Hoshimjonning qalpog‘i kimda?

Sevimli yozuvchimiz Xudoyberdi To‘xtaboyevning “Sariq devni minib” asari barchamizga birdek qadrdon. Hattoki, ushbu asar orqali yaratilgan filmni ham barchamiz sevib tomosha qilamiz.

E’tibor bergan bo‘lsangiz ushbu filmdagi soxta folbin xolaning qilmishlari, sehrli qalpoq kiyib olgan Hoshimjon Ro‘ziyev tomonidan mohirona fosh etiladi. Biz ham atrofimizdagi insonlar yolg‘on ta’birlarning to‘riga o‘ralib qolishiga befarq qarab tura olmaymiz. Nazarimda bugungi kunda shunday sehrli qalpoqqa juda muhtojmiz…

Bozor markazidagi hududda har safar bir ayolga ko‘zim tushadi. Oddiy, sodda kiyingan. Bir qo‘lida kichkina qilib o‘ralgan bir uyum qog‘ozlar, bir qo‘lida mitti to‘tiqush. Ayol doim bir gapni takrorlaydi: “Fol ochadi, popugay, fol ochadi”. Keyinchalik bilsam, bu qushcha, ayolning qo‘lidagi qog‘ozlardan birini, tumshug‘i bilan tanlab olib berar va odamlarni yaqin orada qanday voqealar kutib turganidan xabardor qilar ekan.

Ochig‘i hayron qolasan, kishi. Avvallari buvilarimiz, “Hamma narsani peshonangdan ko‘r, bari-bir taqdirdan qochib qutilib bo‘lmaydi” deyishardi. Ammo, bu ayolni ko‘rgach bir o‘rinli savol tug‘ilishi, tabiiy. Nahotki, bugun insonlarning taqdirini hal qilish, o‘zi birovning qo‘liga qarab, qaram bo‘lib yashayotgan to‘tiqushga qolgan bo‘lsa…

Yana bir holatga hammamiz guvoh bo‘lganmiz. Ishlasa, tog‘ni talqon qilgudek, hali bilagi kuchga to‘la insonlar atrofiga tumonat odamni yig‘ib olib bo‘rining terilari, tish, tirnoqlaridan yasalgan allaqanday tumorlarni odamlarga pullashadi. Ularning aytishicha bo‘ri terisi uyga mol, davlat olib kelsa, tumorlar insonga omad keltirar ekan. Keksalarimiz “Yotib yesang, tog‘ ham yemiriladi” deyishgan. Demak, yemirilgan tog‘ni bo‘ri terisi qayta tiklar ekan-da. Mantiqan o‘ylab qaralganda insonlarning omadli bo‘lishi bo‘rilarga bog‘liq bo‘lganida, hozirgacha yer yuzida bu hayvonlar butunlay qirilib ketgan bo‘lardi. Omad keltiruvchi tumorlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, agar bo‘rining omadi bo‘lganida uning o‘zi ovchining birgina o‘qi tufayli jon taslim qilmas edi. Bo‘rining tish va tirnoqlari, g‘ayritabiiy kuchga ega bo‘lganida u birinchi navbatda bu jonzotni xavf-xatardan asrab qolardi. Uni asray olmagan tishlar qanday qilib, insonlarni omon saqlashi, ularga omad keltirishi mumkin? Achinarlisi, to‘tiqushning soxta foliga ishonib, o‘z ruhiyatiga, sog‘lig‘iga jiddiy zarar yetkazgan insonlar qancha. Ularning ko‘pchiligini ishonuvchan o‘smir yoshdagi yigit-qizlar tashkil qiladi.

Yana o‘qing:  Farzandingizni MTMga joylashtirmoqchimisiz?

Inson – ongli mavjudot. U boshqa jonzotlardan fikrlashi, ongi bilan ajralib turadi. Shunday bo‘lsada, hayvonlarni ongli insonlardan-da yuqori baholash holatlariga duch kelmoqdamiz. To‘tiqush-u bo‘rining kichkina chumolichalik aqli yo‘qligini bila turib, ularga ishonish, insonlarga xos hislat emas. O‘z ruhiyatimizni ishonchsizlik qo‘liga topshirayotgan tengdoshlarimiz hayotiga ham befarq bo‘la olmaymiz. Atrofimizdagi mayda, ko‘zga ko‘rinmasdek tuyilgan holatlar ham katta muammolarga sabab bo‘lishi mumkin.

Mardona ZOKIROVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: