KICHIK YO’LOVCHI UCHUN AVTOO‘RINDIQLAR

Takomillashib borayotgan texnika asrida kundan-kun yangi ko‘rinishdagi mahsulotlar dunyo bozorlarini egallamoqda. Insonlar og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qiluvchi, ularga qulaylik yaratuvchi, shu bilan birgalikda xavfsizlikni ta’minlovchi mahsulotlar iste’molchilar tomonidan mamnuniyat bilan kutib olinmoqda.

Xavfsizlik masalasi haqida so‘z borganda ko‘pchilik sergak tortadi. Sababi, har tomonlama himoyalangan bo‘lishga nima yetsin?! Ayniqsa, bolalar xavfsizligi masalasi ota-ona uchun alohida ahamiyatga ega.

Maktab, bozor, turli xil yumushlar yoki oilaviy sayohat maqsadida yengil avtomobilda yo‘lga otlandingiz. Shunday paytlarda jajji farzandingizga mashinaning orqa o‘rindig‘idan joy ajratasiz. “Kichik yo‘lovchi” bilan manzil tomon yetib borguningizcha, u kattalar nazoratida bo‘lsa, bexavotir rulni boshqarasiz. Ammo, tinib-tinchimas bolakayni nazoratsiz bir daqiqa qoldirish…

Yo‘l turli xil xush va noxush hodisalar bilan to‘la. Qaysidir haydovchi avtoulovni sergaklik bilan boshqarsa, yana kimdir tezlik bilan, yo‘l qoidalariga amal qilmasdan, beparvo yo‘lga otlanadi. O‘zi va farzandlari sog‘ligi, ularning xavfsizligini o‘ylagan haydovchilar esa doimo hushyor. So‘nggi paytlarda yosh bolali avtoulov foydalanuvchilari orasida kichkintoy uchun mo‘ljallangan avtoo‘rindiqlar keng urfga kirmoqda. Bu o‘rindiqlarning asosiy vazifasi bolajon xavfsizligini turli xil xavfli avtohalokatlardan muhofaza qilish. Ayrim ma’lumotlarga qaraganda mazkur o‘rindiqlar avtohalokat vaqtida 70 foizgacha bolajon xavfsizligini ta’minlay oladi.

Hozirda avtoo‘rindiqlarning turli xil ko‘rinishdagilari maxsus do‘konlarda xaridorlar hukmiga havola qilinmoqda. O‘rindiqlarni xarid qilmoqchi bo‘lgan ota-onalar, ularni tanlashda e’tiborli bo‘ling. Chunki, manzil tomon sog‘-salomat yetib borishingizda mazkur o‘rindiqlarning xizmati katta ekanligini unutmang. Farzandingiz yoshi, uning bo‘yi, vazni, o‘rindiq kengligi, himoya kamarlarining mustahkam ekanligiga e’tibor qarating. Avtoo‘rindiqni farzandingiz bilan birgalikda tanlaganingiz ma’qul. Sababi, faqat shundagina o‘rindiqning aniq o‘lchamini olishingiz mumkin va keyinchalik sizda u bilan bog‘liq bo‘lgan muammolar yuzaga kelmaydi.

Yuqorida o‘rindiq tanlashda bolaning yoshini inobatga olish xususida aytib o‘tdik. Buning asosiy sababi, “0” guruhiga kiruvchi o‘rindiqlar go‘daklikdan to 9 oylikkacha bo‘lgan muddatda foydalanilsa, “0+” 9 oylikdan 3 yoshgacha bo‘lgan muddatni o‘z ichiga oladi. “2” va “3” – guruhdagi avtoo‘rindiqlar 3 yosh va undan katta bo‘lgan bolajonlar uchun mo‘ljallangan. O‘rindiqlar tanlayotganingizda albatta mutaxassis maslahatiga amal qiling. Sababi uni mashinaga o‘rnatish bilan bog‘liq bo‘lgan bir qancha talablar mavjud. Manzil tomon otlangan yo‘lingiz hamisha ochiq va ravon bo‘lsin!

Yana o‘qing:  Yaxshilik yaxshi

Xurshida HUSENOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: