Go‘zallikka intilgan ko‘ngil

Yurtimiz bugungi kunda yoshlarning turli sohadagi salohiyatini namoyon etayotgan mamlakat sifatida dunyo hamjamiyati tomonidan e’tirof etilmoqda. Xoh u tadbirkor bo‘lsin, xoh sportchi yo san’atkor, boringki barcha jabhada faoliyat olib borayotgan shijoatli yigit-qizlarning bilimi, tajribasi, mehnati orqali erishayotgan muvaffaqiyatlarini ko‘rib faxr-iftixor hissini tuyasiz.

Xalqaro musobaqalarda g‘oliblikka erishib, yurtimiz bayrog‘ini yanada yuksaklarga ko‘tarayotgan ertamiz egalari bugundan kelajak tamal toshini qo‘yishmoqda.

Yoshlarning chuqur bilim olishi va maqsadiga erishishi uchun davlatimiz tomonidan yaratilayotgan shart-sharoitlar ularni ulkan g‘alabalar sari yetaklayotgani sir emas. Ana shunday yoshlardan biri Urganch shahrida pardozchi va stilist bo‘lib faoliyat yurituvchi Shohida Hayitmetovadir. U uchun 2017–2018 yillar omadli yil bo‘ldi. O‘tgan yilning 5 dekabrida u Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati kubogi uchun o‘tkazilgan respublika ko‘rik-tanlovida ishtirok etib, “Sartaroshlik san’ati, tirnoq bezaklari va yuz pardozi” yo‘nalishi bo‘yicha 2-o‘rinni egalladi. Shundan so‘ng O‘zbekiston Sartaroshlar uyushmasi taklifi bilan joriy yilning 22-25 fevral kunlari Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tgan “Nevskiye berega” deb nomlangan xalqaro go‘zallik festivalida qatnashib, sovrinli o‘rinni qo‘lga kiritdi. Rossiya, Koreya, Moldova, Litva kabi 30 dan ziyod rivojlangan mamlakatlardan kelgan sartaroshlar o‘rtasida sartaroshlik san’ati va yuz pardozi yo‘nalishlari bo‘yicha “Do‘stlik kubogi” uchun o‘tkazilgan xalqaro chempionatda o‘z ishini san’at darajasida mukammal egallaganini nufuzli hay’at a’zolariga isbotladi va “O‘rim turmaklari” yo‘nalishida 1–hamda “Oqshom turmagi” yo‘nalishida 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

 

– Go‘zallik va nafosat sohasida muhim voqea hisoblangan ushbu festival hayotimda va faoliyatimda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi, – deydi Shohida. – Bunga albatta, o‘z kasbimni sevganim, tinimsiz mehnatim orqali, qolaversa, oilamning qo‘llab-quvvatlagani bois erishdim. Shuningdek, O‘zbekiston Sartaroshlar uyushmasi raisi Farhod Shomurotov tomonidan bildirilgan yuksak ishonch menga kuch bag‘ishladi. Bellashuv nihoyatda keskin va hayajonli o‘tdi. Soch turmagi va pardoz uchun ajratilgan 30 daqiqa vaqt oralig‘ida o‘z ishimni a’lo darajada yakunlashga harakat qildim. Ayniqsa, g‘oliblik shohsupasiga chiqqanimda va yurtimiz madhiyasi yangragandagi hayajonli daqiqalar menga bir umr yodda qoladigan shodlik baxsh etdi.

 

Quvonarlisi, shu yilning 21-23 iyun kunlari Shohida Hayitmetova O‘zbekiston Yoshlar ijod saroyida tashkil etilgan “14-xalqaro Go‘zallik industriyasi ko‘rgazmasi” doirasida o‘tkazilgan “Buyuk ipak yo‘li” ko‘rik-tanlovining yakuniy bosqichida o‘z sohasi bo‘yicha “Mahorat darsi”ni o‘tkazdi va ko‘pchilikning olqishiga sazovor bo‘ldi.

Yana o‘qing:  SOG‘LOM BOLA – SOG‘LOM VA AHIL OILA MEVASI

Ayol zoti dunyoda bor ekan, go‘zallik va nafosat ustalarning ishiga ehtiyoj tug‘ilaveradi. Shuning uchun ham ushbu sohani rivojlantirish, ayollarimizning yanada go‘zal va latofatli bo‘lib yurishini astoydil istaydigan Shohida Hayitmetova kelajakda sartaroshlik sohasini egallashni maqsad qilgan yoshlar uchun o‘z maktabini ochishni niyat qilgan. Zero, kasbdan kamol topish, uning zavqi va zahmatidan bahramand bo‘lish kishini ulug‘lik sari yetaklaydi.

 

Muhabbat XO‘JAMURODOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: