbaa korxonalarini modernizatsiyalash, texnik va texnologik yangilashga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasida kitob mahsulotlarini chop etish ko‘lami va sifati oshdi.

Xalqimizning kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishda “Kitob bayrami”ning o‘rni ortib bormoqda. Ushbu tadbir davlatimiz tomonidan adabiyotni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor va erishilayotgan natijalarni keng jamoatchilikka yetkazish, xalqimiz, jumladan, yoshlarning kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ijodkorlar va kitobxonlar o‘rtasidagi muloqotni yaxshilash, kitobga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qoplashda o‘z samaralarini berayotir.

Mazkur tadbirning o‘tkazilishida xalq ma’naviyatini yuksaltirish, adabiyot, ma’naviyat, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash va ulug‘lash, yosh avlod ongu shuuriga milliy mustaqillik g‘oyalarini singdirish va ularni ona Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashga hissa qo‘shish kabi maqsadlar mushtarakligini ko‘ramiz.

– Bugungi kunda nashriyotimiz tomonidan chop etilayotgan asarlar avvalgi yillarga qaraganda bir muncha salmoqli, – deydi “Akademnashr” nashriyoti direktori Sanjar Nazarov. – O‘tgan yili Turkmanistonda o‘tkazilgan xalqaro tanlovda “Eng yaxshi badiiy kitob” yo‘nalishida nashriyotimizning ijod namunasi g‘olib bo‘ldi. Bu esa ana shunday tadbirlarning samarasi deyishi mumkin.

Yana o‘qing:  Barkamol yoshlar maskani

Istirohat bog‘ining turli hududlarida tashkil etilgan maxsus maydonlarda bayramga tashrif buyurganlar uchun nashriyotlarning yangi kitoblari taqdimoti, adib va shoirlar, kitob grafikasi bo‘yicha rassomlar, muharrirlar bilan ijodiy uchrashuvlar o‘tkazildi. “Eng yaxshi kitobxon”, “Kitobxon oila” kabi mavzularda viktorinalar, ijtimoiy so‘rovnomalar o‘tkazildi. Shuningdek, yozuvchi va shoirlar, xalq artistlarining ijodiy chiqishlari va ular bilan uyushtirilgan suhbatlar yoshlar uchun katta mahorat maktabiga aylandi.

Tadbirga kelgan kitobxonlarni kuzata turib, kitob mutolaa qilish nafaqat yoshlarimiz, balki kattayu kichikning birdek sevimli mashg‘ulotiga aylanib borayotganini his etdik.

Tadbir doirasida O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligining majlislar zalida “Kitob millatning bebaho madaniy va ma’naviy merosi” mavzusida IV ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda noshirlik faoliyatini qo‘llab quvvatlash, sohada erishilgan yutuqlar va yechimini kutayotgan muammolar haqida atroflicha so‘z yuritildi.

M. TOLIPOVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: