Muruvvat – umidsiz ko‘ngillarga shamchiroq

“Farzand tovoniga kirgan zirapcha onaning yuragiga botadi”, deydilar. Haqiqatdan ham, dunyodagi onalarning hech biri vujudining bir parchasi bo‘lmish farzandiga ziyon-zahmat yetishini istamaydi. O‘zi og‘ir xastalikka chalingan bo‘lsa-da, “Ilohim, bolalarimning joni omon bo‘lsin” deya duo qiladi.

Toshkent viloyati, Bekobod tumanidagi Mirzo Ulug‘bek mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Feruza opa xonadonida chaqaloq dunyoga keldi. Unga yaxshi niyatlar ila Zuhriddinjon deb ism qo‘yishdi. Murg‘ak go‘dakning yashashga ishtiyoqi baland, ko‘zlari chaqnab tursa-da, uni zimdan qandaydir dard ta’qib etayotgani sezilib turardi. Oila kattalari shifokorlarga murojaat etgach, bola tug‘ma yurak nuqsoni bilan tug‘ilganligi ma’lum bo‘ldi.

Sho‘rlik ona tungi dengiz to‘fonida adashgan kemadek, o‘zini har tomonga urar, ammo najot qirg‘og‘idan darak yo‘q. Bunday paytda “Ingichka uziladi, yo‘g‘on cho‘ziladi”, degandek, iqtisodiy muammolar ham qiynardi. Natijasiz yelib-yugurishlardan charchagan Feruza opaga tanishlaridan biri “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondiga murojaat etish kerakligini maslahat berdi. Bu olis sohildagi miltillagan mayoqdek Feruza opaning ko‘nglini yoritdi.

–   Ular bizning murojaatimizni ko‘rib chiqdilar va farzandimni davolash uchun Hindistonga yuboradigan bo‘lishdi. U yerdagi “Artemis” gospitalida farzandim bepul operatsiya qilindi va sog‘ligi tiklandi. Men bundan judayam xursand bo‘ldim. Ona uchun farzandini sog‘-salomat, o‘ynab-kulib yurganini ko‘rishdan ortiq baxt bormi, dunyoda?! Buning uchun o‘zim va oilam nomidan “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondining jonkuyar xodimlariga, bolalarimiz sog‘ligini o‘ylab, ularga shart-sharoit yaratib berayotgan Yurtboshimizga cheksiz minnatdorlik bildiraman. Fond xodimlarining qilayotgan xayrli ishlariga omadlar tilayman, – deydi. Feruza opa Qo‘chqorova.

Kelajakda insonlar xotirlashlari uchun ba’zilar ismini qoyatoshlarga o‘yib yozishadi. Vaqt doirasida million yil ham bir qum zarrasidek gap. Ammo qachondir u baribir o‘chib ketadi. Yana bir toifa odamlar borki, chorasiz vaqtingda senga yordam qo‘lini cho‘zadi, dalda beradi. O‘zlari eslashingni istamasalar-da, ularning ismi yuragingda abadiy muhrlanib qoladi.

Azizlar, atrofimizdagilarga g‘amxo‘r bo‘laylik!

Humoyun QUVONDIQOV

Yana o‘qing:  Ota ibrati – o‘g‘il bola uchun hayot sabog‘i

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: