HAYOTI IBRAT, SO‘ZI HIKMAT

Poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Darxon mahallasida yashovchi Muborak Yunusxo‘jayeva xonadoni doimo gavjum. Mahalladagi hech bir tadbir onaxonning ishtirokisiz o‘tmaydi. Oila qurayotgan yoshlar, ilm yo‘lida izlanayotgan olimalar Muborak ayaning duosini olishga intiladi. Boisi, uning hamisha yoshlarga aytar so‘zlari, pand-nasihatlari bor.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida bebaho milliy qadriyatlarimiz, umuminsoniy an’analarning bardavomligini ta’minlash, yoshi ulug‘ nuroniylarning jamiyat va oila hayotidagi o‘rnini oshirish, ularning boy hayotiy tajribasidan yosh avlodni har tomonlama barkamol voyaga yetkazishda oqilona foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Zero, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, har qanday jamiyatning yoshi ulug‘ odamlarga bo‘lgan e’tibori va g‘amxo‘rligi uning madaniy darajasini belgilaydi.

Sakson ikki yoshni qarshilayotgan onaxon jamiyatimizning faol ayollaridan. U O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, Respublika “Nuroniy” jamg‘armasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi tomonidan o‘tkaziladigan barcha tadbirlarda ishtirok etadi.

Oilada to‘ng‘ich farzand bo‘lgan Muborak ayaga otasi Yo‘ldoshbek Xolboyev “Ukalaringga o‘rnak bo‘l, ular sen bosgan yo‘lni bosadi”, degan edi. Bu so‘zlar Muborak ayaning bir umrlik shioriga aylandi. Hozirgi Toshkent davlat sharqshunoslik institutini tamomlab, ilm yo‘lini tanladi. Nomzodlik ishini himoya qildi.

Muborak aya bolaligi haqida eslar ekan, otasining Ikkinchi jahon urushining ilk kunlaridayoq harbiy xizmatga ketgani, onasining yetti farzand bilan ko‘rgan qiyinchiliklari, buvisining yupatganlarini ko‘zida yosh bilan eslaydi.

“Umr – oqar daryo. Bu yo‘lni bosib o‘tish jarayonida ortga boqib, nimalarga erishganing, orzu-armonlaring va ezgu amallaring sarhisobini qilasan. Bu xayrli ishlaring safi kengayishiga, bor imkoniyatingni safarbar etib mehnat qilishga undaydi. Buning samarasini ko‘rganingda esa quvonasan”. Bu so‘zlar Muborak Yunusxo‘jayevaning kundaliklaridan olingan dil so‘zlari, hayotiy saboqlari, nabirayu evaralariga buvilik nasihati.

Inson xotirasi kino tasmasiga o‘xshaydi. Ziyrak onaxonning voqealarni yilma-yil, sanasigacha yodga olishi kishini hayratlantiradi. Ajablanganimizni ko‘rib, “Kitob o‘qish xotirani mustahkamlaydi. O‘qiganlarni takrorlash va uni atrofdagilarga yetkazishning foydasi ko‘p”, deydi.

Tarixchi olima monografiyalar, yuzdan ziyod ilmiy maqola, o‘ndan ortiq risola muallifi. Ingliz va fors tillarini mukammal biladigan olima uzoq yillar tarjimonlik ham qildi. Uning mehnatlari munosib baholanib, “O‘zbekiston Respub­likasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” unvoni va “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlandi.

Yana o‘qing:  Ko‘ngillarga solingan ko‘prik

Turmush o‘rtog‘i bilan birga farzandlarini jamiyatga nafi tegadigan insonlar qilib tarbiyaladi. Nabirasi Dilshod va kelini Dilnoza buvisining izdoshi. Ular Sharqshunoslik ins­titutini tamomlab, ilm bilan mashg‘ul.

– Buvim bizga nafaqat ilmda, balki turmushda ham doim to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatadi, – deydi Dilnoza. – Tarix, adabiyotni sevgani bois har bir ishda misollar, allomalar hayoti, ularning hikmatlaridan aytib vaziyatga baho beradi. Bu bizga har bir masalada to‘g‘ri xulosa chiqarishimizda yordam beradi.

– Bu zamin buyuk allomalar, olimu fuzalolar, donishmandlar yurti. Qaysi soha bo‘lmasin, uning rivojida ajdodlarimizning hissasi katta. Farzandlarimizga shu mas’uliyatni his etish, ilmli, kasb-hunarli, jamiyatga kerakli inson bo‘lishni ta’kidlashdan charchamayman, – deydi Muborak aya. – Bunday jannatmonand yurtni boshqa joydan topish qiyin. Buni xorijiy mamlakatlarga bo‘lgan safar chog‘larida ko‘p his etganman.

Bugungi globallashuv davrida yoshlarga ta’lim-tarbiya berish, ularni erkin fikrli, o‘z so‘zida sobit avlod qilib tarbiyalash murakkablashmoqda. Ota-onasiga g‘amxo‘rlik qilib, keksayganida ularga suyanch bo‘lgan, ularning hayotiy tajribalaridan foydalanib, yaxshi turmush kechirgan avlod o‘z farzandlariga ham ibrat bo‘ladi. Muborak aya kabi piru badavlat onaxonlarimizning hayoti bunga misoldir.

Barno MELIQULOVA,

O‘zA muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: