Ijtimoiy tarmoqdagi tomosha yoxud qiz bolaning qadrini to‘kish kim(nima)ga kerak bo‘ldi?

Taraqqiyot yaxshi, ammo uning imkoniyatlaridan to‘g‘ri va oqilona foydalanmaslik jamiyatda turli muammolarni keltirib chiqaradi. Ayniqsa, insonlarning bir-biriga zarar yetkazishi va o‘ylamasdan qilgan ishlari ko‘plab noxush holatlarga sabab bo‘ladi.

Ana shunday salbiy oqibatlarga olib kelgan voqealardan biri Surxondaryo viloyati Qiziriq tumanidagi “Do‘stlik” mahallasida sodir bo‘ldi. Uning bosh sababchisi esa shu hududda istiqomat qiluvchi Sadoqat Hamidova (ism-familiyalar o‘zgartirilgan).

1991 yilda tavallud topgan, hali turmushga ham chiqmagan Sadoqat maktabda kotiba bo‘lib ishlardi. Ammo uyali telefon sotib oldi-yu hayoti butunlay o‘zgardi. Avvaliga ikkita raqamdan, so‘ng, otasining telefonidan ijtimoiy tarmoqqa ulandi. S. Hamidova uchun virtual olamdagi “do‘st”lar bilan suhbatlashish tobora hayot mazmuniga aylanib borar, erta-yu kech telefon titkilab kun o‘tkazardi.

Kunlarning birida kimdir uni telegram tarmog‘idagi “Qiziriq sity” nomli guruhga a’zo qilib qo‘yadi va hammasi ana shundan keyin boshlanadi. Bu guruhda ko‘plab noto‘g‘ri va tekshirilmagan ma’lumotlar, yangiliklar va yozishmalar aylanardi. Bunday suhbatlar Sadoqatning e’tiborini tortadi, o‘zi ham ana shunday ma’lumotlarni guruhdoshlariga ulashgisi keladi…

Shunday kunlarning birida u opasinikiga mehmonga boradi. Opasi kuymalanib, ovqatga urinadi va qaynisinglisini uning yonida qoldirib, o‘zi esa oshxonaga chiqib ketadi. Qizlar turli mavzularda qizg‘in suhbat qurib o‘tirishgan payt Sadoqatning telefoni jiringlaydi. U qo‘ng‘iroq qilgan odam bilan gaplashish maqsadida nari ketadi. O‘zi yolg‘iz qolgan Maftuna esa zerikkanidan telefonidagi dugonalari bilan tushgan suratlarini tomosha qilib o‘tiradi. Suhbatini tezda yakunlagan Sadoqat Maftunaning yoniga kelib, qizlarning suratiga ko‘zi tushadi va xayoliga kelgan fikrdan xursand bo‘lib, uni amalga oshirish uchun xomaki reja tuzadi.

Dastlab telefonidagi yangi dasturlarni Maftunaga ko‘rsatib, maqtanadi. Tabiiyki, u bu dasturlarni telefoniga o‘tkazib berishini iltimos qiladi. Sadoqat esa qulay fursatdan foydalanib, o‘z telefoniga Zebiniso Hakimjonova, Azizaxon Xolpo‘latova, Muxlisa Hakimjonova hamda Maftunaning rasmlarini o‘tkazib oladi (ularning barchasi bir mahallada istiqomat qilishadi).

Sadoqat uyiga qaytgach, rejasining asosiy qismini amalga oshiradi. O‘tkazib olgan suratlar ostiga turli xil bo‘hton, haqoratli so‘zlarni yozib, “Qiziriq sity” guruhiga tashlaydi. Bundan ko‘ngli to‘lmay, qizlarni OITSga chalingan, deya tuhmat so‘zlar bilan turli guruhlarga rasmlarini tarqatadi. Rasmlarga guruh a’zolari tomonidan juda ko‘p mulohazali fikrlar bildiriladi va bu orqali Sadoqat virtual “dugonalari” bilan aloqani mustahkamlab oladi. Ammo qilayotgan ishlari naqadar qabih ekanligini hali o‘zi ham to‘liq anglab yetmagan edi.

Yana o‘qing:  O‘quvchilar uchun unutilmas uchrashuv

Kunlarning birida Maftunaga sinfdoshi P. Yo‘ldoshev qo‘ng‘iroq qilib, uning rasmlari va telefon raqami turli xil behayo so‘zlar bilan “Qiziriq sity” guruhida tarqatilayotganini aytadi. Maftuna ming hadikda sinfdoshining yoniga borib, suratlarni ko‘zdan kechiradi. Qarasaki, u yerda yolg‘iz o‘zi emas, balki Zebiniso, Azizaxon va Muxlisalarning ham suratlarini ko‘rib, hayratdan dong qotadi. U aybdorni izlashga tushadi. Bu ishni kim qilganligi esa tezda aniq bo‘ladi. Ammo Sadoqat aybini tan olmagach, jabrlanuvchilar Qiziriq tuman IIBga ariza bilan murojaat qilishadi. Shundan so‘nggina Sadoqat qizlarda hech qanday g‘arazi yo‘qligini, faqat ularning ota-onalari bilan shaxsiy adovati borligi uchun shunday yomon ishga qo‘l urganini tan oladi.

Sudda jabrdiyda qizlar hech qachon behayo ishlar bilan shug‘ullanmaganligi, OITSga ham chalinmaganini, bu haqdagi tibbiy tahlillarni va to‘plangan barcha ishonchli manbalarni sudga taqdim etishadi va S. Hamidovani qonunda belgilangan tartibda jazoga tortilishini so‘raydi.

Sudlanuvchiga nisbatan jazo turi va miqdorini belgilashda uning aybiga to‘liq iqrorligi, qilmishidan pushaymonligi, muqaddam sudlanmaganligi, qiz bola ekanligi va yoshligi hisobga olinib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 139-moddasi 2-qismi bilan ish haqining 20 foizi davlat hisobiga ushlab qolish sharti bilan ikki yil axloq tuzatish ishlari va JKning 140-moddasi 2-qismi bilan ish haqining 20 foizi davlat daromadi hisobiga ushlab qolish sharti bilan 1 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

Ha, “Qilmish qidirmish” deganlaridek, hisobli dunyoda qilingan har qanday nojo‘ya ishning kun kelib misi chiqishi aniq. Buni birgina Sadoqat Hamidova misolida ham guvohi bo‘ldik. Ming afsuski, bugun yoshlarimiz orasida bu kabi voqealarning soni ortib bormoqda. Internet tarmog‘idan noto‘g‘ri maqsadda foydalanib, kimningdir sha’ni, qadr-qimmatini toptayotganlar jamiyatda nosog‘lom muhitni shakllanishiga zamin yaratmoqda. Bunday insonlar uchun Sadoqat Hamidovaning qilmishlari saboq bo‘lsa, ajabmas.

 

Baxtiyor MAMADAMINOV,

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qiziriq tuman sudi raisi,

Dilfuza ASHURBOY qizi,

O‘zMU talabasi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: