“Kechmagay mard do‘stidan…”

Axborot asrida yaxshi va yomon xabar birdek tez tarqaladi. Yaqinda internet tarmog‘ida 12 yoshli bola suvda cho‘kayotgan do‘stini qutqarish vaqtida halok bo‘lganligi to‘g‘risidagi xabar qalblarni larzaga soldi. Bir tarafdan yosh umrga achinsang, ikkinchi tomondan uning jasoratiga tahsin aytging keladi. Voqeani batafsil o‘rganish maqsadida qahramon o‘smirning yashash manziliga bordik.

Aslida 10 yoshli Abdulloh poytaxtimizning Qoraqamish dahasidagi “Chamanbog‘” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qilgan. Oilada uch o‘g‘il. Abdulloh bosh farzand. Ota-ona turli sabablar bilan ajrashgach, Abdulloh onasi Nodira Xajayevaga suyanchiq bo‘lib qolgan edi.

Voqea bunday bo‘lgan: joriy yilning 21 yanvar sanasida Abdulloh do‘stlari bilan futbol o‘ynash uchun soat 13: 00da sport maydoniga boradi. O‘yingoh qo‘shni mahalla hududida joylashganligi uchun ular anhor ko‘prigidan o‘tib borishadi. Soat 15: 00dan oshganda do‘stlar o‘yinni yakunlab, ortga qaytishgan. Bu gal Shohjahon ismli do‘sti ko‘prikdan emas, unga yaqin joylashgan temir quvurdan yurib o‘tmoqchi bo‘ladi. Sirpanchiq temirdan o‘tayotganda uning oyog‘i toyib, suvga yiqiladi. Ko‘priqdan o‘tib borayotgan Abdulloh do‘stini qutqarish uchun hech ikkilanmay, o‘zini suvga otadi. Voqeani ko‘pqavatli uy oynasidan kuzatib turgan ayollar unga “Suvga sakrama” deya qichqirishadi. Ammo do‘stining hayotini qutqarishni o‘ylagan qahramon atrofdagilarni tinglamaydi.

Havo harorati – 5 daraja, suv harorati esa undan-da sovuq edi. Tez oqarsuvda Shohjahon cho‘kib borardi. Abdulloh tezda suzib, unga yetib oladi va do‘stini qirg‘oqqa tortib chiqadi. Bu orada boshqa do‘stlar odamlarni yordamga chaqirish uchun yon-atrofga yugurishadi. O‘sha paytda “Yoshlik” MFY raisi shu atrofda hashar o‘tkazayotgan bo‘lgan. Hamma anhor tomonga yuguradi. Mahalla oqsoqoli qirg‘oqqa yaqin kelgan Shohjahonga cho‘p uzatib, uni qirg‘oqqa tortib oladi. Kutilmaganda Abdullohning o‘zi suvga cho‘ka boshlaydi. Atrofdagilar uni qutqarish o‘rniga chetdan turib kuzatish, hayqirish bilan kifoyalanadi…

 

U HAQIQIY GENERAL

 

Sayyora ShODMONOVA,

poytaxtimizning Qoraqamish dahasidagi 134-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi, Abdullohning ustozi:

– Abdulloh tabiatan og‘ir-vazmin bola edi. 1-sinfga kelganida alifbo kitobini qiynalmasdan o‘qiy olgan. Ilmga intilishini ko‘rib, sinf sardori etib tayinladim. To‘rt yil mobaynida u sinfdoshlariga o‘rnak bo‘ldi. Sportning Turon yakka kurashi turi bilan shug‘ullanardi. Yuragida o‘ti bor yigit edi.

Bir kuni “Men kelajakda…” mavzusida o‘quvchilar bilan suhbatlashdim. Shunda Abdulloh “Men katta bo‘lganimda general bo‘laman” deb qat’iy ishonch bilan aytdi. Uning general bo‘lishiga shubham yo‘q edi. Do‘stlari orasida jasurligi bilan ajralib turardi. U haqiqiy generalga xos jasorat ko‘rsatdi. Bunday mardlik hatto, katta odamlarning ham qo‘lidan kelishi amrimahol.

 

Yana o‘qing:  O‘tmish surati: elga ma’rifat ulashgan mutafakkir

ISMIGA MOS FARZAND

 

Husan XAJAYEV,

Abdullohning bobosi:

– Nevaram Abdulloh menga, yaqinlariga juda mehribon edi. Onasi ishga ketganida ukalariga o‘zi qarardi, ovqat pishirib, uylarni saramjon-sarishta qilardi. Hozir bir yarim yoshdan oshgan ukasini qo‘lidan qo‘ymasdi. Boshqa bolalardek o‘yinqaroq emasdi. Bosh farzand ekanini, onasining suyanchig‘iligini, mas’uliyatni his qilardi. Bo‘sh vaqti bo‘ldi, deguncha ingliz tilini o‘rganishga kirishardi. “Ukalarimni katta institutlarda o‘qitaman” derdi bolam!

Sportga ham qiziqardi. Turon yakka kurashi bo‘yicha ko‘plab medallari bor. Maktabda olgan faxriy yorliqlari javonni to‘ldiradi. Shuning uchun “futbol o‘ynayman”, desa qarshilik qilmaganmiz. Bu kechmish Allohning taqdiri. Nachora, sabr qilyapmiz. Ammo baribir o‘ylab qolaman, agar o‘sha paytda atrofdagilardan birortasi suvga sakraganda nevaram tirik qolarmidi?! Axir u yosh bola. Oqimga qarshi suzishga kuchi yetmagan, lekin katta odamlar bemalol suza olardi…

Nevaram behuda yashadi, deb o‘ylamayman. Shunday mard farzandim borligi bilan faxrlanaman!

 

Shundan bo‘lsa kerak “Hayitdan keyin xinani oyog‘inga qo‘y” degan maqol bor. Voqea joyini ko‘rish uchun borganimizda temir quvurning ikki tarafiga o‘tib bo‘lmas to‘siq qo‘yilibdi. Mahalla odamlarining aytishicha bu suv uzoq yillar mobaynida ko‘pchilikni o‘z domiga tortgan. Mazkur to‘siqlar ancha yil oldin o‘rnatilganida bolalar undan yugurib o‘tishmasmidi, ko‘plab insonlar hayoti asrab qolingan bo‘lardi, balki.

Aziz zamondosh, o‘tayotgan umringizga bir razm soling. Abdullohdek savobga arzigulik ish qila oldingizmi? Uningdek fidoyilik ko‘rsatib, yaqinlaringiz koriga yarayapsizmi yoki cho‘kayotgan bolani shunchaki kuzatib turganlar kabi yon-atrofga beparvomisiz? Ogoh bo‘ling, beparvolik sizning ham farzandlaringizga ziyon yetkazmasin. Xonadoningizda Abdullohdek asl, ammo umri uzoq farzandlar tug‘ilaversin!

 

Dildora FAYZIYEVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: