MAHALLADA 5 SEKTOR

ular Qanday vazifani bajaradi?

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida aholining salomatligini ko‘zlab amalga oshirilayotgan ishlar zamirida ham eng avvalo, yosh avlodning sog‘lom muhitda voyaga yetishi ko‘zda tutilgan. Buning uchun tizimda keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda. Xususan, mahallalarda beshta sektor – “Oilaga kirish sektori”, “Jinoyatchilik profilaktikasi sektori”, “Bandlik sektori”, “Salomatlik sektori”, “Ta’lim va tarbiya sektori” belgilangan reja asosida faoliyat yuritadi. Sektorlarga hududdagi davlat va jamoat tashkilotlari yetakchilik qiladilar va hamkorlikda ish olib boradilar. Har bir sektor o‘z tuzilishiga, vazifalariga egadir. Birgina misol, Mirobod tumanidagi “Istiqlol” mahalla fuqarolar yig‘inida tashkil etilgan “Salomatlik sektori”ning faoliyati namunali tarzda olib borilmoqda.

– Mahallamizda uch mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi, – deydi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Baxtiyor Boysariyev. – Ularning turmush tarzini, kundalik hayotini, ayniqsa, salomatligini nazorat qilib borish uchun maxsus sektorlar tashkil etilgan. Masalan, “Salomatlik sektori”ning faoliyatiga to‘xtalsam, sektor a’zolari sog‘lom turmush tarzini shakllantirishda hafta kunlarini taqsimlash rejasini ishlab chiqishgan. Unga ko‘ra haftaning dushanbasi nuroniylar kuni, deya belgilangan. Bu kuni sektor a’zolari hududdagi keksa va nuroniylardan xabar olib, kasalliklar profilaktikasi, dori-darmonlardan oqilona foydalanish va xonadonning saranjom-sarishta, ozodaligida keksalarning yo‘l-yo‘riqlari xususida suhbatlashadi. Seshanba kunida hududdagi homilador ayollar bilan homiladorlik davridagi zarur qoidalar, bexatar onalik kabi mavzularda suhbatlar uyushtiradi va muammolari bo‘lsa, hamkorlikda choralar ko‘riladi.

Chorshanbada hududdagi o‘smirlar bilan shaxsiy gigiyena, zararli odatlardan saqlanish, erta va qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarning salbiy oqibatlari xususida suhbatlar o‘tkazadi. Payshanba esa xonadon tutimi va ekologiya masalalariga bag‘ishlanadi. Juma xotin-qizlar bilan oilada sanitariya holatining yaxshilanishida bekalarning roli, qizlarni mustaqil hayotga va oilaga tayyorlash, sog‘lom turmush tarzi afzalliklari xususida suhbatlar o‘tkazish belgilangan. Shanba kuni esa mahalladagi o‘quv muassasalariga borib, o‘quvchilarda gigiyenik salomatlikni shakllantirish, sport bilan do‘stlashishning foydasi, ichish-chekish kabi zararli odatlardan saqlanish kabi mavzularda suhbatlar o‘tkaziladi.

Darhaqiqat, “Istiqolol” mahallasida sektorlarning faoliyati ancha yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Mahalla guzarida sektorlar uchun maxsus xona tashkil etilgan. Odamlar istagan paytda o‘z muammolari bilan ularga murojaat qilishi mumkin. Hududni ko‘zdan kechirar ekansiz, atrofda anvoyi gullar, rayhon ifori taralib turadi. Tevarakning saranjomligi aholining sarishtaligidan dalolat beradi.

Yana o‘qing:  YO’LINGIZNI YORITGUVCHI SOYABON

– Muborak Qurbon Hayiti arafasida katta hashar o‘tkazdik, – deya so‘zini davom ettiradi Baxtiyor Boysariyev. – Keksalarni yo‘qlab xonadonlarga bordik. Ehtiyojmand oilalarga bayram sovg‘alari ulashildi. Xayrli ishlar davom etib, “Salomatlik sektori” a’zolari boshchiligida hududdagi bolalar qish mavsumi oldi shifokor nazortidan o‘tishdi. O‘RVI (o‘tkir respirator infeksiyalar) va gripp sezilgan bolalar hududimizdagi poliklinikada davolandi. Aholi salomatligi yo‘lida olib borilayotgan bu kabi ishlar sektor a’zolarining samarali mehnat qilayotganini bildiradi.

Albatta, sog‘lom farzand tug‘ilishi, uning tarbiyasini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish bir qancha omillarga bog‘liq. Hududlarda “Salomatlik sektori”ning tashkil etilgani, mahalla, oila va poliklinikalar hamkorligi ana shu tarbiyani har tomonlama mustahkam bo‘lishini ta’minlayotir. Zero, sog‘lom muhitda sog‘lom bola voyaga yetadi.

Dildora QARSHIBOYEVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: