Maqsadga halol erishmoq yo‘li

Har bir millatning o‘tmishini ifodalovchi, asrlar davomida e’zozlanib kelgan qadriyatlari bo‘ladi. O‘zbek xalqining ana shunday asrlar osha yashab kelayotgan qadriyatlaridan biri bo‘lmish kurash bugun istiqlol sharofati bilan dunyodagi eng ommaviy sport turlaridan biriga aylandi.

Kurashda eng asosiy e’tibor halollikka qaratilgan. Zero, unda eng katta bahoning «halol» deb nomlanishi ham shundan dalolat beradi. Xalq og‘zaki ijodi orqali og‘izdan-og‘izgan o‘tgan dostonlar qahramonlari bo‘lmish polvonlar ham o‘zlariga halollik va adolatli bo‘lishni shior qilib olganlariga guvoh bo‘lamiz.

Davlatimiz mustaqillikka erishgandan so‘ng kurashni targ‘ib qilishga va uni rivojlantirishga yanada kengroq e’tibor berila boshlandi. Shaxsan Yurtboshimiz ko‘magi va rahnamoligida bir guruh sportimiz jonkuyarlari kurashni xalqaro maydonga olib chiqish rejasini ishlab chiqdilar. Bir vaqtning o‘zida mamlakatimizning turli hududlarida qator yirik turnirlar tashkil etildi.

Shu bilan birga Janubiy Koreya, Kanada, Yaponiya, Hindiston, AQSH, Monako va Rossiya davlatlarida o‘tkazilgan turli sport forumlarida kurashning ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etildi. Mana shunday sa’y-harakatlar o‘z samarasini bera boshladi. 1998 yilning 6 sentyabrida Toshkentda 28 davlat vakillari ishtirokida Kurash Xalqaro Assotsiatsiyasi (IKA)ga asos solindi.

Bugungi kunga kelib Kurash Xalqaro Assotsiatsiyasi o‘z ichiga Osiyo, Afrika, Yevropa, Pan-Amerika hamda Okeaniya Kurash Konfederatsiyalarini qamrab olgan.

Xalqimiz har doim faxrlansa arziydigan polvonlarga ega bo‘lib kelgan. Buning sababi ham o‘z-o‘zidan oilaviy tarbiyaga borib taqaladi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Zero, qadimdan to‘ylarda, bayramlarda kurash tushib kelgan ota-bobo, aka-ukalarini ko‘rgan yoshlarning ham xuddi ularga o‘xshashga intilishi tabiiy va bu yurtimizda polvonlarning yangi-yangi avlodlari yetishib chiqaverishiga sabab bo‘ladi.

Polvon yuragi bilan yiqilsa yiqiladi-ku kuragi bilan yiqilmaydi, deyishadi. Ana shunday yuragi botir yurt farzandi bo‘lgan polvon yigitlarimizning dovrug‘i bugun dunyoni tutgan.

Bugungi kunda kurash dunyodagi ko‘pgina davlatlarda kuchli qiziqish bilan o‘rganilmoqda, unga bo‘lgan qiziqish yildan-yilga ortib bormoqda.

Kim El Jung:

Koreya Kurash Federatsiyasi Prezidenti, xalqaro toifadagi hakam

– Men juda ko‘p sport turlari bilan shug‘ullanganman. Lekin 2001 yil kurash musobaqalarini kuzata turib, menda unga nisbatan qiziqish uyg‘ondi. O‘zbekistonga kelib eng avvalo kurashni o‘rganish uchun o‘zbek tilini o‘rgandim. Bugun o‘zbek tilida bemalol gaplasha olaman. Hayotimni esa kurashsiz tasavvur eta olmayman.

Yana o‘qing:  Jamg‘arma faoliyatidan (2013-38)

Davlatimiz rahbarining 1999 yil ­ 1 fevraldagi «Xalqaro «Kurash» Assotsiatsiyasini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida»gi Farmoni milliy sportimiz bo‘lmish kurash rivojini yangi bosqichga ko‘tardi. 1999 yilda Toshkentda bo‘lib o‘tgan kurash bo‘yicha birinchi jahon chempionatida Yevropa, Osiyo, Afrika, Shimoliy va Janubiy Amerika qit’alarining 48 mamlakati vakillari ishtirok etdi.

Bugunga kelib jahonning 5 ta qit’asida konfederatsiyalar, 121 ta davlatda rasmiy federatsiyalar faoliyat ko‘rsatmoqda.

Kurash Osiyo o‘yinlari tarkibidan o‘rin olib, Afrika, Pan-Amerika, Yevropa o‘yinlariga kirish borasida ham aniq qadamlar qo‘yildi.

Irina Shvenskaya:

Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi a’zosi

– Kurash mamlakatingizda ko‘p ming yillik tarixga ega azaliy qadriyatlardan biri hisoblanadi. Bugungi kunda kurashga bo‘lgan qiziqish nafaqat O‘zbekistonda, balki, butun dunyoda ommaviylashib, muxlislar olqishiga sazovor bo‘lmoqda. Hozir kurash bilan faqatgina erkaklar emas ayollar, bolalar ham katta qiziqish bilan shug‘ullanmoqda. Bu albatta xalqingizning jahon miqyosida yanada yuksalib taraqqiy etishida, O‘zbekistonni dunyoga tanitishda katta ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga O‘zbekistonning dunyo hamjamiyatidagi o‘rnini yanada mustahkamlab, boshqa millat va elatlar bilan o‘rnatilgan do‘stona aloqalarni yanada rivojlantirishda muhim omil bo‘ladi. Kurash shu zaylda rivojlanib borar ekan tez orada Xalqaro Olimpiya o‘yinlariga kiritilishiga ishonaman.

«Kurash», «yaktak», «ta’zim», «to‘xta», «yonbosh», «chala», «dakki», «halol» kabi o‘zbekcha so‘zlarning turli millatga mansub hakamlar tilidan yangrashi ko‘ksimizni tog‘day ko‘taradi. Milliy kurashimiz usullarini mohirona qo‘llab, bel olishayotgan xorijlik polvonlarni ko‘rganimizda qalbimiz faxr-iftixorga to‘ladi.

Yuma Saiki:

Yoshlar o‘rtasida Jahon chempioni (Yaponiya)

– Men yoshligimdan kurash bilan shug‘ullanib kelaman. Ilk bor kurash to‘garagiga borganimda uning usullari dzyudonikiga juda o‘xshashdek tuyulgandi. Ammo kurashda tik turib olishish, raqibga nisbatan hurmat kabi omillar meni hayratlantirdi. Sevimli sportimning salkam 3000 yillik tarixi bor ekan. Bugun Yaponiyada kurash bilan muntazam shug‘ullanayotgan minglab tengqurlarim bor.

Shu yilning 29 iyun – 6 iyul kunlari Janubiy Koreyaning Incheon shahrida yopiq inshootlarda hamda jangovar yakkakurashlar bo‘yicha o‘tkaziladigan IV Osiyo o‘yinlari yuqori saviyada o‘tkazildi.

IV Osiyo o‘yinlarida ishtirok etgan qirq­dan ortiq mamlakat polvonlari o‘rtasida Kurash musobaqalari murosasiz o‘tdi.

Gulyor Otajonova:

Kurash bo‘yicha IV Osiyo o‘yinlarining oltin medal sohibasi

– Men O‘zbekistonning chekka hududi – Xorazmda tug‘ilib voyaga yetmoqdaman. Muhtaram Yurtboshimiz tomonidan xotin-qizlar sportiga qaratilayotgan e’tibor sabab yaratilan barcha imkoniyatlardan unumli foydalanishga harakat qilyapman. Incheonda g‘oliblarni taqdirlayotganda davlatimiz bayrog‘i eng tepaga ko‘tarilayotganini ko‘rib, madhiyamiz eng birinchi jaranglayotganini eshitib ko‘zimga yosh keldi. Maqsadim sportdagi faoliyatim so‘nggigacha Vatanimiz obro‘-e’tibori, nufuzini yanada yuksaltirishga bor kuchimni sarflash.

Yana o‘qing:  Ushalmagan orzulari kelayotgan yil

Bobolari polvon bu yurtning farzandlari-da polvon bo‘ladi. Vatani, oilasi or-nomusini hamma narsadan ustun qo‘ygan millatning ertasi bugunidan-da qudratli bo‘lishiga butun dunyo ishonadi.

Farhod TOLIPOV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: