FIKRI TERAN, ILMGA ChANQOQ

yoshlarga saboq berish ham baxt

Mamlakatning ta’lim salohiyatini oshirish O‘zbekiston mus­taqillikka erishgan ilk kunlaridanoq tanlagan yo‘li davlat va jamiyat qurilishining ustuvor yo‘nalishi sifatida alohida e’tirof etildi. Bu boradagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning barqaror tarzda rivoj topib borishi zamirida inson manfaati mujassam.

Tarix zarvaraqalarini varaqlab, shunga guvoh bo‘lamizki, asrlar davomida har qaysi jamiyatning madaniy darajasi va ma’naviy barkamolligini o‘sha davrda yoshlarga bo‘lgan ehtirom, munosabatdan anglashimiz mumkin.

Istiqlol yillarida oilaga, yosh avlod tarbiyasiga har qachongidan ham ko‘ra katta ahamiyat berilmoqda. Hozirgi kunda davlatimizning eng katta ishonchi, tayanchi o‘sib kelayotgan yosh avloddir. Bu to‘g‘risida yurtboshimiz shunday fikr bildiradi. “Men o‘zimning taqdirimni ham, mamlakatimizning va mustaqilligimizning taqdiri va kelajagini ham ana shu yoshlar qiyofasida, ularning pok qalbi, erkin tafakkuri, mustahkam irodasi va dunyoqarashida ko‘raman”.

O‘zbekiston Milliy universiteti qoshidagi Zangiota akademik litseyida ham ana shunday sog‘lom fikrli, tafakkuri teran yoshlar bisyor. O‘quvchilarimizning yuzu ko‘zidagi mamnunlik, ilmga bo‘lgan chanqoqlik ifodasi menga cheksiz zavq-shavq baxsh etadi. Bu yerda qaysidir o‘quvchi kelajakdagi ulkan rejalari haqida do‘stiga to‘lib-toshib so‘zlab bersa, yana biri ustozining yangi ishlari xususida ko‘rsatmalar olayotganini ko‘p bora uchratasiz. Tabiiyki, bunday ilmsevar yoshlarimizning o‘z iste’dodi va qobiliyatini yuzaga chiqarish uchun qulay shart-sharoit, zamonaviy texnologiya bilan jihozlangan o‘quv xonalarining o‘rni muhim. Shuning uchun litseyimizning moddiy texnik bazasiga alohida e’tibor qaratildi. Seminar va laboratoriya xonalarining joylashuvi, bir-biriga bog‘liq fanlarning oraliq masofalari o‘quvchiga qulay bo‘lishini e’tiborga olib tashkil etildi. O‘quv xonalariga jahon andozalariga to‘la javob beradigan texnik uskunalar, mebel to‘plamlari hamda kompyuterlar joylashtirildi. Litseyimiz tabiiy fanlarga yo‘naltirilgani bois, bu yo‘nalishdagi zaruriy adabiyotlarni topish o‘quvchilarga qiyinchilik tug‘dirmasligi uchun axborot-resurs markazining moddiy bazasi yangilandi, yangi adabiyotlar o‘quvchilar ixtiyoriga topshirildi.

Litseyimiz hovlisida tashkil etilgan bog‘ ko‘zni quvontiradigan darajada ko‘rkam qiyofa kasb etdi. Bu go‘zallikka o‘quvchilarimiz ham bee’tibor emas. Kezi kelganda ularning ham bu bog‘ga mehnati singgan.

Litseyimizda o‘quvchilarning ma’naviy dunyoqarashini shakllantirishda ularni bir maqsad sari jipslashtirish niyatida har yili o‘quvchilarimiz bilan birgalikda “Ozod o‘lkam – obod mahallam”, “Yurt ishqida yonib yashayman”, “Yilning eng yaxshi ustozi”, “Vatanni sevmoq iymondandir”, singari ko‘plab tadbirlar o‘tkazib turamiz. Bu yo‘lda nafaqat o‘quvchilarimiz, balki o‘qituvchilar ham faol. Ularning birgalikda ish olib borishi, hamfikrliligini ko‘rib quvonaman. Zero, bu yo‘lda ularning jipsligi ta’lim yo‘lining muhim yutuqlarini belgilab beradi. Bunday yutuqlar bilim dargohida faoliyat yuritib kelayotgan har biri xodimga alohida kuch-g‘ayrat bag‘ishlaydi. Mohir pedagoglarimizning ish uslubi viloyat miqyosida namuna sifatida ommalashtirilgan. Jamoadagi uyushqoqlik, yakdillik, hamkorlik barcha muvaffaqiyatlarning garovidir, desak mubolag‘a bo‘lmas. Agar muassasamizning tarixiy solnomasiga nazar tashlasak, har yili o‘quvchilarimizning turli yutuqlarga erishganiga guvoh bo‘lamiz. Tinib-tinchimas fidoyi pedagoglarning tashabbuskorligi, tashkilotchiligi tufayli ma’naviy-ma’rifiy, madaniy ishlarning barchasi namunali yo‘lga qo‘yilgan. Bu dargohda 530 nafar talabaga, 32 nafar malakali o‘qituvchi ta’lim berib kelmoqda. Muassasamizda ta’lim 4 mutaxassislikka yo‘naltirgan. Xorijiy filologiya, ijtimoiy gumanitar fanlar, tabiiy fanlar, aniq fanlar shular jumlasidandir.

Yana o‘qing:  JAMIYATIMIZ TARAQQIYOTIDA YOSHLARNING O‘RNI

Xalqimizda mehnat qilgan elda aziz deydilar. Bu, albatta, kasbining bilimdonlari-pedagoglarga ham taalluqlidir. Zero, fidoyilik, jonkuyarlik, o‘z kasbiga sadoqat bilan yondashish kishini ana shunday sifatlar bilan alqab o‘tishga undaydi.

Bu dargohda qanday yutuq qo‘lga kiritilmasin, barchasi jamoamizning fidoyiligi va ahilligidandir. Men oilamdan, kasbimdan baxt topgan ayolman. Xoh, shogirdim, xoh hamkasbim bo‘lsin ularning kichik yutug‘idan ham boshim ko‘kka yetadi. Zero, ta’lim samaradorligi yo‘lidagi har qanday yutuq ortida mashaqqatli mehnat bor. Jamoamizning asl yagona maqsadi fidoyi, bilimdon, zukko va albatta sog‘lom va barkamol avlodni kamol toptirishdir.

Nazokat JO‘RAYEVA,

O‘zMU qoshidagi Zangiota akademik litseyi direktori

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: