MUALLIM BOBONING BOLARILARI

Uning oilasiga qo‘shimcha daromad olib keladi

Buxoroning Jondor tumani Lola qishloq fuqarolar yig‘inida tug‘ilib, shu yerda palak yozgan G‘ulom bobo Qutliyev haqida hamqishloqlari qo‘li ochiq, halol inson, oqil tadbirkor, deyishadi. Darhaqiqat, yosh avlod tarbiyasi yo‘lida umr bo‘yi ter to‘kib, maktab atalmish muqaddas dargohda yoshlarga ta’lim-tarbiya bergan ustoz bugungi kunda nafaqada bo‘lsada hamon yoshlarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, ularga maslahatlar berib kelmoqda.

U turmush o‘rtog‘i bilan 6 nafar farzandini oliy ma’lumotli qilib voyaga yetkazib, ularni kasbli-korli qildi. Bugun nafaqat ham sevimli kasbini, ham tadbirkorlikni birdek eplab kelayotgan farzandlari Shuhratjon va Shavkatjon Qutliyevlar bilan balki nabiralari Mir­aziz hamda Mirjonlarning ham bobosining bolarilariga ishqi tushganidan G‘ulom bobo haqli ravishda faxrlanadi. Turmush o‘rtog‘ining maktabgacha ta’lim muassasasida tarbiyachi bo‘lib ishlash bilan birgalikda ham oilasini, ham farzandlari tarbiyasiga mehr va talabchanlik bilan yondoshgani zoye ketmadi. Bu esa oqil tadbirkorning baxti desak aslo mubolag‘a emas. Ha, yillar ketidan yillar o‘tdi. Bugun G‘ulom Qutliyevni hamqishloqlari bizning tadbirkor G‘ulom bobo, deyishadi. Qariyb o‘ttiz besh yildan buyon oilaviy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yib asalarichilikning hadisini olgan boboning yetishtirayotgan boli bugun xaridorgir.

Asalari bolining shifobaxsh ekanini yaxshi anglagan G‘ulom bobo uning foydali xususiyatlari haqida bizga quyidagilarni so‘zlab berdi.

– Ma’lumki, asal ming bir dardga davo. Shunday ekan, asalarichilikni rivojlantirish uchun albatta eng avvalo bu mitti jonzotlar hayotini o‘rganishimiz zarur. Asalari tozalik va ozodalikni xush ko‘radi. Shu bois ular hamisha ozoda joylarda qo‘nim topishadi. Ushbu gullar shaydosi o‘z udumiga ko‘ra katta oila bo‘lib yashaydi. Mazkur oilada yashaydigan har bir a’zo ma’lum vazifani bajaradi. Oila asosan urg‘ochi ari, ishchi ari va erkak arilardan tashkil topgan bo‘lib, ona ari faqat tuxum qo‘yish vazifasini bajaradi. Qo‘yilgan tuxum ikki xil – urug‘langan va urug‘lanmagan tuxumga bo‘linadi. Urug‘langan tuxumdan ozuqa yordamida urg‘ochi va ishchi arilar, urug‘lanmagan tuxumdan erkak arilar yetishib chiqadi.

Ona ari uyasidan kam chiqadi. U bir kecha-kunduzda o‘rta hisobda 1500 ta tuxum qo‘yadi. Uning uzunligi 18-20 mm., og‘irligi esa o‘rtacha 200 mg. ga yetadi. Ona ari 5-6 yil yashashi mumkin. Lekin uning mahsuldorligi ikki yildan so‘ng pasaya boshlaydi. Shuning uchun har ikki yilda ona arilar almashtirilib boriladi. Ishchi urg‘ochi arilarning asosiy vazifasi gul shirasi (nektar), gulchangi, suv yig‘ish, gul shiradan bol ishlash, yosh arilarni tarbiyalashdan iborat. Shuningdek, ular mumdan katak yasash, uyani tozalash, havo namligini ta’minlash, asalari yelimini yetkazish kabi ishlarni ham bekamu ko‘st uddalashadi. Qo‘riqlash ishlarini ham faqat ishchi arilar hushyor holda bajaradi. Shu bois ishchi arilarning xartumchasi erkak arilarning xartumchasidan uzunroq bo‘ladi. Birmuncha yoshroq 14-20 kunlik asalarilar uya ichida ish bajaruvchi, 14-20 kunlikdan oshganlari esa dalada uchuvchi asalarilar tabaqasini tashkil etadi. Bahor va yoz faslida ishchi asalarilar o‘rta hisobda 40 kun, kuzda voyaga yetganlari esa kelasi bahorgacha yashashlari mumkin. Erkak arilar tayyor asal bilan oziqlanadi. Ularning uzunligi 15-17 mm., og‘irligi esa 2, 2 grammni tashkil etadi.

Yana o‘qing:  Qoratog‘ etagidagi ziyoratgoh

Ayni vaqtda asalarilarning Ukraina, Krana, Italiya, Kuban, Uzoq Sharq, O‘rta Rus, Karnat asalari zotlari mavjud. Ularning boli tarkibida odam organizmida tez hazm bo‘ladigan 80 foiz meva va uzum qandi bor. Ushbu shifobaxsh mahsulot ko‘plab dardlarga davo sifatida iste’mol qilinadi. Jumladan, kamquvvatlikda, ko‘z xiraligida ko‘rish qobiliyatini yaxshilash uchun, kishi organizmida qonni ko‘paytirish kabi xususiyatlarga ega.

G‘ulom boboning so‘zlarini tinglar ekanmiz, chor-atrofdagi gulu gulzor orasiga qo‘yilgan asalari qutilari diqqatimizni tortdi. Tadbirkorning ta’kidlashicha, asalarichilik bilan shug‘ullanish mo‘l-ko‘l daromad manbai hisoblanar ekan. Shuning orqasidan barcha oila a’zolari farovon hayot kechirishmoqda. Eng muhimi farzandlar yoshligidan mehnatga o‘rganib, qo‘shimcha daromad topish yo‘llarini o‘zlashtirar ekan.

Ha, G‘ulom bobo har bir oila o‘z imkoniyatiga yarasha kamida 4-5 quti asalari boqsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi, deganida naqadar haq ekanligini uning tadbirkorlik faoliyati bilan tanishgach ishonch hosil qildik. O‘z ishidan mamnun ustozning yuzi yanada yorishib ketganday tuyuldi.

Ushbu yorug‘lik qalbi daryo ustoz, endilikda esa nafaqaga chiqib oilaviy tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan boboning mustaqillik tufayli el obod, hayot farovon bo‘layotganiga har kim baholi qudrat o‘z hissasini qo‘shishi lozimligi haqidagi o‘ylaridan ko‘ngli charog‘on bo‘layotganidandir.

Mahliyo QUTLIYEVA,

Jamila ERDONOVA,

Buxoro viloyati

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: