FUQAROLAR MUROJAATI


“Har bir shaxs bevosita o‘zi va boshqalar bilan birgalikda vakolatli davlat organlariga, muassasalariga yoki xalq vakillariga ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga ega”.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, 35-modda.


O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatimizning mustaqil taraqqiyoti uchun huquqiy zamin yaratdi, shu bilan birga demokratik rivojlanishning poydevori bo‘lib xizmat qilmoqda.

Konstitutsiyada nafaqat bugungi kundagi ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar huquqiy tartibga solindi, shu bilan birga O‘zbekistonning kuchli huquqiy demokratik davlatdan kuchli fuqarolik jamiyati sari yuzlanishining taomili ham yaratildi. Unda xalqimizning irodasi, adolatli jamiyat barpo etishdagi intilishlari, ezgu-istaklari mujassamlashgan.

Masalan, Konstitutsiyamizning 35-moddasida “Har bir shaxs bevosita o‘zi va boshqalar bilan birgalikda vakolatli davlat organlariga, muassasalariga yoki xalq vakillariga ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga ega” ekanligi belgilangan. Fuqarolarning ushbu konstitutsiyaviy huquqlari 2002 yil 13 dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risida”gi (yangi tahrirda) Qonunida butun mazmun mohiyati bilan ochib berilgan.

Mamlakatimizda ishlatilayotgan har bir qonun maqsad jihatidan Konstitutsiya normalariga asoslanib, har qanday ma’muriy farmoyishlar esa qonunga mos kelishi lozim. Zero, Konstitutsiyada asosiy huquqiy normalar majmui iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy tamoyillar ifodalangan hujjat sifatida demokratik tuzum o‘rnatilishi uchun zamin yaratildi.

Qonunda belgilanganidek, Fuqarolarning murojaat etish huquqidan foydalanishlari boshqa shaxslarning, jamiyat va davlatning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga putur yetkazmasligi kerak. Davlat organlarida fuqarolarni qabul qilish tashkil etiladi. Fuqarolarni qabul qilish rahbar yoki boshqa mansabdor shaxs tomonidan amalga oshiriladi. Buning uchun davlat organlarida alohida bo‘linmalar tuzilishi mumkin, fuqarolarni qabul qilish uchun mas’ul mansabdor shaxslar belgilab qo‘yiladi. Fuqaroni qabul qilish, agar uning bir necha bor qilgan murojaati asossiz, qonunga xilof xususiyatda bo‘lsa yoki uning murojaati bo‘yicha qaror qabul qilib bo‘lingan bo‘lsagina, u rad etilishi mumkin.

Fuqarolar murojaat etish huquqidan foydalanayotganda ularning jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeiga qarab kamsitish ta’qiqlanadi. Fuqarolarning murojaatlari albatta qabul qilinishi va ko‘rib chiqilishi kerak, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Fuqaro uning murojaatini qabul qilish va ko‘rib chiqish asossiz ravishda rad etilganligi ustidan bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga yoki bevosita sudga shikoyat berishga haqlidir.

Yana o‘qing:  Alplar ko‘ksidagi g‘ururdir Vatan

Fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqishda fuqarolarning shaxsiy hayotiga doir ma’lumotlar ularning roziligisiz, shuningdek, davlat siri yoxud qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sir hisoblangan ma’lumotlar agar fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini kamsitadigan bo‘lsa, boshqa axborotlar davlat organlari xodimlari tomonidan oshkor etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Fuqarolarni hamda ularning oila a’zolarini o‘z huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarish yoki himoya qilish maqsadida davlat organlariga murojaat etganliklari uchun ta’qib qilish man etiladi.

Fuqarolarning ariza, taklif va shikoyatlar berishi uchun muddat belgilanmaydi. Ayrim hollarda muayyan davlat organining ariza, taklif va shikoyatni ko‘rib chiqish imkoniyatiga, fuqarolarning huquq va erkinliklarini o‘z vaqtida ro‘yobga chiqarish, ularning qonuniy manfaatlari himoya etilishini ta’minlash zaruratiga bog‘liq bo‘lsa, shuningdek, qonunlarda nazarda tutilgan boshqa asoslarga ko‘ra, bunday davlat organlariga ariza, taklif va shikoyatlarni berish muddati belgilanishi mumkin. Fuqarolarning davlat organiga kelib tushgan murojaatlari ana shu organning o‘zi yoki zimmasiga murojaatlarni ko‘rib chiqish vazifasi yuklatilgan mansabdor shaxs tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Ariza yoki shikoyatlar masalani mohiyatan hal etishi shart bo‘lgan davlat organiga tushgan kundan e’tiboran bir oygacha bo‘lgan muddat ichida, qo‘shimcha o‘rganishni va tekshirishni talab etmaydigan ariza yoki shikoyatlar esa o‘n besh kundan kechiktirmay ko‘rib chiqiladi. Fuqaroning murojaatini ko‘rib chiqqan davlat organi unga murojaatni ko‘rib chiqish natijalari to‘g‘risida va qabul qilingan qarorning mohiyati haqida yozma shaklda xabar qilishi shart.

Fuqarolarning murojaatlarini qabul qilishni va ko‘rib chiqishni asossiz ravishda rad etish, ularni ko‘rib chiqish muddatlarini uzrli sabablarsiz buzish, qonunga zid qaror qabul qilish, fuqaroning buzilgan huquqlari tiklanishini hamda shikoyat munosabati bilan qabul qilingan qaror bajarilishini ta’minlamaganlik, fuqaroga uning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlariga daxldor bo‘lgan hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyatini berishni asossiz ravishda rad etish yoki fuqarolarning shaxsiy hayotiga doir ma’lumotlarni ularning roziligisiz oshkor etish, fuqaroni murojaat qilganligi uchun ta’qib qilish, shuningdek, fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini boshqacha tarzda buzish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Fuqaroning tuhmat va haqoratdan iborat ariza, taklif yoki shikoyat berganligi qonunda belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Yana o‘qing:  “To‘maris”ning zukko bolalari

Ko‘rib turganingizdek mamlakatimiz fuqarolarining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilab qo‘yilgan huquqlari, erkinliklari, burch va majburiyatlari amaldagi Qonunlarda o‘zining to‘liq ifodasini topgan. Biz bunday misollarni Bosh Qomusimizning har bir moddasi asosida keltirishimiz mumkin. Chunki, Konstitutsiyamizni jami oltita bo‘limi, XXVI bobi, 128 moddasining butun mazmuni, unda belgilangan qoidalar amalda faoliyat yuritib kelayotgan mamlakatimiz oliy vakillik organi – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan qabul qilingan qonunlarda u yoki bu tartibda o‘zining huquqiy yechimini topganligi xalqimizning huquq va erkinliklarining himoyasini o‘zida ifoda etadi.

Yana shuni ta’kidlash kerakki, mamlakatimiz fuqarolarining Bosh Qomusimiz tomonidan kafolatlangan huquq va erkinliklari, burch va majburiyatlari parlamentimiz tomonidan qabul qilinajak qonunlarda yanada takomillashtirilib, mustahkamlanaveradi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2010 yil yakunlari to‘g‘risidagi hisobotida ta’kidlanishicha, 2010 yilda palataga fuqarolardan 2885 ta yozma va og‘zaki murojaat bo‘lgan. Fuqarolarning murojaati 2011 yilda 4475 taga yetgan. Bu oldingi yilga nisbatan deyarli ikki baravar ko‘pdir. Ushbu ko‘rsatkichlar parlamentga xalqning ishonchi ortib borayotganini, xalqimizning huquqiy madaniyati yuksalayotganini o‘zida ifoda etadi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida deputatlik faoliyatim davomida (2004-2009 yillar) fuqarolardan kelib tushayotgan ariza, taklif va shikoyatlarga alohida e’tibor bergandim.Dastlabki yillarda ariza va shikoyatlar ko‘p bo‘lardi-yu, qonunlarga takliflar bildirilgan xatlar kam kelardi. Biroq, u kam bo‘lishiga qaramay bu yo‘nalishdagi murojaatlar yildan yilga ortganini kuzatganmiz. Hatto, o‘zim saylangan Xonqa okrugiga uchrashuvlarga borganimda dastlab faqat ariza va shikoyatlar ko‘p bo‘lardi. Keyinchalik qonunlarga takliflar ko‘paydi. Ushbu qiyoslar huquqiy demokratik davlat qurishda xalqimizning faolligi ortayotganligini, fuqarolarning huquqiy ongi, huquqiy bilimi, huquqiy madaniyati yanada yuksalayotganligini ko‘rsatadi.

Ra’no Zaripova,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: